Jahon | 23:46 / 10.05.2019
11712
2 daqiqa o‘qiladi

Suriyadan yana 231 qozog‘istonlik o‘z vataniga qaytarildi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Suriyadan 231 qozog‘istonlik evakuatsiya qilinganini ma'lum qildi.  

“Mening topshirig‘im bilan 7 va 9 may kuni Suriyadan 231 qozog‘istonlik, jumladan asosan maktabgacha yoshdagi 156 bola, xususan 18 yetim bola evakuatsiya qilindi. Bu katta ko‘lamli aksiya Birinchi Prezident – Elboshi Nursulton Nazarboyev buyrug‘i bilan joriy yanvarda o‘tkazilgan “Jusan” operatsiyasining davomi bo‘ldi. Barcha keltirilgan fuqarolarga nisbatan davlat idoralari va nohukumat tashkilotlari tomonidan reabilitatsiya bo‘yicha tadbirlar o‘tkazilgan. Tibbiy, psixologik va ijtimoiy yordam ko‘rsatilgan”, deyilgan Toqayev bayonotida.

Qozog‘iston prezidentining ta'kidlashicha, yanvarda qaytarilgan ayollar radikal o‘tmishidan voz kechgan, ishga joylashib, yaqinlari bilan aloqalarni tiklagan.

2019 yil boshida Qozog‘iston maxsus xizmatlari Qozog‘istonga Suriyadagi jangovar harakatlar hududlaridan 47 fuqaroni qaytarishga muvaffaq bo‘lishgan. Terrorchilarga asirlikka tushib qolgan erkaklar, ayollar va bolalar yordam so‘rashgan.

2012-2015 yillarda terrorchilar tomonidan yollangan qozog‘istonliklar asosan Afg‘oniston, Iroq va Suriyaga jo‘nashgan. Ularning aniq sonini aytish qiyin, chunki odamlar yonida birorta hujjatsiz mamlakatni tark etgan va 3-4 ta davlat chegarasini kesib o‘tib, ekstremistlar qo‘liga tushgan. 

2019 yil yanvarida Nursulton Nazarboyev Suriyaga bir necha yuzlab qozog‘istonliklar ketgani, ulardan ko‘plari o‘ldirilganini ma'lum qilgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid