O‘zbekiston | 08:59 / 10.04.2019
15119
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy O‘zbekiston ishtirok etayotgan loyihaga qo‘shilishga tayyor ekanini bildirdi

2019 yilning 8 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev Pekin shahrida Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Den Siszyun bilan uchrashdi.

Foto: TIV axborot xizmati

TIV xabariga ko‘ra, suhbat chog‘ida Afg‘onistondagi hozirgi holat va mamlakatda mustahkam va uzoq muddatli tinchlik o‘rnatishga yo‘naltirilgan afg‘onlararo tinchlik muloqotini boshlash istiqbollari yuzasidan fikr almashilgan.

Ta'kidlanganidek, O‘zbekiston va Xitoy ko‘p yillik mojaroni hal etish borasidagi xalqaro hamjamiyat sa'y-harakatlarini birlashtirishni muhim ahamiyat ega deb hisoblaydi.

Uchrashuvda Afg‘oniston yo‘nalishidagi ikki davlat hamkorligini mustahkamlash, jumladan Termiz shahridagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta'lim markazi faoliyatida Xitoy tomonining ishtirok etishi, turli jabhalarda boshqa qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Xitoy tomoni O‘zbekistonning energetika, transport, logistika va ta'lim sohalaridagi turli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha sa'y-harakatlarini yuqori baholab, o‘zining «Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar» temir yo‘lini qurish loyihasini ishlab chiqishga qo‘shilishga tayyorligini bildirdi. Shu munosabat bilan Den Siszyun O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan, butun mintaqaga mo‘ljallangan, keyinchalik Janubiy Osiyo davlatlariga chiqish imkoniyatini beruvchi mintaqaviy transport infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan loyihaning ahamiyatini alohida ta'kidladi.

Suhbatda Bishkek shahrida bo‘lib o‘tadigan «ShHT - Afg‘oniston» muloqot guruhining yig‘ilish kun tartibiga kiritilishi rejalashtirilayotgan masalalar ham ko‘rib chiqilgan.

Bundan oldin, O‘zbekiston va Xitoy Afg‘oniston bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazishi xabar qilingandi.

Mavzuga oid