Jahon | 08:59 / 10.05.2019
9679
2 daqiqa o‘qiladi

Avstraliyada 400 mlndan ko‘proq banknota xato bilan bosildi 

Foto: iStock

Avstraliya zaxira banki 50 Avstraliya dollari qiymatidagi 400 mlnga yaqin banknotani “responsibility” (mas'uliyat) so‘zida xato bilan bosdi. Bu haqda News.com.au nashri xabar berdi. Banknota ushbu so‘zning oxirgi i harfi tushirib qoldirilgan holda, ya'ni “responsibilty” ko‘rinishida bosilgan.

Banknotada 3 marta uchraydigan bu so‘zning xato yozilganini bir avstraliyalik payqab qolib, u haqda mahalliy radiostansiyaga xabar bergan. Stansiya ushbu xato suratini Instagram’da joylashtirgach, markaziy bank vakili bu holatga izoh bergan. Uning ta'kidlashicha, bankning bu xatodan xabari bor va u keyingi tirajda to‘g‘rilanadi. 

OAVda ta'kidlanishicha, xato bosilgan banknotalarning umumiy qiymati 2,3 mlrd Avstraliya dollarini tashkil qiladi. 

Yangilangan 50 dollarlik banknota Avstraliyada 2018 yil oktyabrida muomalaga chiqarilgan. Kupyuraning bir tomonida avstraliyalik ixtirochi va yozuvchi Devid Yunaypon surati, ikkinchi tomonida esa Avstraliya parlamentidagi ilk ayol Edit Kouen surati joylashtirilgan. Xatolik banknotada Kouenga tegishli matnda aniqlangan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid