O‘zbekiston | 12:03 / 17.04.2019
13763
5 daqiqa o‘qiladi

Hukumat qarori: elektr energetikada tarif siyosati takomillashtiriladi

Foto: Depositphotos

Vazirlar Mahkamasining “Elektr energetika tarmog‘ida tarif siyosatini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan quyidagilar:

2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasi elektr energetika tarmog‘idagi tarif siyosatining asosiy yo‘nalishlari;

Elektr energiyasi uchun tariflarni shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi va 2020 yil 1 yanvardan boshlab kuchga kiritiladi.

2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasi elektr energetika tarmog‘idagi tarif siyosatining asosiy yo‘nalishlariga ko‘ra, quyidagilar tarif siyosatining asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi:

iste'molchilarning elektr energiyasidan asoslangan va raqobatli tariflar bo‘yicha foydalanishini ta'minlash;

elektr energetika tarmog‘ining moliyaviy barqarorligi va investitsiya jozibadorligini ta'minlash;

ishlab chiqarish quvvatlarini, jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida kengaytirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, ishlab chiqarish faoliyati samaradorligini ta'minlash, ishlab chiqariladigan mahsulotlar va ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yaxshilash;

o‘tish davrida elektr energetika tarmog‘i tashkilotlarining operatsion va kapital xarajatlari, zarur sof foydasini to‘liq qoplashni ta'minlashga qaratilgan elektr energiyasi uchun narxni shakllantirish prinsiplarini belgilash;

tariflarni belgilashda takroriy subsidiyalash amaliyotini bosqichma-bosqich bekor qilish va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq manzilli subsidiyalar berish orqali aholining kam ta'minlangan va himoyaga muhtoj qatlamlarini ijtimoiy himoya qilishni ta'minlash;

elektr energetika tarmog‘ini oshkora, izchil va oldindan taxmin qilish imkoniyatini beruvchi tartibga solishni o‘rnatish, shu jumladan investorlar tomonidan tartibga solish tavakkalchiligini his qilishni kamaytirish maqsadida tariflarni uzoq muddatga belgilash amaliyotini bosqichma-bosqich joriy qilish;

barcha guruhlardagi iste'molchilarda elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini to‘liq joriy etgandan keyin tabaqalashtirilgan tarifni joriy etish;

ilg‘or xalqaro amaliyot hisobga olingan holda, 2023 yilgacha tariflarni shakllantirish metodikasiga bosqichma-bosqich o‘tish.

Tarif siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagi prinsiplarga asoslanadi:

elektr energiyasi uchun tariflar operatsion va kapital xarajatlarni to‘liq qoplash, rentabellikni 10 foizdan kam va 20 foizdan ko‘p bo‘lmagan oraliqda saqlash hisobga olingan holda, uni ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va sotish bo‘yicha asoslangan xarajatlardan kelib chiqib shakllantiriladi. Bunda rentabellik elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va sotish faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq barcha xarajatlar summasiga sof foyda miqdorini bo‘lish orqali aniqlanadi;

elektr energiyasi uchun belgilangan tartibda tasdiqlangan tariflar 2023 yildan boshlab, uch yildan kam bo‘lmagan muddatga amal qiladi;

elektr energiyasining yagona xaridori elektr energiyasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi tomonidan belgilangan tariflar bo‘yicha sotib oladi hamda sotadi;

aholining kam ta'minlangan va himoyaga muhtoj qatlamlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash elektr energiyasining bazaviy normasini qo‘llash hamda elektr energiyasi uchun tariflar oshganda kompensatsiyalar berish yo‘li bilan ta'minlanadi.

Quyidagilar tarif siyosatining vazifalari hisoblanadi:

o‘zaro maqbul tariflarni belgilash orqali iste'molchilar va elektr energetika tarmog‘i tashkilotlarining manfaatlarini muvozanatlash;

investitsiyalarni jalb qilish maqsadida elektr energetika tarmog‘i tashkilotlarining moliyaviy barqarorligini ta'minlash;

raqobatni rivojlantirish va elektr energetika tarmog‘i tashkilotlarining ishlash samaradorligini oshirish, elektr ta'minoti sifatini oshirish va ishonchliligini ta'minlash;

elektr energiyasi iste'molchilari uchun tarifni belgilashda mavjud takroriy subsidiyalashdan bosqichma-bosqich voz kechish va aholining kam ta'minlangan va himoyaga muhtoj qatlamlariga tariflar oshishining ta'sirini kamaytirish;

tarifli tartibga solishning shaffofligi, izchilligi va oldindan taxmin qilish va tartibga solish tavakkalchiliklarining ta'sirini kamaytirish;

qulay investitsiya muhitini yaratish (investorlarga uzoq muddatli rejalashtirish imkonini berish) maqsadida elektr energiyasi uchun tariflarni uzoq muddatga belgilash amaliyotini joriy qilish;

iste'molchilarga maslahatlar berishga ko‘maklashish va ularni tarif bo‘yicha qabul qilinadigan qarorlar haqida xabardor qilish;

O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan ma'qullangan loyihalarni amalga oshirish natijasida olingan foydani (sof foydani) investitsiya qilingan kapitalga, birinchi navbatda, elektr energetika tarmog‘ini rekonstruksiya, modernizatsiya qilish va rivojlantirishga taqsimlash amaliyotini joriy etish.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid