Tilshunos professor bilan intervyu: til millatning ko‘zgusidir
«Buyuk Kelajak» guruӽi eksperti, Janubiy Koreyaning Pusan chet tillar universiteti professori, amaliy tilshunoslik fani doktori Azamat Akbarov o‘z intervyusida O‘zbekistonda ilm-fanga munosabat, ta'lim tizimi muammolari va tilshunoslikka e'tibor ahamiyati haqida so‘zladi.
— Tilshunos sifatida tilning millat, davlat va jamiyatga ta'sirini qanday tavsiflagan bo‘lardingiz?
— Til bu madaniy hodisadir; shuning uchun har mamlakatning merosi uning tiliga bog‘liq. Ma'lumki, bugungi ingliz tili xalqaro muloqot tili hisoblanadi, u hayotimizning har bir jabhasiga kirib borgan va siyosiy hamda iqtisodiy masalalarni hal etishni osonlashtiradi, desak adashmagan bo‘lamiz. Biroq tilshunos sifatida o‘ylashimcha, har bir mamlakat o‘z tilini saqlab qolishga harakat qilishi kerak, chunki aynan til uni o‘ziga xos qiladi va boshqa mamlakatlardan ajratib turadi. Biz ko‘p tilli dunyoni saqlab qolishni istar edik, chunki har bir tilni o‘rganishimiz bilan biz yangi bilimlarga ega bo‘lamiz, Gyote shunday degan: «Inson nechta til bilsa, u shuncha marta odamdir». Boshqa tarafdan esa bugungi kunda dunyo aholisining katta qismi so‘zlashadigan ingliz tilini bilishga yetarlicha baho bermaslik ham to‘g‘ri emas, chunki u iqtisodiyotning rivojlanishiga yordam beradi. Bu esa o‘z navbatida millat, mamlakat va umuman jamiyat rivojlanishiga yordam ko‘rsatadi. Inson, eng avvalo, muloqot qiluvchi zotdir, shu bois, fikrimcha millatlarning tilini unutmaslik zarur, biroq rivojlanishimiz va komil bo‘lishimiz uchun bir-birimizni tushunish qobiliyatiga ega bo‘lishimiz shart. Butun tarix davomida mamlakatlar ko‘pgina masalalarni yechish uchun bir-biriga ehtiyoj sezgan va umumiy til ularning o‘zaro muloqotini amalga oshirish imkonini bergan.
Tilning millat, davlat, jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni juda muhim, o‘ta zaruriy va dolzarb deb izohlagan bo‘lar edim. Zero, bu tushunchalar o‘zaro dialektik bog‘liq va o‘zaro aloqador tushunchalardir. Millat, davlat, jamiyat taraqqiy qilar ekan, uning tili va tilshunosligi taraqqiy qilib boradi. Davlat, jamiyatdagi o‘zgarishlar birinchi navbatda tilda, xususan, uning leksikasida – lug‘at boyligida o‘z aksini topadi. Modomiki, til ijtimoiy xarakterga ega ekan, ijtimoiy hayotdagi taraqqiyot tildagi taraqqiyotni belgilab beradi. Va o‘z navbatida til va tilshunoslikning taraqqiyoti jamiyat, davlat taraqqiyotiga o‘z ta'sirini ko‘rsatadi... Buning isbotini bugungi kundagi dunyo manzarasidan topish mumkin – qaysi mamlakatda – jamiyatda tinchlik, farovonlik hukm surayotgan bo‘lsa, shu yerda til va tilshunoslik taraqqiy qilyapti va buning aksi bo‘lgan mamlakatlarda til va tilshunoslik rivoji haqida fikr yuritish amrimahol.
Qolaversa, til, avvalo, millatni millat qiluvchi vosita, u millatning ko‘zgusidir. Zero, tilimizda bizning qiyofamiz, ma'naviyatimiz aks etadi, til millat vakilining ma'naviyatini namoyon qiladi. Mustaqillik davrining eng ulug‘ imkoniyat va ne'matlaridan biri bu o‘zbek tilining o‘z yerida obro‘, e'tibor topishi, Davlat tili maqomini olishidir. Bugungi kunda o‘zbek tili milliy mafkuramizning tarkibiy qismlaridan va mustaqilligimizning bosh belgilaridan biri bo‘lib qolmoqda.
