Iqtisodiyot | 11:39 / 15.04.2019
11868
5 daqiqa o‘qiladi

Davlat korxonalari soliqlardan tashqari yana nimalarni to‘laydi?

Foto: Fotolia

Aksiyadorlik jamiyatlarining davlat ulushlari bo‘yicha hisoblangan dividendlarni va davlat unitar korxonalarining sof foydasidan ajratmalarni budjetga undirish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasi e'lon qilindi.
  
Har qanday mulkdor singari, davlat ham o‘z mulkidan dividendlar olishga haqli. Davlat ishtirokidagi korxonalar xususiy biznes kabi soliq to‘laydi. Biroq soliqlardan tashqari, davlat korxonasi yoki davlat ulushiga ega bo‘lgan korxona foydasining bir qismi dividendlar tarzida budjetga kelib tushishi kerak, deb yozadi Norma.
 
Ilgari davlat korxonalarining sof foydasidan ajratmalar miqdori maxsus Komissiya tomonidan belgilangan, u mazkur masalani yakka tartibda hal qilgan. 2019 yil fevral oyining oxiridan davlat korxonasining sof foydasidan ajratmalarning yagona miqdori 30% miqdorida etib belgilandi (VMning 16.10.2006 yildagi 215-son qaroriga 1-ilovaning 12-bandi).  
 
Yuqorida ko‘rsatilgan yangiliklardan tashqari, Prezidentning 26.06.2018 yildagi PQ–3802-son qarori 7-bandi bilan davlat soliq xizmati organlariga davlat ulushlari bo‘yicha dividendlarni va davlat unitar korxonalarining sof foydasidan davlat budjetiga ajratmalarni undirish huquqi berilgan. 
 
Biroq yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlarda ushbu ajratmalarni hisoblash va to‘lash tartibi, nazorat va tegishli sanksiyalar belgilanmagan edi. Endi shu va boshqa masalalarni Aksiyadorlik jamiyatlarining davlat ulushlari bo‘yicha hisoblangan dividendlarni va davlat unitar korxonalarining sof foydasidan ajratmalarni budjetga undirish tartibi to‘g‘risidagi nizom bilan tartibga solish taklif qilinmoqda.
 
Loyihada ustav kapitalida davlat ulushiga ega xo‘jalik jamiyatlari va davlat unitar korxonalari to‘g‘risidagi axborotlarni almashish tartibi belgilangan. Xususan, DSQ Davlat xizmatlari agentligi va Markaziy depozitariydan olgan axborot avtomatlashtirilgan rejimda hududiy soliq organlariga uzatiladi, ular 5 ish kuni mobaynida quyidagilarni hisoblaydilar:

• ustav kapitalidagi davlat ulushi 50% va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlarining sof foydasidan 30% miqdoridagi dividendlar summasini;
• davlat unitar korxonalarining sof foydasidan 30% miqdoridagi ajratmalarni.
 
Ustav kapitalidagi davlat ulushi 50%dan kam bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari bo‘yicha sof foydadan dividendlar amaldagi qonunchilikka muvofiq hisoblanishi kerak (Soliq kodeksining 156-moddasi).
 
Har qanday davlat ajratmasi (soliq) bo‘yicha bo‘lganidek, loyihada sof foydadan ajratmalar hisob-kitobini taqdim etish, hisob-kitobni taqdim etish davriyligi, to‘lash muddatlari, ajratmalarni budjetlarga yo‘naltirish tartibi keltirilgan:  

• loyihada davlat korxonalarining sof foydasidan ajratmalar bo‘yicha hisob-kitoblarning shakllari belgilangan;
• ajratmalarning hisob-kitoblarini taqdim etish muddatlari – davlat budjetiga dividendlarni hisoblash to‘g‘risida qaror qabul qilingan oydan keyingi oyning 25-sanasidan kechiktirmasdan;
• ajratmalarni to‘lash muddatlari – davlat budjetiga dividendlarni hisoblash to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan boshlab 60 kun mobaynida;
• korxonadagi davlat ulushi mahalliy boshqaruv organlariga (hokimliklarga) tegishli bo‘lsa, sof foydadan ajratmalar mahalliy budjetlarga yo‘naltiriladi.
 
Sof foydadan ajratmalarni to‘lash muddatlari ular bo‘yicha hisob-kitoblarni topshirish muddatlaridan – ya'ni davlat budjetiga dividendlarni hisoblash to‘g‘risida qaror qabul qilingan oydan keyingi oyning 25-sanasidan kechikmasligi kerak.
  
To‘lov kechiktirilgan taqdirda har bir kechiktirilgan kun uchun Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasidan kelib chiqib penya hisoblanadi. Sof foydadan ajratmalar soliqning o‘zi ekanligini inobatga olgan holda Soliq kodeksida barcha soliqlar va to‘lovlar uchun belgilangan penya miqdori qabul qilinishi kerak – Soliq kodeksining 120-moddasi.
 
Loyihada sof foydadan ajratmalarning hisoblab chiqarilishi va to‘lanishi ustidan nazorat ham aks ettirilgan:

• sof foydadan ajratmalar bo‘yicha yuzaga keladigan qarzdorlik qonun hujjatlarida belgilangan tartibda majburiy ravishda undiriladi. Soliqlar va to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlikni majburiy ravishda undirish tartibi Soliq kodeksida belgilanganligi munosabati bilan sof foydadan ajratmalarni qonun darajasida soliqlar yoki to‘lovlarga tenglashtirish zarur;
• sof foydadan ajratmalarning to‘g‘ri hisoblanishi va to‘lanishini davlat soliq xizmati organlari belgilangan tartibda kameral nazorat tizimi orqali tekshiradilar. Bunda ham, barcha to‘lovchilar uchun bo‘lganidek, soliq nazoratining barcha turlari – sh.j. hujjatli tekshiruvlar belgilanishi lozim.
 
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Mavzuga oid