O‘zbekiston | 09:30 / 15.05.2019
19917
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda diniy tashkilotlar faoliyati sohasida islohot kutilyapti

Foto: parliament.gov.uz

O‘zbekistonda yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish jarayoni ketmoqda. Bu haqda Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi saytida xabar berilgan.

Ushbu qonun loyihasining maqsadi qonun normalarini 1966 yil 16 dekabrdagi Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga muvofiqlashtirish, diniy tashkilotni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini soddalashtirish, davlat ro‘yxatidan o‘tishni rad etishning muayyan asoslarini aniqlash, ushbu sohadagi vakolatli davlat organlarining vakolatlarini, sud tartibida diniy tashkilot faoliyatini to‘xtatishni, diniy tashkilotlarning rejalashtirilgan faoliyati to‘g‘risida xabardor qilish tartibini, diniy adabiyotlarni tayyorlash va tarqatish tartibini belgilashdir.

Qonun loyihasi diniy tashkilotlarni ro‘yxatga olish tartibi diniy tashkilotlarni tashkil etish uchun tashabbuskorlar sonining 100 kishidan 50 kishigacha qisqarishini, shuningdek, diniy ta'lim muassasalarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi soddalashtirilishini ko‘zda tutadi.

O‘zbekiston Respublikasida diniy tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatga olish, tugatish tartibini yanada maqbullashtirish va soddalashtirish bo‘yicha xalqaro ekspert tavsiyalarini hisobga olgan holda, diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish ularning markaziy organlari uchun davlat boji besh marta – EKOIH ning 100 baravaridan 20 baravarigacha va diniy tashkilotlarning o‘zi uchun 50 dan 10 gacha qisqartirildi. 

Ro‘yxatga oluvchi organga hisobot berish tartibi va muddati yiliga bir marta hisobot taqdim etish talablarini belgilash yo‘li bilan soddalashtirildi. Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning vakolatlaridan diniy tashkilotlarni tugatish huquqi chiqarib tashlandi, diniy tashkilot faoliyatini sud tartibida to‘xtatish belgilandi.

Diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kelish va tarqatish sohasidagi tartibni takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining tegishli qaroriga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Mavzuga oid