Sport | 09:10 / 05.05.2019
24450
2 daqiqa o‘qiladi

Foto: Saloh muhim o‘yinlar oldidan jiddiy jarohat oldi

«Liverpul» hujumchisi Muhammad Saloh Angliya Premer-ligasining 37-turida «Nyukasl Yunayted»ga qarshi kechgan o‘yinda jarohat oldi. O‘yin mersisaydliklarning 3:2 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.

O‘yinning ikkinchi bo‘limi davomida misrlik futbolchi «qarg‘alar» darvozaboni Martin Dubravki bilan to‘p uchun kurash vaqtida gazonga quladi. Futbolchi o‘zi mustaqil holda maydonni tark eta olmadi va uni zambilga solgan holda olib chiqib ketishdi. Uning o‘rniga maydonga tushrilgan Divok Origi g‘alaba goli muallifiga aylandi.

Hozircha uning jarohati darajasi va u qancha muddatga safdan chiqqani aniq emas.

«Saloh boshidan jiddiy jarohat olgan, uni sinchkovlik bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish kerak», — deya «Liverpul» jamoasi bosh murabbiyi Yurgen Kloppning so‘zlarini keltirgan Goal portali.

Saloh APLning joriy mavsumida liverpulliklarning barcha 37 o‘yinida maydonga tushib, 22 gol urgan va 8 golga uzatma bergan.

«Liverpul» 8 may kuni Chempionlar ligasining yarimfinali javob uchrashuvlari doirasida «Barselona»ga qarshi o‘yin o‘tkazadi.

Klopp jamoasi ayni vaqtda APL turnir jadvalida 94 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda, ammo ikkinchi o‘rindagi «Manchester Siti»da zaxira o‘yini ham mavjud - Gvardiola jamoasi 37-tur uchrashuvini bugun «Lester»ga qarshi o‘tkazadi. Chempionlik masalasi oxirgi turda, keyingi hafta oxirida hal bo‘ladi. Oxirgi turni «Liverpul» «Vulverhempton»ga qarshi o‘tkazadi, «Siti» esa «Brayton» bilan kuch sinashadi.

Mavzuga oid