— Bir emas, bir necha chet tillarini mukammal bilasiz. Bu tug‘ma qobiliyatmi yoki mashaqqatli mehnat mahsuli? Til o‘rganuvchilarga qanday maslahatlar bera olasiz?
— Chet tilini o‘rganish «yaxshi taassurot qoldiradigan» tarjimai holga ega bo‘lish yoki sayohat qilishda qo‘l keladigan vositadan ham jiddiyroq ahamiyatga ega. U sizni aqlliroq, tez qarorga keluvchi insonga aylantiradi va hatto suhbat olib borish qobiliyatingizni oshiradi. Psixologik tadqiqotlar ham ikki va undan ortiq tilda so‘zlashish afzalliklarini namoyon etmoqda. Ikki tilni biladigan odamning miyasi bir tilda so‘zlashadigan odamnikidan boshqacha ishlaydi. Fransuz tili men o‘rta maktabda o‘rgangan dastlabki chet tili bo‘ldi, va 9-sinfga kelib ingliz tilini o‘rganishni boshladim. Men dars vaqtining eng kamida olti soatini suhbatlashish, intervyu olish metodlarini o‘rganish, o‘qish va taqdimotlar tayyorlash bilan o‘tkazar edim. Har kuni turli kitoblarni o‘qirdim. Ba'zan kishi xayolini butun olam unga qarshi fitna uyushtirgan va chet tilini o‘rganish sening peshonangga yozilmagan degan fikr qamrab oladi. Umidsizliklar vaqt o‘tgan sari yo‘qoladi, muhimi, til o‘rganishga bo‘lgan xohishni yo‘qotmasdan o‘rganishda davom etish zarur. Chet tilini muvaffaqiyatli o‘rganganlar ham bunday o‘y-xayollar bilan kurashadi — chunki shaxsan o‘zim bir ko‘p tillarni o‘rganish jarayonida buni boshdan kechirganman. Men har kuni biror ishni bajarishni qoida qilib olgandim. O‘rganishni boshlagan vaqtdan muttasil so‘zlashish juda muhim va shuning uchun men nisbatan qisqa muddat ichida boshqa tilda benuqson so‘zlashish darajasiga yetdim. Boshqa tilni o‘rganishni boshlashdan oldin, undan oldingi tilda yuqori darajaga erishishga harakat qildim — shu tarzda men shunchalik ko‘p tillarni o‘rganishga muvaffaq bo‘ldim. Afsuski, bugungi kunda qo‘llanayotgan ba'zi til o‘rgatish metodlari talabalarning vaqti va pulini behuda sarflaydigan mashg‘ulotlar, xolos. Til o‘qituvchilari chet tilini o‘rgatishda adabiyotni o‘qish va grammatik qoidalarni batafsil tahlil qilishga emas, balki ko‘proq suhbatlashish ko‘nikma va malakalariga alohida e'tibor berishlarini xohlar edim. Bunday darslarda o‘qish va yozishga asosiy e'tibor qaratiladi, so‘zlashuv va tinglab tushunishga juda kam yoki umuman izchil e'tibor berilmaydi.
— Bugungi kunda taxminan 6000ga yaqin til bo‘lib, faqatgina 100ga yaqini adabiy va milliy til maqomiga ega. Sizning fikringizcha, adabiy til statusiga ega tillar qanday imtiyozlarga ega?
— Adabiy til bu tilning eng maqbul va sof versiyasi hisoblanadi. Odatda, bu til aholining asosiy qismi so‘zlashadigan til emas, chunki odamlar doimo uning turli ko‘rinishlarini kashf qilishadi, biroq adabiy tilning ustunligi shundaki, u hujjatlashtiradi, boshqacha qilib aytganda, sheva bir avlod tarafidan qo‘llanilib boshqa avlod tarafidan unutilganda, adabiy til saqlanib qoladi. Til shevalari mahalliy aholi guruhlariga xos bo‘lib, yozma shaklda saqlanmasdan og‘zaki ravishda o‘tib boradi.
Bugun yer yuzida olti mingga yaqin til va lahja bo‘lsa, ulardan bor-yo‘g‘i yuzga yaqini davlat tili maqomiga ega. Ular orasida o‘zbek tili ham borligi bizning baxtimiz, faxrimizdir. 1989 yil 21 oktyabrda, ya'ni hali sobiq tuzum mavjud bir paytda «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonunning qabul qilinishi o‘zligimizni anglash yo‘lidagi ulkan jasorat bo‘lgan edi. Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida o‘zbek tilining davlat tili sifatida huquqiy maqomi aniq belgilab berildi. Shu tariqa, o‘zbek tili mustaqil davlatimizning bayrog‘i, gerbi, madhiyasi, Konstitutsiyasi qatorida turadigan, qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas timsollaridan biriga aylandi.
O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganiga 30yil to‘ldi, afsuski o‘zbek tili hali ham har tomonlama taraqqiy qilolmadi, davr va texnologiya talabiga monand ravishda to‘la rivojlana olmadi. 21 asrning o‘zgarishlarini yoritish, tahlil qilish talabiga ko‘ra o‘zbek tilshunosligi fani doimo o‘zgarishda, rivojlanishda bo‘lishi kerak edi, lekin buni qay darajada bajara oldi? Zero, barcha davrlar mobaynida o‘zbek tilshunosligining asosiy vazifasi adabiy tilning shakllanish, rivojlanish va takomillashish yo‘llarini, bunda amal qiladigan qonuniyatlar, sabab va imkoniyatlarni tahlil va tadqiq qilishdan iborat bo‘lishi kerak edi.
Qarangki, dunyo xalqlari tarixini, ayniqsa, 20 asrdagi, kuzatar ekanmiz, ne ajabki, ularning ko‘pchiligi o‘z milliy mustaqilligi uchun kurashni o‘z ona tiliga davlat tili maqomini berish uchun kurashishdan boshlashgan. Xususan, Hindiston, Pokiston, Bangladesh kabi Angliyaning, Afrikadagi Fransiyaning, Amerikadagi Ispaniyaning mustamlakalari bo‘lgan davlatlarda mustaqillik yo‘lidagi dastlabki kurash aynan o‘z ona tiliga davlat tili maqomi berish uchun kurashlardan boshlangan. Ammo, afsuski, ularning barchasi ham hali-hanuz o‘z niyatiga erishgan emas. Hozirgacha ham ayrim davlatlarda ingliz, ispan, fransuz va portugal tillari davlat tili hisoblanadi.
— Bugungi kunda ko‘pgina yoshlarning chet tillarni o‘rganishi normal hodisa hisoblanadi, o‘zbek tilini o‘rganayotgan chet elliklarga qanday maslahatlar bergan bo‘lardingiz?
— O‘zbek tili oddiy til emas, u agglyutinativ tillardan biri bo‘lib xushmuomalalikning turli shakllariga egadir. Bu til boshqa tillarda mavjud bo‘lmagan grammatik elementlarga egadir. Shuning uchun ushbu tilni o‘rganayotganlar turli qiyinchiliklarga duch kelishlari mumkin. Chunki, uni o‘zlashtirish asnosida ular nutqning butunlay yangi qirralari bilan to‘qnash kelishadi. Biroq bu bilan ular umidsizlikka tushmasligi zarur, har qanday tilni o‘rganish mumkin va o‘zbek tilini o‘rganish yangi hamda qiziqarli madaniyat bilan tanishishni, boy leksikani o‘rganishni bildiradi. Avvalgi fikrimga qaytib, shuni aytishim kerakki, o‘rganayotgan tilda suhbatlashish uni o‘zlashtirishning eng yaxshi usulidir, men o‘zbek tilini o‘rganayotgan chet elliklarga O‘zbekistonga kelishni taklif qilgan bo‘lardim, bu yerda ular tabiiy go‘zalliklarini ko‘rib, ajoyib madaniyatlardan biri bilan tanishish va uning xushmuomala xalqi bilan tanishishlari mumkin. Bularning barchasi tilni o‘rganish uchun muhimdir.
So‘ngi 2 yil ichida O‘zbekistonning jahon hamjamiyati bilan iqtisodiy va siyosiy aloqalari tobora kengayib bormoqda. Yurtimizdagi investitsiya uchun yaratilgan qulay sharoitlar sababli tadbirkorlar, bankirlar, dunyo sayyohlari uchun eng qiziqarli mamlakatlardan biriga aylanib bormoqda. Mana yaqinda internetda nufuzli sotsiologik tadqiqot markazlarining xulosalari asosida dunyoning borib ko‘rish zarur bo‘lgan eng jozibali 50ta shahari e'lon qilindi. Bu ro‘yxatda Samarqand shahri eng oldingi o‘rinlarda turibdi. Shunga ko‘ra, dunyo xalqlari orasida o‘zbek tilini o‘rganishga ehtiyoj va e'tibor ortishi mumkin. Yaponiya, Xitoy, Koreya yoshlarining o‘zbek tiliga bo‘lgan qiziqishlari va imkoniyatlari kuchli, ular sof o‘zbek tilida nutq tuzish imkoniyatiga ega. Garchi AQSh va Yevropa yoshlari, slavyan xalqlari vakillari o‘zbek tiliga xos bo‘lgan spetsifik tovushlarni to‘liq va to‘g‘ri talaffuz qila olmasalar-da, ularda ham o‘zbek tilini o‘rganishga ehtiyoj kuchli. Ularning ko‘pchiligi O‘zbekistonga kelib ta'lim olishi mumkin, lekin buning uchun Ӯzbekistonda oliy ta'limni rivojlantirishimiz kerak. Shuningdek, 10dan ortiq - AQSh, Koreya, Xitoy, Yaponiya, Turkiya, Ukraina, Rossiya, Ozarboyjon kabi xorijiy universitetlarda ham o‘zbek tili fan sifatida «Sharq tillari» kafedrasidagi fanlar sirasida o‘qitiladi. O‘zbek olimlar bu ta'lim maskanlari bilan hamkorlik qilib, o‘zbek tili bo‘yicha darslik va o‘quv qo‘llanmalarini yozishni boshlashlari kerak.
— Chet tilini o‘rganishda qanday yondashuvlarni taklif qilgan bo‘lardingiz?
— Men bevosita til o‘rgatish usuli bilan birgalikda chet tilini kommunikativ o‘rganish usulini taklif qilgan bo‘lardim. Ushbu ikki yondashuv asosan o‘rganilayotgan tilda so‘zlashishni nazarda tutadi, bu, fikrimcha, chet tilini o‘zlashtirishda asosiy ahamiyatga ega. Grammatikani o‘rganish muhimdir, biroq o‘rganuvchi butun grammatikasini bilishi lekin so‘zlay olmasligi mumkin, shuning uchun men ushbu ikki nazariya tarafdoriman, chunki ular o‘rganayotgan tilni sinfda o‘rganishga ko‘maklashadi. Sinfdagi o‘tkazilgan ko‘pgina darslar kuzatuvi jaryonida shu narsa aniqlandiki, o‘quvchilar qoniqishini namoyon qilganlar, chunki ular chet tilida so‘zlashish qobiliyatini o‘zida his qilganlar. Albatta, bu narsa boshida qiyin ish, biroq qunt bilan mehnat qilish o‘z mevasini berishi aniq. Shunday qilib, siz chet tilini sinfda o‘rganasizmi yoki uning tashqarisidami, ushbu ikki yondashuv eng yaxshi natijalarga olib keradi.
— O‘zgarishlar jadal sur'atlar bilan amalga oshayotgan dunyoda yashashimizni hisobga olsak, ta'limning qaysi turini tavsiya qilgan bo‘lardingiz?
— Muqobil maktablar va uydagi ta'lim talabalarning o‘zini o‘zi rivojlantirishga ko‘mak ko‘rsatadi va o‘quvchiga yo‘naltirilgan hisoblanadi. Ular o‘rganuvchilarga olamni o‘rganish uchun yetarlicha joy taqdim qiladi, ya'ni ular qiziqqan narsasini istagancha o‘rganishlari mumkin. Biroq bunday ta'limnnig ayrim kamchiliklari mavjud. Uyda o‘rganish o‘quvchini jamiyatdan ajratib qo‘yadi va kelgusida uning hayotida ijtimoiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Muqobil mamlakatlar o‘quvchilarga tanlovda shunday kengliklar yaratishi mumkinki, ular ta'limning asosiy joylarini o‘tkazib yuborishlari mumkin. Texnologiyalar tez sur'atlar bilan rivojlamoqda va bu ta'limga katta ta'sir ko‘rsatmoqda. Masofali ta'lim, IKT vositalaridan foydalanish, bugungi kunda daftar va kitoblarning o‘rnini bosayotgan ba'zi elementlar hisoblanib bugungi kunda ta'lim jarayonida foydalanib kelinmoqda. Boshqa tarafdan shunday maktablar borki, ular ta'lim uchun boshqa muhitni taklif qiladi va maqsadlarni ko‘zlaydi. Men bir ta'lim shakli boshqasidan yaxshiroq deya olmayman, chunki ularning hammasi agar to‘g‘ri va oqilona qo‘llanilsa, foyda keltirishi mumkin. Texnologiyalarni suiiste'mol qilish mumkin emas, talabalar o‘zlariga qiziqarli masalalarda qarorlar qabul qilishda ishtirok etishlari kerak, ta'lim rag‘batlantirilishi lozim, to‘liq shaxs sifatida shakllanish uchun amaliy bilimlarga ega bo‘lishlari lozim.
— Fikringizcha, bugungi kunda olimlar tilning qaysi bo‘limini tadqiq qilishlari kerak?
— Tilning barcha tamoyillari bir xildek muhimdir va ularning hammasi o‘rganilishi shart, chunki hech bir til to‘liq o‘rganib chiqilmagan va unda doimo qandaydir yangi qirrasi chiqadi va u ochilishi kerak. Men ayniqsa tilni o‘zlashtirish va toifalashtirishda kognitiv tamoyillarni o‘rganishga qiziqaman. Fikrimcha, miya va uning til bilan bog‘liqligi yaqin bir necha yillardagi tadqiqotning asosiy obektiga aylanadi, chunki bugungi kunga qadar qilingan kashfiyotlar ajabtovur hisoblangan. Shuningdek, yangi va oxirgacha o‘rganilmagan sohalardan biri bu neyrolingvistika hisoblanadi. Miya sirli bir narsa hisoblanadi va agar uni til bilan ko‘rib chiqadigan bo‘lsak hali javobi topilmagan ko‘pgina savollar tug‘iladi. Shuning uchun tilshunos olimlar tilni qanday idrok etishimiz, qanday suhbatlashishimiz, grammatikani qanday o‘rganishimizni tadqiq qilishlari kerak. Texnologiyalarning rivojlanishi bilan yaqin yillarda ushbu hodisalarning mohiyatini chuqur bilib olsak, ajab emas. Bugungi kunda barcha tilshunoslar shu narsada yakdilki, odamlar so‘zlashadigan tilni bilish bu abstrakt predmetni bilishdir. Bunday bilim konkret tovushlar, so‘zlar va jumlalarni bilishdan ko‘ra ovoz chiqarib aytishning va tovushlar ko‘llanilishining qoidalarini, yo‘llarini va usullarini bilish hisoblanadi. Bu tilga nima tegishli va nima tegishli emasligini bilishdir, nimani aytsa bo‘ladi va nimani aytsa bo‘lmaslikni bilishdir. Bu avval eshitmagan jumlalarni qanday tushunishimizni tushuntirib beradi va boshqalar grammatik jihatdan noto‘g‘ri ekanliklarini rad qilishni ko‘rsatadi. Odamlar orasida bir tilda muloqot qilish qachon mumkin, qachonki ular ushbu tilni o‘zaro tushunishsa; biroq ushbu til ular tarafidan qanday tushunilishi, qanday o‘zlashtirilishini tushunish murakkab masaladir. Albatta, bu yerda psixologik, ijtimoiy va genetik omillar muhim o‘rin egallaydi. Til umumiy foydalanish predmeti hisoblanadi va bir vaqtning o‘zida abstrakt mohiyatga ega. Alohida odamlar doimo tildan foydalana oladilar va uni to‘g‘ri foydalanish orqali namoyon qila oladilar. Ko‘rib turganimizdek, «to‘g‘ri qo‘llash» konsepsiyasiga juda keng qamrovli ko‘nikma va harakatlar kiradi.
— Fikringizcha, tilning qaysi jihati o‘rganilishi kerak – nazariymi yoki amaliy?
— Amaliyot nazariyasiz ahamiyatga ega emas, nazariya esa amaliyotsiz abstrakt bo‘lib qoladi. Ushbu jihatning ikkalasi ham muhim hisoblanadi. Tadqiqot markazida tilning miyada shakllanishi va toifalanishi bo‘lishi kerak. Texnologiyalar rivojlanishi bilan til o‘zlashtirilishining amaliy jarayonini miyada nima yuz berayotganini o‘rganish imkoni tug‘iladi. Shuningdek, til o‘rganish tabiatiga nisbatan va uning so‘zlashuvchilar bilan bog‘liqligiga nisbatan qator savollar tug‘iladi. Biroq til sohasi ulkan va asosiy qismi o‘rganilmagan hisoblanadi, shuning uchun har bir kashfiyot til tadqiqoti sohasiga qo‘shilgan ulkan hissa bo‘ladi.
— Boshqa mamlakatlarning ham ta'lim tizimini puxta bilgan mutaxassis, ekspert sifatida aytingchi, O‘zbekiston ta'lim tizimining yutuq va kamchiliklari nimalardan iborat?
— Oliy ta'lim siyosati umr bo‘yi ta'lim olishning kalitidir va bu fikr ko‘plab mamlakatlarda yoshi katta aholi sonini tobora oshayotgan sharoitda alohida ahamiyat kasb etadi. Tinmay rivojlanib borayotgan global iqtisodiyot sharoitida iqtisodiy raqobatni ilgari surish asosiy omillardan biridir. U ijtimoiy yakdillik va farovonlikka olib keladi. Dunyo mamlakatlarida oliy ta'lim muassasalari global raqobatga dosh beradigan ko‘nikma va malakalar tadqiqotlar asosini olib borish va jamiyat foydasi uchun bilimlar berishini takomillashtirish zarurati kundan-kunga oshib bormoqda. So‘nggi ikki yil ichida O‘zbekiston oliy ta'lim tizimida ulkan ijobiy o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Shunday bo‘lsa-da, hali o‘zbekistonliklarga mehnat bozoriga kerakli kasb ko‘nikmalarini o‘rgatish hamda tadqiqotlar va innovatsiyalar orqali iqtisodiy rivojlanishga yordam berish borasida bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘p. Keyingi ikki yil ichida oliy ta'lim tizimida mamlakat iqtisodining boshqa sohalariga mos ravishda bir qator o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. O‘qitish dasturlari qayta ko‘rib chiqilishi, ularga o‘zgarayotgan mehnat bozori sharoitlarini hisobga olgan holda o‘zgartirishlar kiritilishi lozim. Bundan tashqari, yangi ta'lim resurslari, asosan darslik kitoblar o‘zbek tiliga tarjima qilinib, eski adabiyotlarning o‘rniga joriy qilinishi lozim.
— O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi oliy ta'limni internatsionalizatsiyalashtirishni ustuvor vazifa qilib belgilashi lozim. Universitetlarga uzoq muddatga mo‘jallangan loyihalarni ishlab chiqishda avtonom mustaqillik berilishi lozim, chet ellardan mutaxassislarni taklif qilish uchun vazirlikdan ruxsat olish uchun yoki xalqaro konferensiya tashkil qilish uchun oylab kutib turish kerakligini bir tasavvur qilib ko‘ring. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bir qator iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar boshlashi evaziga O‘zbekiston dunyoga o‘z eshiklarini ochayotgan bir vaqtda bunaqa holatlar bo‘lmasligi lozim deb o‘ylayman. Biz milliy ta'lim dasturlarimizning xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinishi, dunyo bo‘ylab sifatli ta'lim olish imkoniyatini oshirish, milliy ta'lim tizimi sifatini yanada yaxshilash hamda kredit to‘plashga asoslangan tizimni barpo qilish va O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari diplomiga Yevropa Ittifoqi qo‘shimcha sertifikati qo‘shib berish yo‘li bilan talaba va o‘qituvchilarning ta'lim mobilligini oshirishga erishishimiz lozim. Biz sifatli ta'lim olish imkoniyatlarini paydo qilib inson kapitalini rivojlantirish yo‘li bilan ta'limning raqobatbardoshligiga e'tibor berib, uni kuchaytirishimiz lozim; aks holda universitetlar sifatga e'tibor bermasdan subsidiya yordamini olaveradilar.
