Jahon | 16:15 / 16.04.2019
29992
8 daqiqa o‘qiladi

Notr-Dam-de-Pari navbatdagisi: tarixdagi ulkan yong‘inlar

Foto: AFP 2019 / Francois Guillot

Xalqimizda “o‘t balosidan asrasin” deb duo qilinishi bejizga emas. Yong‘inlar hamisha kutilmaganda bo‘lgan va ulkan talofatlar keltirgan. Parijdagi butun dunyoga mashhur Notr-Dam-de-Pari – Muqaddas ona cherkovida yuz bergan yong‘in sabab tarixda yuz bergan va osori-atiqalarga qattiq ziyon yetkazgan yoki kultepaga aylantirgan ulkan yong‘inlarni yodga olamiz.

Buyuk Rim yong‘ini

Bu qadimiy va muazzam shahar 64 yilda uzluksiz 5 kun yondi. Yong‘in ataylab uyushtirilgani taxmin qilindi va imperator Neron shaharda ulkan qasr qurish niyatida ekanligi yoki xristianlar fitnasi deb qaraldi. Ulkan yong‘in natijasida Rimning 14 tumanidan 10tasi butunlay yonib ketdi. Imperator Neron chindan ham ochilgan maydon o‘rniga serhasham qasr qurdi, ammo undan ko‘p foydalana olmadi, hokimiyatdan chetlatildi.

Artemida yong‘ini – Gerostrat qilmishi

Tarixdagi barcha yong‘inlar ham baxsiz hodisa yoki dushmanlar hujumi tufayli yuz bermagan. Miloddan avvalgi 356 yilda Efes shahrida yashab o‘tgan Gerostrat ismli shaxs tarixda o‘z nomini muhrlab qo‘yish uchun chora izlaydi va eng oson hamda qabih yo‘lni tanlaydi – muqaddas Artemida ibodatxonasini yoqib yuboradi. Uni tutganlarida “men qildim, buni men qildim” deya hayqiradi. Sudda u o‘z aybini yana bir bor tan olib, buni tarixga kirish va avlodlar eslab yurishi uchun qilganini aytadi. Sud Gerostratni o‘ziga xos jazo – unutilishga hukm qiladi. Ammo aybdor jazolarga qaramay maqsadiga erishadi, tarixga muhr etiladi. Hozirga qadar ham bema'ni qilmishlar Gerostrat qilig‘iga mengzaladi.

London, 1212 va 1666 yillar

Angliya dunyo bo‘ylab cheksiz hududlarni egallaganiga qaramay o‘z poytaxtida yer hamisha tanqis bo‘lgan va binolar juda zich qurilgan. 1212 yildagi yong‘in haqida ko‘p ma'lumotlar saqlanmagan, lekin shunisi aniqki shaharning to‘rtdan uch qismi yonib ketgan va 3 mingdan ortiq inson nobud bo‘lgan.

Ammo 1666 yildagi yong‘in haqidagi ma'lumotlar mufassal yozib qoldirilgan. Bu yong‘in avvalgisiga nisbatan ancha kuchli kechgan va 13 200 dan ortiq uy va binolar yonib bitgan. 4 kun davom etgan yong‘in ta'sirida shaharning asosiy qismi kulga aylangan, ammo eng qizig‘i bor-yo‘g‘i 6 kishi o‘lgani qayd etilgan. Yong‘inning foydali jihatlari ham bo‘lgani aytiladi. Gap shundaki London o‘sha payt o‘lat kabi og‘ir yuqumli kasalliklar, zararkunandalar, xususan kalamushlarga to‘la shahar edi. Yong‘in ta'sirida barcha zararli omillar bartaraf bo‘ldi va kambag‘allar yashovchi xarobazorlar ham kulga aylandi.

Aynan ana shundan keyin London haqiqiy zamonaviy shaharga, dunyo markaziga aylangani ta'kidlanadi va bu yangi shaharda yong‘in xavfsizligini ta'minlash maqsadida barcha mo‘rilar toshdan yasalishi talab qilina boshlandi.

Moskva yong‘ini, Napoleon alami

1812 yilda Moskvani fransuzlar zabt etdilar va aynan shu yili Rossiya poytaxti ulkan yong‘in domida qoldi. Rasman bu yong‘inni fransuzlar uyushtirgani aytiladi. Ammo tarixchilar yengilgan va chekinayotgan poytaxt hokimi Fyodor Rastopchinning shaharni dushman qo‘liga qoldirishdan ko‘ra ataylab yoqib yuborishni afzal bilganini qayd etganlar. Urushgacha 270 ming aholisi bor shaharda bu paytga kelib 6 ming atrofida odamlar qolgandi. Ammo yarador askarlar hisobga olinmagan, ular yong‘in va dushman qo‘lida nobud bo‘lishgan.

4 kun davom etgan yong‘in ta'sirida shaharning ikki asosiy hududi va atrofdagi qishloqlarning aksariyati kuyib ketdi.

Chikago yong‘ini va yo‘qotilgan 17 ming binolar

Ta'kidlash joizki, yong‘in xavfsizligi degan tushuncha yaqin asrlarda ham juda yuzaki bo‘lgan. Binolar zich qilib qurilgan, qurilish materiallari yonuvchan bo‘lgan, har bir xonadondagi ochiq olovlar esa alanga olish xavfini oshirgan.

1871 yildagi Chikago fojiasi bunga yorqin misol bo‘la oladi. O‘shanda shahar deyarli to‘liq alanga ichida qoldi va 17 mingdan ortiq inshoot butunlay yonib bitdi. Yong‘inga O`Liri oilasining omboridan chiqqan oddiy uchqun sabab bo‘lgani qayd etilgan. O‘t o‘chiruvchilar ojiz qolgani tufayli alanga ko‘kka o‘rlagan va butun shaharni qamrab olgan. Shunga qaramay odamlar orasida yo‘qotish nisbatan kam bo‘lgan, 300 inson jizg‘anak kuyib o‘lgan.

San-Fransisko, sug‘urta ilinji

1906 yilning 18 apreli AQShning San-Fransisko shahri tarixiga eng qora kunlardan biri sifatida bitilgan. Bunda ham zilzila yuz beradi va oddiy yong‘inlarni jilovlab bo‘lmay qoladi. Yana ikki sabab vaziyatni og‘irlashtiradi: boshliqlari Dennis Sallivanning halok bo‘lgani tufayli o‘t o‘chiruvchilar boshqaruvni yo‘qotadilar, oddiy aholi ham sug‘urta ilinjida eski uylarini yoqa boshlaydi va natijada yong‘in butunlay boshqarib bo‘lmas darajaga chiqadi.

Natija shunga yarasha bo‘ldi – 25 ming uy va binolar kulga aylandi, 3 ming kishi nobud bo‘ldi.

Yaponiya, Kanto fojiasi

1923 yilning 1 sentyabrida Tokiodan 90, Yokogamadan 65 km masofadagi epimarkazda kuchli zilzila sodir bo‘ldi. 360 marta qaytalangan zilzilalar u qadar zarar keltirmasligi mumkin edi, ammo ularning asoratlari og‘ir bo‘ldi. Zilzila ta'sirida yong‘inlar kelib chiqdi va kuchli shamol ularni yashin tezligida yoyib yubordi. 175 ming kishi yong‘in va is gazidan zaharlanib nobud bo‘ldi, yarim milliondan ortiq inson bedarak yo‘qoldi.

Bu yong‘inning yana bir ayanchli jihati yirik shaharlardagi ko‘plab tarixiy va zamonaviy binolar, ming yillik ibodatxonalarni kulga aylantirdi.

Seul, zamonaviy Gerostrat

Gerostratning ahmoqligini yana bir zamondoshimiz qaytargan. 2008 yilda Janubiy Koreya poytaxti Seul shahrining ramzlaridan biri – Katta Janubiy Darvoza (Namdemun) osori-atiqasida yong‘in kelib chiqdi. O‘t o‘chiruvchilarning sa'y-harakatlariga qaramay 1398 yilda qurib bitkazilgan tarixiy yodgorlik butunlay yonib ketdi.

Olti asrni ortda qoldirgan bu yodgorlikni Chxe ismli, 69 yoshli shaxs yoqqani ma'lum bo‘ldi. O‘z aybini tan olgan Chxe bu ishni shahar ma'muriyatidan alamzadaligi bilan izohladi. Yodgorlikni qayta tiklash ishlari ikki yil vaqt va 20 mln dollardan ortiq mablag‘ talab qildi.

Abror Zohidov.

Mavzuga oid