Jamiyat | 20:34 / 03.05.2019
12184
7 daqiqa o‘qiladi

«Oltin qalam» XIV Milliy mukofoti g‘olib va sovrindorlari taqdirlandi

Bugun, 3 may kuni Toshkent shahridagi «Turkiston» saroyida jurnalistika sohasida eng yuksak mukofot – «Oltin qalam» XIV Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zA barcha mukofotlanganlarning umumiy ro‘yxatini keltirdi.

Asosiy mukofotlar:
Jurnalistika sohasida Bosh milliy mukofot demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, fuqarolik jamiyatini shakllantirish yo‘lida respublikamizda siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy sohalarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar doirasida mamlakat va jamiyat hayotidagi dolzarb voqealar muhokamalariga bag‘ishlangan sessiyasi uchun Xalqaro Press-klub (rahbari Sherzodxon Qudratxo‘jayev) hamda O‘zbekiston Respublikasining ichki va tashqi siyosati, jahon hamjamiyatida tutgan o‘rni, mamlakatda Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili maqsad-vazifalari ijrosi doirasida olib borilayotgan keng qamrovli sa'y-harakatlarni tezkor va tahliliy yoritib kelayotgani uchun «O‘zbekiston-24» teleradiokanali jamoasiga (direktor Madamin Safarov) nasib etdi.

Mukofotlarni o‘z egalariga Bosh vazir o‘rinbosari A.Abduhakimov topshirdi.

Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot (televideniye):

Televideniye yo‘nalishida jurnalistik material uchun 1-o‘ringa «Mening yurtim» telekanalining «Markaziy studiya» axborot-tahliliy ko‘rsatuvi (muallif va boshlovchilar: S.Bahodirov, A.Po‘latov) sazovor bo‘ldi. Mazkur teledastur mamlakatda inson huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini takomillashtirish, xalqimizning davlat hokimiyatiga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash borasidagi ishlarni tezkor va tahliliy yoritgani uchun mukofotga munosib ko‘rildi.

Ushbu yo‘nalishda 2-o‘rinni xalqimizning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, siyosiy faolligini oshirish, fuqarolik pozitsiyasini rivojlantirishga yo‘naltirilgan ko‘rsatuvlari uchun «O‘zbekiston» telekanalining «Munosabat» ko‘rsatuvi (mualliflar: Quddus A'zamov, Nurali Oripov) egalladi.

Qoraqalpog‘iston teleradiokompaniyasining «Xabarlar» informatsion dasturi ijodiy jamoasi (guruh rahbari: Venera Sariyeva) Qoraqalpog‘iston Respublikasi hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar maqsad-vazifalari va samaralari, yuz berayotgan voqea-hodisalardan aholining xabardorligini oshirishga qaratilgan axborot dasturlari uchun televideniye yo‘nalishida 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Eng yaxshi jurnalistik material uchun (radio):

«Yoshlar» teleradiokanali bosh muharriri Nargiza Kamolova yoshlarga qaratilgan davlat siyosati mohiyati keng yoritilgan, o‘sib kelayotgan yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilgan eshittirishlari uchun 1-o‘ringa loyiq topildi.

Ushbu nominatsiyada 2-o‘rinni respublikamizda hayotga tatbiq etilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy davlat dasturlarining amaliy ifodasi, aholi farovonligida tutgan o‘rni haqidagi turkum materiallari uchun «Ruxsor FM» radiosi bosh muharriri Avaz Igamberdiyev qo‘lga kiritdi.

3-o‘rin yurtimizda kechayotgan yangilanishlar jarayonida aholi faolligini oshirish, tomorqa madaniyatini yuksaltirish orqali xalq farovonligini ta'minlashga oid turkum eshittirishlari uchun Navoiy viloyat teleradiokompaniyasi birinchi toifali muharriri Feruza O‘ktamovaga berildi.

G‘oliblarga mukofotlarni O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi Alisher Xodjayev topshirdi.

«Eng yaxshi matbuot xizmati» nominatsiyasida: O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati. Matbuot xizmati rahbari – Furqat Sanayev. Vazirlik faoliyati oshkoraligini ta'minlash, matbuot anjumanlari samaradorligini oshirish borasidagi tashkilotchilik faoliyati uchun.

Rag‘batlantiruvchi mukofotlar uchun nominatsiyalar:

«Chet ellik jurnalistning O‘zbekistondagi eng yaxshi materiali uchun»nominatsiyasi – Jyereme Xed, jurnalist va teleboshlovchi (Buyuk Britaniya) O‘zbekiston turistik salohiyatiga bag‘ishlangan materiallari uchun. Tadbirda jurnalist qatnasha olmagani sababli mukofot Tashqi ishlar vazirligiga topshirildi.

Eng yaxshi jurnalistik material uchun nominatsiyasida (internet-jurnalistika) 1-o‘rin xabar.uz sayti sharhlovchisi Barno Sultonovaga nasib etdi.

Ijtimoiy-ma'naviy mavzulardagi materiallari uchun:

Eng yaxshi jurnalistik material uchun (internet-jurnalistikasi) 2-o‘ringa kar24.uz internet nashri muxbiri Kumar Begniyazova munosib ko‘rildi.

Dolzarb mavzudagi tanqidiy-tahliliy materiallari uchun:

Eng yaxshi jurnalistik material uchun (internet-jurnalistikasi) - 3-o‘ringa O‘zA yetakchi muharriri Sayyora Shoyeva mamlakat hayotining turli sohalaridagi islohotlarni tezkor va tahliliy yoritgan materiallari uchun loyiq topildi.

Eng yaxshi jurnalistik material uchun nominatsiyasida matbuot yo‘nalishida 1-o‘rinni «Jahon adabiyoti» jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev ma'naviy-ma'rifiy sohadagi ulkan o‘zgarishlar va mavjud muammolar tahliliga bag‘ishlangan publitsistik maqolalari, zamonamiz qahramonlari obrazini yaratishdagi faol ishtiroki uchun qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, ushbu nominatsiyasida yana bir 1-o‘rin «Ishonch» va «Ishonch doveriya» gazetalari tahririyatiga (bosh muharrir X.Ermatov) O‘zbekiston kasaba uyushmalarining mamlakat hayotidagi o‘rni, tashkilotning aholi bilan muloqotlari, ularning muammolari yechimini topish, ishchi xodimlarining mehnat huquqlarini ta'minlashga qaratilgan faoliyatini keng va tahliliy yoritilgan materiallari uchun munosib ko‘rildi.

Davrning ijtimoiy, ma'naviy-ma'rifiy masalalari, kitobxonlik madaniyati, mamlakat madaniy hayoti tahliliy yoritilgan materiallari uchun 2-o‘ringa “Kitob dunyosi” gazetasi tahririyati (bosh muharrir X.Rustamova) munosib ko‘rildi.

Ushbu nominatsiyada 3-o‘rin «Pravda Vostoka» gazetasi muxbiri Moroz Yulianaga nasib etdi. Uning mamlakatdagi yangilanishlar jarayoni tahliliy yoritilgan materiallari tashkilotchilar e'tirofiga sazovor bo‘ldi.

«Inson huquqlari to‘g‘risidagi eng yaxshi material uchun» – Sanjar Eshmurodov («Mahalla» gazetasi muxbiri) mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilishga oid keng ko‘lamli islohotlar samaradorligi hamda sohaga oid muammolar tanqidiy tahlil etilgan maqolalari uchun munosib ko‘rildi.

«Eng yaxshi fotoreportaj uchun» nominatsiyasida – Hakim Yo‘ldoshev («Xalq so‘zi» va «Narodnoye slovo» gazetalari fotomuxbiri) ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi dolzarb voqealar tahliliy yoritilgan fotomateriallari uchun.

Mavzuga oid