— XXI asrda ta'limning qaysi shaklini eng maqbul shakl deb hisoblagan bo‘lar edingiz?
— Bu savolga hammaga maqbul bo‘ladigan javobni topish qiyin. Sinfga kirgandan so‘ng har bir o‘qituvchi o‘z uslubini tanlaydi va ta'lim sub'yektivlik kasb etadi. Ammo, shunga qaramay, bir nechta umumiy tavsiyalar borki, XXI asr ta'lim tizimida ularga rioya qilish zarur bo‘lar edi. Biz juda ulkan imkoniyatlar va murakkabliklar davrida yashamoqdamiz, shunga ko‘ra, bizning pedagog sifatidagi vazifamiz ijodiy, kreativ tafakkurli, intellektual, milliy mentalitet va universal dunyoqarashli yoshlarni tarbiyalashdir. Bizning metodlarimiz maqsadlarimizni ifoda qilishi, muloqot, kuchli tafakkur asosida berilgan vazifalarni yechish, umumlashtirish imkoniga ega bo‘lgan dinamik va faol auditoriyani tarbiyalashi zarur. «Raqamli dunyo avlodlari» obrazli nomiga ega bo‘lgan, texnologiyalarga bilan yaqin do‘st bo‘lib ulg‘aygan hozirgi davr talabalariga ta'lim va tarbiya berish modernizatsiyaga muhtoj. Asosiy maqsadi yangi ma'lumotlarni berishga yo‘naltirilgan ta'lim endi yo‘q. XXI asr ta'limi bilimlarni shakllantirishga yo‘naltirilgan bo‘lishi zarur.
— Hayotingizda erishgan qaysi yutuqlaringizdan faxrlanish hissini tuyasiz? Yana nimalarga ulgurishim mumkin edi deb o‘ylaysiz?
— Inson ta'lim olish jarayonida va ijtimoiy hayotida yuzlab to‘siqlarga uchrab qoqiladi va yiqiladi. Shunday bo‘lsa-da, hayotning ushbu ikki jabhasidagi holatlarni bitta muammo deb qaramaslikka harakat qilish juda muhim. Xatoga yo‘l qo‘yishimiz tabiiy va hissiyotlar va aql orasida muvozanatga erishish uchun vaqt va sabr kerakligi sababli ba'zan xatolarimizni darhol tuzata olmaymiz. Bunday holatlarda inson o‘z e'tiqodi va o‘ziga bo‘lgan ishonchini, xususan, ko‘p yillar davomida asta-sekinlik bilan erishgan reja va orzular ushalgani hissini yo‘qotmasligi lozim! Bular Xudo bergan har kuni o‘zingizdan g‘ururlanishingiz uchun atigi bir necha sabablar xolos! Nyu-York shahrida 1989 yilda tug‘ilgan Aliya Sabur materialshunos olima. U 18 yoshida bundan 300 yil oldin o‘rnatilgan rekordni bekor qilgan dunyodagi eng yosh professor mavqeiga erishgan rekord sohibasi hisoblanadi. Oldingi rekord sohibi esa 1717 yilda Aberdin Universiteti tomonidan matematika fanidan professorlikka tayinlangan buyuk Isaak Nyutonning shogirdi Kolin Maklorin bo‘lgan. Bu fakt insonning barcha og‘ir mehnati sa'y-harakatlari o‘z iqtidor va aqliy qobiliyatlaringiz darajasiga erishishga yordam berishini namoyish etadi. Men ham ko‘p natijalarga erishdim, ammo men uchun eng muhimi, dotsentlik va professorlik unvonlarini chet mamlakatda olgan eng yosh o‘zbekistonlik olimlardan bo‘lganimdir. 38 yoshimda, menga to‘la professorlik unvoni berildi va bu O‘zbekiston ta'lim muvaffaqiyatining yaxshi ko‘rsatkichidir. Men 14ta doktorlik dissertatsiyasi va 40ta magistrlik ishlariga ilmiy rahbarlik qildim. Bu kabi yutuqlarimdan faxrlanaman.
