O‘zbekiston | 17:08 / 23.05.2019
53760
8 daqiqa o‘qiladi

«Buyuk Kelajak» eksperti O‘zbekistonda ikki fuqarolik joriy etishni taklif qildi

Foto: KUN.UZ

"Buyuk Kelajak" eksperti Nur Parpiyev O‘zbekistonda ikki fuqarolikni joriy etish taklifi bilan chiqdi. Uning bu haqdagi maqolasi O‘zA tomonidan e'lon qilindi. Quyida maqola to‘liq holda keltiriladi.

O‘zbekiston tashqarisida juda ko‘p o‘zbekistonliklar istiqomat qiladi. Ularning katta qismi xorijda doimiy yashaydi va yashayotgan davlatining fuqaroligini olishgan.

Vatanimizdagi ijtimoiy va siyosiy islohotlar, tabiiyki, xorijdagi o‘zbekistonliklarning ham diqqat markazida. Yonlarida boshqa davlatning pasporti bo‘lsa-da, ular O‘zbekiston pasportini asrab-avaylashadi. Ular uchun istagan paytda oilasi va qarindosh urug‘lari yashayotgan mamlakatga bemalol, hech qanday taqiqsiz borib-kelishi muhim masala.

Hukumat esa xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar tug‘ilib-o‘sgan yurtiga emin-erkin kelib-ketishlari uchun imkoniyatlar yaratyapti.

Joriy yilning 17 aprel kuni hukumat tomonidan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasiga taklif qilishni rasmiylashtirish, ko‘p martalik kirish vizalarini berish hamda ularni ichki ishlar organlari tomonidan vaqtincha propiska qilish» tartibi to‘g‘risidagi nizom yaratilayotgani ana shunday imkoniyatlardan biri.

O‘zbekistonga bugun yangi texnologiyalar, investitsiyalar, g‘oyalar kerak. AQSh, Gollandiya, Germaniya, Avstraliya va boshqa ilg‘or davlatlar fuqaroligini olgan, o‘z biznesiga ega bo‘layotgan o‘zbeklar bugun O‘zbekistonga to‘siqlarsiz, qog‘ozbozliklarsiz borib, o‘sha yerda ham mamlakat rivoji uchun dalda bo‘ladigan loyihalarini amalga oshirishlari kerak.

Agar O‘zbekiston hukumati ikki fuqarolikka ruxsat bersa, boshqa davlat fuqaroligini olgan ko‘plab o‘zbekistonliklar mamlakat iqtisodiga, rivojiga katta hissa qo‘sha oladi.

Xorijda yashab, o‘sha yerda o‘zini tiklab olib, biznesini yaratgan, o‘zi va yaqinlari uchun to‘kin-sochin hayot va osuda sharoit yaratib, bir necha yuz odamni ish bilan ta'minlagan vatandoshlar oz emas.

Shunday bo‘lsa ham, ularning o‘y-xayollari vatanda. Ular O‘zbekistonda ham o‘z bizneslarini ochishni, insonlarga farovonlik keltirishni o‘ylab yashashadi. Buning uchun esa shunga yarasha qonunlar va qarorlar qabul qilinishi ayni muddao.

Ikki fuqarolik – bugun xorijda yashayotgan juda ko‘p o‘zbekistonliklar uchun dolzarb mavzu.

Ma'lumotlarga ko‘ra, hozirgacha AQShning “Green card” dasturi g‘olibi sifatida bu mamlakatga 100 mingdan ziyod o‘zbekistonliklar kirib kelgan.

Ularning orasida AQSh fuqaroligini olganlar yildan yilga ko‘payib bormoqda. AQShga qo‘shni Kanadada ham minglab o‘zbekistonliklar “kanadalik” bo‘lib ulgurishgan. Yevropa mamlakatlari, Rossiya, Avstraliyada ham mahalliy fuqarolikni olib, nafaqa yoshiga qarab ketayotgan o‘zbekistonliklar ko‘p.

Ayni paytda ular o‘z tarixiy vatani bo‘lgan O‘zbekiston fuqaroligidan voz kechishni tasavvur ham qila olmaydi. Ular nafaqaga chiqqach, O‘zbekistonga qaytib borib, o‘zi tug‘ilib-o‘sgan joylarda umrguzaronlik qilishni orzu qilishadi.

Ikki fuqarolik O‘zbekistonga nima beradi?

AQSh, Kanada va boshqa mamlakatlarda nafaqaga chiqqan o‘zbekistonliklarda ikki fuqarolik bo‘lsa, ular O‘zbekistonga nima beradi dersiz?

Gap shundaki, AQSh, Kanada kabi taraqqiy etgan mamlakatlar fuqarolarining nafaqasini, ular qaysi mamlakatda bo‘lsa, o‘sha davlatga yetkazib beradi. Rivojlangan mamlakatlar fuqaroligini olgan ko‘plab muhojirlar o‘sha mamlakatda nafaqaga chiqadi. Ularning aksariyati nafaqaga chiqqach, o‘zi tug‘ilib-o‘sgan yurtga chiqib ketadi. Ular o‘z nafaqalarini vatanida olib, o‘sha yerda sarflashadi.

Ana endi tasavvur qiling, chet ellarda yashab, o‘sha davlat fuqaroligini olgan o‘zbekistonliklar yurtiga qaytib, chet eldagi nafaqasini O‘zbekiston banklari orqali olib tursa, mamlakat iqtisodiga qanchalik dalda bo‘ladi?!

Rivojlangan mamlakatlardagi nafaqa miqdori esa, ishoning, kam emas...

Xorijda nafaqaga chiqqan o‘zbekistonliklarni vatanga bemalol borib kelishlari uchun O‘zbekiston hukumati sharoit yaratsa, foydadan xoli bo‘lmaydi.

Bugun tarix takrorlanmoqda

O‘zbekiston o‘zining tarixiy-me'moriy obidalari, ajoyib iqlimi va geografik joylashuvi bilan dunyodagi rivojlangan mamlakatlar diqqatini tortmoqda.

Asrlar mobaynida bu yurt Buyuk ipak yo‘lining muhim bo‘g‘ini sifatida ilm va savdo ahlining, turli sarkarda-yu buyuk ulamolarning qadami yetgan maskan bo‘lgan. Bugun tarix yana takrorlanmoqda.

Dunyo ahli maftunkor sayyohlik yo‘nalishiga aylanib borayotgan mamlakatni ayni paytda jahon ilmiy, madaniy va tarixiy yo‘nalishlari tutashgan eng jozibali nuqta deb atashmoqda.

Shunday ekan, mamlakatda ikki fuqarolikka yo‘l ochilsa, uning xorijdagi ijobiy imiji yanada oshadi, mamlakatga kelayotgan turistlar oqimi yanada ko‘payadi va bu sayyohlarning katta qismini xorijda yashayotgan o‘zbekistonliklarning o‘zi tashkil qiladi.

Chet elda doimiy yashayotgan o‘zbekistonliklar hisobiga har yili turistik sarmoyaning mo‘'tadil oqimi kirib keladi.Sarmoyasi bor o‘zbekistonlik vataniga borgach, nima qiladi? Albatta, u birinchi navbatda chiroyli uy-joy qiladi, yaqinlarining yashash sharoitini yaxshilaydi, avtomobil oladi, savdo-sotiqni yo‘lga qo‘yadi, o‘zi va yaqinlarining farzandlari ilm olishini kafolatlaydi. Bundan tashqari, ikki fuqarolik berilishi orqali yangi soliq turini yo‘lga qo‘yish mumkin.

“O‘lsam, o‘z vatanimga olib borib ko‘minglar”

Ba'zilar ikki fuqarolikka ruxsat berilishi Markaziy Osiyodagi geosiyosiy vaziyatga salbiy ta'sir qiladi, deb o‘ylashi mumkin, biroq AQSh, Fransiya, Shveytsariya kabi ilg‘or va rivojlangan davlatlar tajribasi bunday xavotirlarning asossiz ekanini ko‘rsatmoqda.

Isroil tajribasiga ko‘ra esa, ikki fuqarolikka ega vatandoshlar qayerda bo‘lmasin, tarixiy vatani foydasini o‘ylab ish qiladi, ikkinchi vatanda yuqori martabalarga erishib ham Isroil manfaatlarini unutmaydi.

O‘zbeklar azaldan yurtini, tug‘ilgan yerini qadrlaydi. “O‘lsam, o‘z Vatanimga olib borib ko‘minglar”, deyishadi xorijda ham.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, “Buyuk kelajak” ekspertlar guruhining a'zosi sifatida ikki fuqarolik haqidagi ushbu taklifni o‘rtaga tashlar ekanman, taklifim O‘zbekiston taraqqiyotiga har tomonlama foyda keltirishiga aminman.

Nur Parpiyev,
"Buyuk Kelajak" eksperti.

Ma'lumot uchun: Nur Parpiyev 1988 yilda Qirg‘izistonda tug‘ilgan. 2014 – 2018 y.y. Kolumbiya okrugi Universitetida biznes-menejment va moliya yo‘nalishida, 2011 – 2013 y.y. Montgomeri kollejida xalqaro biznes yo‘nalishida ta'lim olgan.

Mavzuga oid