Jamiyat | 00:27 / 27.04.2019
8539
4 daqiqa o‘qiladi

Xorazm viloyati hokimi chekka qishloqda shaxsiy sayyor qabulini o‘tkazdi

Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borish, mavjud dolzarb muammolarni aniqlab, ularni bevosita joyida bartaraf etish yuzasidan aniq va tezkor choralar ko‘rish maqsadida 26 aprel kuni chekka hududlardan biri bo‘lmish Gurlan tumanidagi Guliston qishlog‘ida shaxsiy sayyor qabulini o‘tkazdi, deb xabar beradi Kun.Uz muxbiri.

«Gurlan tadbirkorlik kasb-hunar kolleji» binosida tashkil qilingan tadbirda Xorazm viloyati prokurori o‘rinbosari G‘ayrat Abdullayev, Xorazm viloyati Xalq qabulxonasi mudiri Sultonboy Berdiqilichev, tuman hokimlari, sektor rahbarlari, viloyat va tumanning mutasaddi tashkilotlari va davlat idoralari rahbarlari, xodimlari, mahalla faollari, tumanlardan kelgan murojaatchilar ishtirok etishdi.

Farhod Ermanov shaxsiy sayyor qabuliga yozilgan murojaatchilarga avvalo shu yerning o‘zida tumani hokimi bilan uchrashib, muammoni hal qilishga harakat qilishini, buning uchun tuman hokimlarini ham tadbirga chaqirganini, agar murojaatchi yechimdan norozi bo‘lsa, hokimi bilan birga oldiga kelishi shartligini ta'kidladi.

Shundan keyin, murojaatchilar o‘z tumani hokimi bilan suhbatlashib, muammoning yechimini topishga urinib ko‘rishdi. Tuman rahbari bilan kelisholmagan murojaatchilar esa shaxsan Farhod Ermanov oldida o‘z hokimi bilan birgalikda masalaning yechimini topishga harakat qilishdi.

Aholi murojaatlari orasida ish bilan ta'minlanish, uy-joy bilan ta'minlanish, uy-joy qurib olish uchun yer ajratish, uy-joyini ta'mirlashda ko‘maklashish, mahallani va maktabni ichimlik suvi tarmog‘iga ulash, maktabgacha ta'lim muassasasini ta'mirlab berish, kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordam ajratish, og‘ir kasallarning davolanishi uchun moddiy yordam olish, qo‘shimcha tomorqa ajratish, kadastr hujjatlarini tayyorlashda ko‘maklashish, o‘ziga tegishli uy-joy chegarasiga aniqlik kiritishda yordamlashish, sigirining bo‘g‘oz bo‘lmayotgani, sud qarorlaridan norozilik, er-xotin orasidagi nizolar, shaxsiy tomorqa ajratib berish kabi muammolar bo‘yicha murojaatlar bo‘ldi.

Farhod Ermanov ish so‘rab kelganlarni ish bilan ta'minlash, ishga qabul qilinganlik to‘g‘risidagi buyruqlarni shaxsan ko‘rsatish, uy-joy so‘rab kelganlarning oilaviy ahvolini o‘rganib, ularning muammolarini hal qilish, mahalla va maktablarni ichimlik suvi tarmog‘iga ulash masalasini tezlashtirish, bunga mahalliy budjetdan mablag‘ ajratish yoki investitsiya dasturiga kiritish bo‘yicha mutasaddi tashkilot rahbarlariga topshiriq berdi.

Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchilar bozordagi do‘konlarning ijara muammosi, yer va kredit ajratish masalasi, fermer xo‘jaligini tashkil etish, unga qo‘shimcha yer maydoni berish, baliqchilikni rivojlantirish, maqbullashtirish natijasida olingan yerlarini qaytarib berish, chorvachilik va parrandachilik bilan shug‘ullanish uchun yer ajratish kabi muammolar bo‘yicha murojaatlar qilindi.

Farhod Ermanov bu murojaatlarni tuman hokimi bilan muhokama qilib, barchasini tezda o‘rganib chiqqan holda, qonuniy va ijobiy hal qilinishini ta'minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Mavzuga oid