O‘zbekiston | 20:31 / 18.10.2019
17044
4 daqiqa o‘qiladi

«Qonunlar o‘zimizniki bo‘lishi uchun o‘zbek tilida yozilishi lozim» - Toshkentda tilshunoslik konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

Bugun, 18 oktabr kuni O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasida «O‘zbek tilshunosligining dolzarb muammolari» mavzusida O‘zFA o‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, Yozuvchilar uyushmasi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan ilmiy-nazariy konferensiya tashkil etildi.

Konferensiyada so‘zga chiqqan prezident maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov va Fanlar akademiyasi prezidenti Behzod Yo‘ldoshev Davlat tili to‘g‘risidagi qonunning o‘sha davrda qanchalik qiyinchilik bilan bo‘lsa-da qabul qilinishi to‘g‘ri bo‘lganini ta'kidlab, soha olimlariga ilmiy izlanishlarida muvaffaqiyatlar tiladi.

Qonunlar rus tilida yozilib, o‘zbek tilida tarjima qilinmoqda

Konferensiya yalpi majlisida shuningdek, tilshunos olimlarning ma'ruzalari tinglandi. Filologiya fanlari doktori Shuhrat Ko‘chimov «Mustaqillik davrida o‘zbek tili rasmiy ish uslubi va uning taraqqiyoti» ma'ruzasida o‘zbek tilining rasmiy ish uslubi eng nozik jihatlaridan, og‘riqli nuqtalaridan ekanini aytib o‘tdi. Bu sohada bir qancha ishlar, jumladan, ayrim atamalar o‘zbekchalashtirilgani, devonxona hujjatlari o‘zbek tilida yuritilishi qayd etildi.

Shu bilan birga, ba'zi qonun hujjatlari rus tilida yozilib, keyin o‘zbek tiliga tarjima qilinayotgani kamchilik sifatida ta'kidlandi.

«Qonunlar albatta davlat tilida ishlab chiqilishi, davlat tilida muhokama qilinishi va davlat tilida qabul qilinishi kerak», — deya Shuhrat Ko‘chimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Bundan tashqari, yuridik terminlarda sinonimik holat kuchayib ketayotgani ham aytib o‘tildi. Misol uchun, rus tilidagi «ispolnitelnaya vlast» birikmasi «ijro hokimiyati», «ijro etish hokimiyati», «ijro etuvchi hokimiyat»;  yoki «pokazaniye» so‘zi «ko‘rsatuv», «ko‘rsatma», «ko‘rgazma», «guvohlik», «so‘roq berish» kabi sinonimlar bilan qo‘llanayotgani keltirib o‘tildi.

O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori filologiya fanlari doktori, professor Nizomiddin Mahmudov ham ishlab chiqilayotgan qonunlar o‘zimizniki bo‘lishi uchun o‘zbek tilida yozilishi kerakligini qo‘shimcha qilib o‘tdi.

«Chunki til va tafakkur birligi bilan qilingan ishda o‘sha xalqning o‘ziga xos jihatlari aks etadi», dedi olim.

Konferensiya «Hozirgi globallashuv davrida o‘zbek tili vazifaviy uslublarining taraqqiyoti», «O‘zbek tilshunosligining nazariy masalalari» va «O‘zbek tili ta'limining dolzarb muammolari» kabi sho‘'balarda davom ettirildi. Sho‘'balarda respublikaning barcha hududlaridan kelgan tilshunos olimlar ma'ruzalari bilan qatnashdi.

Ma'ruzalar tugagach, yalpi majlis va sho‘'balarda ko‘rilgan masalalar yuzasidan taklif va tavsiyalar muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Mavzuga oid