Jamiyat | 08:15 / 02.05.2019
13269
4 daqiqa o‘qiladi

Oliy ta'lim vazirligi OTMga qabul boshlanganini rasman rad etdi

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi ijtimoiy tarmoqlardagi turli norasmiy manbalarda oliy ta'lim muassasalariga abituriyentlardan hujjat qabul qilish boshlanganligi haqidagi xabarlarni rasman rad etdi. 

Vazirlik xabariga ko‘ra, respublika oliy ta'lim muassasalariga 2019/2020-o‘quv yili uchun qabul jarayoni O‘zbekiston Respublikasi prezidentining qabul to‘g‘risidagi qarori asosida qabul rejalari tasdiqlangan kundan boshlanadi. 

Oliy ta'lim tizimiga oid eng so‘nggi va rasmiy axborotlar bilan bevosita vazirlikning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali tanishish mumkin, deyiladi xabarda. 

Eslatib o‘tamiz, 2019/2020 o‘quv yiliga quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan:
 
birinchidan, oliy ta'lim muassasalariga hujjatlarni davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilish tartibini bosqichma-bosqich joriy etish boshlanadi;
 
ikkinchidan, muddatli harbiy xizmatni o‘tagan va harbiy qismlar qo‘mondonligining tavsiyanomasiga ega shaxslardan iborat abituriyentlar uchun oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun alohida kvotalar ajratiladi. Qabul ular o‘rtasida o‘tkaziladigan tanlov asosida amalga oshiriladi.
 
Eslatib o‘tamiz, hozirgi kunda armiyada xizmatni o‘tab bo‘lgan abituriyentlar tegishli oliy ta'lim yo‘nalishiga umumiy qabul kvotasi doirasida boshqalar bilan bir qatorda qabul qilinadi. Bunda harbiy qismlar qo‘mondonligining tavsiyanomalariga ega bo‘lganlar to‘plagan ballarining 50%i miqdorida qo‘shimcha ballga ega bo‘ladilar (2017/2018 o‘quv yilidan, ilgari – olinishi mumkin bo‘lgan eng yuqori ball miqdoridan 27%);
 
uchinchidan, OTM iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning istiqboldagi ehtiyojlarini, shuningdek, muassasalarning kadrlarni sifatli tayyorlashni tashkil etish imkoniyatlarini hisobga olgan holda talabalarni qabul qilish kvotalarini mustaqil ravishda belgilaydigan bo‘ladilar. Bungacha kvotalar taqsimoti ta'lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan.  Reglamentga soluvchi hujjatni joriy yilning 1 martiga qadar tasdiqlaydilar.  Shu muddatda xorijiy diplomlarni nostrifikatsiyalashdagi sun'iy to‘siqlarni bartaraf etish va ularni tan olishni soddalashtirish bo‘yicha hujjat ishlab chiqiladi.
 
to‘rtinchidan,  talabalarga hujjatlarni bir vaqtda bir nechta OTMga topshirish imkoniyati taqdim etiladi. Tegishli hujjat loyihasi 2019 yil 1 aprelga qadar ishlab chiqiladi. Hujjat bilan kirish sinovlari natijalariga ko‘ra olgan ballari yetishmagan taqdirda boshqa OTM yoki boshqa o‘quv yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish imkoniyati ham nazarda tutiladi;
 
beshinchidan, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarda 5 yil va undan ortiq muddat davomida benuqson faoliyat ko‘rsatayotgan o‘rta va o‘rta-maxsus ma'lumotli yoki boshqa (noyuridik) mutaxassislik bo‘yicha oliy ma'lumotga ega xodimlar oliy yuridik ta'lim muassasalari sirtqi bo‘limlariga  imtiyozli ravishda kirishlari mumkin. O‘qitish shartnoma asosida keyinchalik tegishli organlarda kamida 5 yil ishlab berish sharti bilan amalga oshiriladi. Hujjat loyihasi shu yilning 1 apreliga qadar kiritiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid