O‘zbekiston | 13:00 / 03.05.2019
10635
3 daqiqa o‘qiladi

Senat yaylovlardan foydalanishni ko‘zda tutuvchi qonunni ma'qulladi 

Foto: KUN.UZ

Mamlakatda mavjud 21 mln. gektar yaylov maydonlarining 78 foizi degradatsiyaga uchragan. Qolgan maydonlarda ham ahvol yaxshi emas, deb ma'lumot berdi senator Odiljon Iminov.

Ta'kidlanishicha, 20 foizdan ortiq maydondagi yaylov va pichanzorlarda o‘simliklar soni va turlari kamayib, mahsuldorlik 2 barobarga, jumladan ozuqa ekinlari hosildorligi gektariga o‘rtacha 2 sentnerga qisqargan.

«Degradatsiyaga uchragan yaylovlarni aniqlash, tiklash hamda hosildorligini oshirish borasida deyarli biror bir amaliy ish qilinmagan. O‘tgan asrning 90-yillarida yaylovlarimizda 270tadan ziyod o‘simlik turi uchragan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ularning 42 turi qolgan, xolos», - deydi senator.

Go‘sht narxining keskin oshib ketishiga sabab bo‘layotgan chorva uchun yem kamligi, yaylov holati va tanqisligi batafsil aytib o‘tildi. 

«Bu kabi muammolarning hal etilmasdan qolayotganini yaylovlardan foydalanishning yagona huquqiy mexanizmi yaratilmaganligi, bu borada davlat boshqaruvi organlarining vakolatlari aniq belgilanmaganligi bilan ham izohlash mumkin», - deya qayd etadi Iminov.

«Yaylovlar to‘g‘risida»gi Qonun shu kabi muammolarni samarali hal etish, jumladan yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilishning yaxlit huquqiy asosi shakllanishiga xizmat qilishi kutilmoqda. Xususan, 31 moddadan iborat mazkur qonunda yaylov tushunchasining huquqiy maqomi, ularni muhofaza qilish, rivojlantirish kabi qator masalalarga oid normalar aks etgan.

«Davergeodezkadastr» davlat qo‘mitasi yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshirishi, yaylovlarni inventarizatsiyadan o‘tkazishi va monitoringini yuritishi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bu borada ekologik ekspertiza va ekologik nazoratni amalga oshirishi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi esa o‘rmon fondi yerlarida yaylovlardan foydalanish, jumladan pichan o‘rish va chorva mollarini o‘tlatish tartib-taomillarini belgilashi hamda chorvani o‘tlatish uchun uchastkalar berishi nazarda tutilgan», - deydi senator Iminov.

Qonunda yaylovlardan foydalanishga doir masalalar, ya'ni foydalanish huquqi, foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari, foydalanish normalari, muddatlari va shu kabi boshqa muhim jihatlar alohida normalar bilan belgilangan.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid