O‘zbekiston | 12:38 / 02.05.2019
6490
2 daqiqa o‘qiladi

Yuriy Fedotov Toshkentga keldi. U Abdulaziz Komilov bilan muzokaralar o‘tkazdi

Foto: TIV axborot xizmati

2019 yilning 2 may kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Giyohvand moddalarni nazorat qilish borasidagi mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi ishtirokchi davlatlarining 11-uchrashuvida qatnashish uchun Toshkent shahriga tashrif buyurgan BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ijrochi direktori Yuriy Fedotov bilan uchrashdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston bilan BMT institutlari, jumladan Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarma o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollariga oid qator masalalar muhokama qilindi, deyiladi TIV xabarida.

Munosabatlarning jadal rivojlanayotgani mamnuniyat bilan e'tirof etildi va tomonlarda muayyan sohalardagi hamkorlik ko‘lamini oshirishga qiziqish borligi tasdiqlandi.

O‘zbekistonda hozirgi paytda 2016-2020 yillarga mo‘ljallangan Narkotik moddalarni suiiste'mol qilish va ularning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturida bayon qilingan giyohvandlikka qarshi strategiya amal qiladi. BMTning tegishli konvensiyalariga, Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalariga, Bosh Assambleya va BMT tizimining boshqa organlari qarorlariga, shuningdek xorijiy sheriklar, mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar bilan ikki va ko‘p tomonlama aloqa mexanizmlariga asoslanuvchi xalqaro hamkorlik samaradorligini oshirishga jiddiy e'tibor qaratilmoqda.

Uchrashuvda ba'zi mintaqaviy masalalar, jumladan Afg‘onistondagi holat yuzasidan ham fikr almashildi. Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishi, uning mintaqaviy aloqalarga jalb qilinishi Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror taraqqiyot uchun muhim sharoit yaratishi ta'kidlandi.

Suhbatda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilgan. Muzokaralarda BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakili Ashita Mittal ishtirok etgan.

Mavzuga oid