Azamat Akbarov 1977 yil Samarqand shahrida tavallud topgan. Samarqand davlat chet tillari institutining ingliz filologiyasi yo‘nalishini tamomlagan. 2003 yili Shvetsiyaning Dalarna universitetida siyosatshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha ikkinchi magistr ilmiy darajasini qo‘lga kiritgan. 2009 yili Janubiy Koreyada ingliz tilshunosligi yunalishida doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan. 1999-2001 yillarida Samarqand davlat chet tillar institutida faoliyat yuritgan. 2004-2006 yillarida Janubiy Koreyaning Pusan chet tillar universitetida O‘rta Osiyo tadqiqotlari fakultetida o‘zbek tili, tarixi, madaniyati yo‘nalishida dars berdi. Janubiy Koreyada ilk bor o‘zbek tilini o‘rganayotgan koreys talabalari uchun 200 betlik darslikka mualliflik qildi, bu kitob hali ham ushbu mamlakatda yagona o‘zbek tili darsligi hisoblanadi. 2009 yildan 2016 yilgacha Bosniya va Gersegovina poytaxti Sarayevo shahridagi xalqaro Burch universitetida «Ingliz tili va adabiyoti» kafedrasi mudiri, Pedagogika fakulteti dekani, ushbu universitetning (2012-2016) ilmiy ishlar va xalqaro munosabatlar bo‘yicha prorektori lavozimida faoliyat yuritdi. 2016 yildan 2018 yilgacha Al Forobiy nomidagi Qozoq milliy universiteti umumiy tilshunoslik va yevropa tillari kafedrasi professori lavozimida ishlab keldi. 2018 yil sentyabrdan Janubiy Koreyaning Pusan chet tillar universitetida sharqshunoslik fakulteti professori lavozimida ishlab kelmoqda. A.Akbarov faoliyati davomida xalqaro andozalarga mos loyihalari bilan dunyo tilshunoslarining diqqat-eʼtiborini jalb etdi. 2014-2016 yillari xalqaro amaliy tilshunoslar assotsiatsiyasining vitse-prezidenti, 2014-2016 yillari Bosniya va Gersegovina amaliy tilshunoslar assotsiatsiyasining prezidenti, 2016-2018 yillari Qozog‘iston amaliy tilshunoslar assotsiatsiyasining prezidenti bo‘lgan.
So‘nggi 20 yil davomida 70 dan ortiq davlatda o‘tkazilgan ilmiy konferensiya, simpozium va seminarlarda qatnashib, 180dan ortiq maqola, 30ta kitob nashr qildi, 15ta loyiha ustida ishladi. 10dan ortiq xalqaro tilshunoslik (amaliy, kognitiv) va tarjimonlik assotsiatsiyasi a'zosi. Hozirgi kungacha 45ta magistr va 13ta doktorantga ilmiy rahbarlik qildi. «Xorijiy tillarni o‘rgatish va amaliy tilshunoslik» xalqaro ilmiy-nazariy jurnal bosh muharriri. 2011 yildan bugungacha 9 marta tashkillashtirilgan «Xorijiy tillarni o‘qitish va amaliy tilshunoslik» xalqaro konferensiyasining tashkiliy qo‘mitasi raisidir. May oyining 2-3 kunlari ilk bor Ӯzbekistonda o‘tkaziladigan ushbu tabdirda 50dan ortiq davlatlardan 300ga yaqin ishtirokchi qatnashadi.
Mavzuga oid
14:44 / 17.06.2022
SOS: O‘zbek tilidagi xorijiy atoqli nomlar va so‘zlar imlosida hanuz yakdillik yo‘q
17:37 / 18.02.2021
O‘zbekistonlik tilshunos olim YuNESKO mukofotiga sazovor bo‘ldi
20:18 / 20.11.2019
«Ona tili ta'limi tilshunoslik iskanjasida». Professor darsliklarni isloh qilishga chaqirdi
20:31 / 18.10.2019