Jamiyat | 19:59 / 11.04.2019
38697
3 daqiqa o‘qiladi

«Jasur Ibrohimov ishi»da aybdor deb topilgan shaxs ozodlikka chiqdi

Marhum Jasur Ibrohimov ishida aybdor deb topilgan Borovskiy nomidagi Tibbiyot kolleji sobiq talabasi Islombek To‘laganov ozodlikka chiqdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri Bosh prokuratura ma'lumotiga tayangan holda xabar bermoqda.

O‘zR JKning 89-moddasida, 18 yoshga to‘lmasdan jinoyat sodir etgan shaxs tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazo muddatining kamida uchdan bir qismini o‘tasa, jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinishi, JKning 90-moddasida jazo muddatining kamida to‘rtdan bir qismini o‘tasa jazoning o‘talmagan qismi yengilrog‘i bilan almashtirilishi mumkinligi belgilangan.

Ma'lum qilinishicha, To‘laganov 4 yil 5 oy va 15 kun axloq tuzatish ishlariga, oylik maoshining 20 foizi davlat hisobiga o‘tkazish sharti bilan ozodlikka chiqqan.

2017 yil 31 may kuni Mirobod tuman IIB TB tomonidan Islombek To‘laganovga nisbatan JKning 105-moddasi 1-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari Toshkent shahar prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan o‘tkazilgandi. 

Ish hujjatlariga ko‘ra, o‘sha vaqtda voyaga yetmagan I.To‘laganov 2017 yil 3 may kuni soat 14-00 larda Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji hududida ushbu kollej o‘quvchisi Jasur Ibrohimov bilan o‘zaro janjallashib, so‘ngra taxminan soat 14:20 larda 145-maktabning orqa tomonidagi garajlar oldiga birgalikda kelishib, shu yerda To‘laganov Ibrohimovning bosh, qorin va hayoti uchun muhim bo‘lgan boshqa sohalariga qo‘l va oyoqlari bilan urib, unga hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohatlari yetkazib, uning o‘limiga sababchi bo‘lgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining 2017 yil 30 oktyabrdagi hukmiga ko‘ra, I.To‘laganov JKning 104-moddasi 3-qismi “d” bandi bilan aybdor deb topilib, JKning 85-moddasi tartibida 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

JKning 85-moddasida 16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga og‘ir jinoyati uchun 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi belgilangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasining 12.01.2018 yildagi ajrimi bilan hukm o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Mavzuga oid