Jahon | 10:06 / 25.04.2019
3521
2 daqiqa o‘qiladi

Nissan sobiq rahbari 4,5 mln dollar garov evaziga ozodlikka chiqdi

Foto: RIA Novosti / Vladimir Pesnya

Tokio okrug sudi Nissan sobiq rahbarini 500 mln iyen (4,5 mln dollar) garov evaziga ozodlikka chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda Kiodo agentligi xabar berdi.

Shunday qilib, Karlos Gon keyingi ikki oy ichida ikkinchi marta garov evaziga ozodlikka chiqadigan bo‘ldi. Prokuratura mazkur qaror bo‘yicha shikoyat qilmoqchi.

Karlos Gon o‘tgan yil noyabrida hibsga olingandi. Unga 11 yanvarda moliyaviy bitimlar haqidagi qonunni buzish va xizmat mavqeini suiiste'mol qilish bo‘yicha ayblovlar bildirilgan. 

Mart oyi boshida Gonning yangi advokati uning garov puli va Yaponiyani tark etmaslik haqidagi tilxati evaziga ozod qilinishiga erishgan. Ammo ozodlikka chiqarilgandan bir oydan kamroq vaqtdan keyin yana panjara ortiga jo‘natildi.

Gonning navbatdagi hibsga olinishiga u tomonidan 2012 yildan ummonlik distribyutorga to‘lovlarning bir qismining o‘zlashtirilishi sabab bo‘lgan. Prokurorlar Gonni 563 mln iyenga (5 mln dollar) yaqin pulni o‘zlashtirganlikda gumon qilishmoqda.

Mavzuga oid