Jamiyat | 16:50 / 06.04.2019
4478
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston vakili: onalar o‘limi 55 foizga kamaydi

Mamlakatda shoshilinch akusherlik xizmatlari tizimi yaratilishi hisobiga onalar o‘limi 1990 yilga nisbatan 55 foizga kamaydi. Bu haqida «Oila» markazi direktor o‘rinbosari Dilbar Alimjonova BMT sessiyasida so‘zlagan nutqida ma'lumot berdi.

1-5 aprel kunlari AQShning Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Aholishunoslik va taraqqiyot komissiyasining 52-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari Dilbar Alimjonova ham ishtirok etib, mamlakatning oila institutini mustahkamlash borasidagi siyosati haqida nutq so‘zladi. 

Alimjonova sessiya ishtirokchilarini 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar Strategiyasi tarkibiga kiritilgan rejalar va ularning  amalga oshirilish jarayoni bilan tanishtirdi. 

— Harakatlar Strategiyasi doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida oila institutini yanada mustahkamlash, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ta'lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya qilish sohalarida katta islohotlar amalga oshirilyapti. Va har yili bu sohalarga davlat budjetining 50 foizdan ko‘prog‘i sarflanadi.  

Respublikada oila institutini mustahkamlash konsepsiyasi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, aholi reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalar va bolalar, o‘smirlar sog‘lig‘ini saqlash, tug‘ma irsiy kasalliklarni  bartaraf etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda, – degan Dilbar Alimjonova o‘z nutqida.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning mart oyida «Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingan edi. Unga ko‘ra zamonaviy reproduktiv texnologiyalar,  xususan, EKO (sun'iy urug‘lantirish) usuli yordamida bepushtlikka  qarshi kurashish uchun ruxsat berilgan edi.

Mavzuga oid