O‘zbekiston | 15:49 / 18.04.2019
82847
3 daqiqa o‘qiladi

Endi besh yilgacha ish stajini sotib olish imkoni berilishi mumkin

O‘zbekistonda ish stajini sotib olish imkoni taqdim etilishi kutilmoqda, cheklov muddati - 5 yilgacha. Kun.uz muxbiri 18 aprel kuni “Pensiya tizimi islohoti va xorijiy davlatlar tajribasi” xalqaro darajadagi konferensiyasi doirasida Moliya vaziri o‘rinbosari Yorqin Tursunovdan yangi Konsepsiya bo‘yicha olingan ma'lumotlarga asoslanib, shu haqida xabar berdi.

“Yangi Konsepsiyada shunday taklif bildirilganki, unga ko‘ra, 5 yilgacha bo‘lgan ish stajini sotib olish imkoni bo‘ladi. Masalan, bizda hozir talab qilinadigan ish staji ayollar uchun – 20 yil, erkaklar uchun – 25 yil. Aytaylik, qaysidir sabablarga ko‘ra, ish staji erkaklarda 22 yoki 23 yil bo‘lishi mumkin, bu esa to‘liq pensiya olish imkoni yo‘q degani. Bunday holatlarda yetishmaydigan 2 yoki 3 yil ish stajini ma'lum bir miqdordagi Pensiya jamg‘armasiga badalni to‘lab, sotib olish imkoniyatini ham berish ko‘zda tutilgan. Shunda fuqaro to‘liq pensiya olish imkoniga ega bo‘ladi”, - deydi Yorqin Tursunov.

Yangi Konsepsiyaga ko‘ra, ayollar farzand tarbiyasi bilan band bo‘lgan davrda ham ish stajiga ega bo‘lishi mumkin: agar ayol kishi farzand parvarishi bilan band bo‘lib, ishlashga imkoniyati bo‘lmasa, uning turmush o‘rtog‘i pensiya jamg‘armasiga ma'lum bir miqdordagi badalni to‘lab borib, ayoli uchun ham ish stajini hisoblatishi mumkin. 

Yana bir imkoniyatlardan biri ayollar uchun muhim - ularning staji 20 yildan oshgandan keyin har yili uchun yana 1 foizdan qo‘shib beriladi.

Ta'kidlash joizki, 18-20 aprel kunlari Toshkentda Xalqaro pensiya va ijtimoiy fondlar assotsiatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan “Pensiya tizimi islohoti va xorijiy davlatlar tajribasi” mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda. Bu O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan birinchi shunday tadbir hisoblanadi. Unda Armaniston, Belarus, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Tojikiston mamlakatlarining pensiya va ijtimoiy fondlari rahbarlari ishtirok etishmoqda.

Mavzuga oid