18 may kuni professional boksda faoliyat olib borayotgan yana ikki o‘zbekistonlik bokschi navbatdagi janglarini o‘tkazishdi.
Rio olimpiadasi chempioni, Professional boksning ikkinchi yarim yengil (-55,34 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan o‘zbekistonlik bokschi Shahobiddin Zoirov (2-0, 2 KO) Daniyaning Orxus shahrida o‘tkazilgan boks kechasida professional boksdagi ikkinchi jangida ringga chiqdi.
«MTK» promouterlik kompaniyasi bilan hamkorlik qilayotgan Zoirov gruziyalik Mishiki Shubitidzega (12-14-3, 5 KO) qarshi ringga chiqdi va raqibini 1-raunddayoq (2.20 soniya) nokautga uchratdi.
Zoirov professional boksdagi debyutini shu yilning aprelida amalga oshirgan va 6 raundga mo‘ljallangan jangda indoneziyalik Entoni Xoltni birinchi raunddayoq nokautga uchratgandi.
Rio olimpiadasining yana bir ishtirokchisi, «MTK» promouterlik kompaniyasi bilan hamkorlik qilayotgan Xurshid Tojiboyev (-60 kg) ham Orxusda professional faoliyatidagi ikkinchi jangini o‘tkazdi va Irakli Shariashviliga (5-3-1) qarshi 6 raundlik jang yakunida ochkolar hisobiga g‘alaba qozonib, ikkinchi jangida ikkinchi g‘alabasini nishonladi.
Bungacha, Xurshid Tojiboyev debyut jangida polshalik Kshishtof Rogovskini (10-29, 5 KO) uchinchi raundda texnik nokaut evaziga mag‘lubiyatga uchratgandi.