Jahon | 23:15 / 25.04.2019
6424
2 daqiqa o‘qiladi

Shri-Lankadagi teraktlar qurbonlari soni 100 nafarga oshirib yuborilgani aytildi

Foto: Thomas Peter / Reuters

Shri-Lankada katolik cherkovlar va mehmonxonalardagi portlashlarda halok bo‘lganlar soni rasmiy ma'lumotlardagidan taxminan 100 nafarga kamroq bo‘lishi mumkin. Bu haqda mahalliy hokimiyatning ikki nafar yuqori lavozimli amaldoriga iqtibos keltirgan holda Reuters axborot agentligi xabar berdi. 

24 apreldagi ma'lumotlarga ko‘ra, 21 aprelda sodir etilgan teraktlarda 359 kishi halok bo‘lgan, yana 500 ga yaqin odam bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.

Shri-Lanka sog‘liqni saqlash xizmati bosh direktori Anil Jasingxening ma'lum qilishicha, qurbonlarning real soni 250-260 nafar bo‘lishi mumkin.

“Aniq ayta olmayman. U yerda sochilib yotgan ko‘plab tana qismlari bor edi va aniq sonni aytish qiyin”, deb aytgan Jasingxe.

O‘z navbatida mudofaa vaziri o‘rinbosari Ruvan Viyevarden qurbonlar soni o‘likxonalar tomonidan taqdim qilingan noaniq ma'lumotlar sababli 253 nafargacha kamayishi mumkinligini aytgan.

Shri-Lankada 21 aprelda poytaxt Kolombo, uning atrofidagi hududlar, Negombo va Battikaloa shaharlarida 8 ta portlash sodir etilgan. 3 ta portlash Pasxa nishonlanishi vaqtida cherkovlarda, qolganlari esa mehmonxonalarda amalga oshirilgan.

Ushbu portlashlar uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga olgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid