Jamiyat | 17:50 / 01.06.2019
55960
5 daqiqa o‘qiladi

«Komandir, faralarni yoqib olaylik!». Qoidalar faqat oddiy odamlar uchunmi?

Foto: Videodan kadr

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Ichki ishlar vazirligi xodimlariga aloqador ikki video tarqaldi va bu foydalanuvchilar tomonidan keskin muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Birinchi videoda yo‘lda harakatlanayotgan haydovchi va uning sherigi hozirgi kunda qattiq tanqid ostiga olingan kunduzi chiroqlarni yoqib yurish bilan bog‘liq holat bo‘yicha ichki ishlar yo‘l patrul post xizmati xodimlariga qarashli avtoulovni suratga olgan. Unda chiroqlarni yoqib yurish majburiyati faqat oddiy xalqqa tegishliligi va videodagi yo‘l patrul xodimi mashinasining chiroqlarini yoqmagani tanqid ostiga olingan. Shundan so‘ng, haydovchilar va xodimlar o‘rtasida harakatlanish chog‘ida dahanaki suhbat bo‘lib o‘tgan.

Haydovchi: Komandir, faralarni yoqib olaylik

PPX xodimi: O‘zingiz yoqib olavering

Haydovchi: Nima, sizga yoqish mumkin emasmi?

PPX xodimi: Menga mumkin emas. Nima deysan? Ol, chekkaga!

Haydovchi: Nega olaman?

PPX xodimi: Ol!

Shundan so‘ng, haydovchi mashinasini to‘xtatgan. Ichki ishlar xodimi kelib haydovchi tomonidan berilgan savollarga: «Sening nima ishing bor. Sen «GAI» xodimimisan. Senga emas qonunni nazorat qilish. Seni ham, meni ham to‘xtatadigan ichki ishlar xodimi bor. Bo‘ldimi? Menga mumkin emas. Sog‘ bo‘l!», deb javob qaytargan. Shundan so‘ng tomonlar xayrlashgan.

Jamoatchilikda o‘z-o‘zidan savollar paydo bo‘ladi. Qonun faqat oddiy odamlar uchunmi? Ichki ishlar xodimi o‘z kasb etikasiga amal qilmaydimi? Qonunni nazorat qilish ichki ishlar vazirligida ekan, xodimlari birinchi navbatda unga amal qilib namuna bo‘lishi kerak emasmi? Nega hamma uchun teng bo‘lgan qonun uning himoyachilariga eslatilsa, dag‘dag‘a bilan javob beriladi? Bunday xodimlarga xizmat tekshiruvi o‘tkazilmaydimi? Chora ko‘rilmaydimi?

Prezident  Shavkat Mirziyoyev bir necha marta davlat amaldorlari xalqqa xizmat qilishi va xalq ularni o‘z himoyachisi sifatida ko‘rishi lozimligini aytmoqda. Aslida ham ular shunday bo‘lishi kerak emasmi?

Ikkinchi video haqida gapiradigan bo‘lsak, unda piyodalar o‘tish joyida piyodaga yo‘l bermagan velosiped haydovchisi to‘xtatilgan. Inspektor tomonidan unga belgilangan qonunni buzgani sabab qilib ko‘rsatilib, ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Bu video ham juda ko‘p foydalanuvchilarning bahsiga sabab bo‘lmoqda. Xalqdan jarimalar undirish ko‘payib ketayotgani aytilmoqda. Bu holat qonunchiligimizda qanday belgilangan?

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 138-moddasida piyodalarning yo‘l harakatini tartibga soluvchi signallarga bo‘ysunmasligi, ularning yo‘lning harakat qismini belgilanmagan joylardan kesib o‘tishi, piyodalar yo‘lning qatnov qismida, shu jumladan piyodalar o‘tish joyida harakatlanayotganda telefondan foydalanishi, kitoblarni yoki davriy nashrlarni o‘qishi, videomateriallarni tomosha qilishi hamda audiomateriallarni eshitishi, shuningdek e'tiborni chalg‘itadigan boshqa elektron vositalardan foydalanishi, shuningdek moped va velosiped haydovchilarining, ulovli aravani boshqarib boruvchi va yo‘ldan foydalanuvchi boshqa shaxslarning yo‘l harakatini tartibga soluvchi signallarga bo‘ysunmasligi, ustunlik beruvchi, taqiqlovchi yoki ko‘rsatma beruvchi yo‘l belgilari talablariga rioya etmasligi eng kam ish haqining uchdan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi deyilgan.

Demak, bu holatda «GAI» xodimi qonunga ko‘ra, o‘z xizmat vazifasini to‘g‘ri amalga oshirgan. Lekin ayrim shaxslar buning mohiyatini anglamay, ichki ishlar xodimini keskin tanqid qilmoqda. Bu noto‘g‘ri.

Men bunday samarasiz taktikadan ko‘ra boshqa tarafga diqqatni qaratgan bo‘lardim. Bu talab Yevropa va boshqa rivojlangan davlatlarda ham yo‘lga qo‘yilgan. Lekin ularda velosipedlar uchun alohida yo‘laklar barpo etilgan. Ha, ular avvaliga yetarli sharoit qilishadi, keyin talablar belgilaydi. Nega bizda Yevropadan talablarni olamiz-u, biroq u yerdagi sharoitlarni o‘zimizda ham qilib qo‘ymaymiz? Ko‘chirsak bunday loyihalarni to‘liq o‘zlashtiraylik. Davlat xazinasiga xizmat qiladigan qismini emas.

Bu holatga ham tegishli qonunchilik tashabbusiga ega va yo‘llar qurilishini nazorat qiluvchi tashkilotlar diqqatini qaratishini xohlar edik. Chunki bizning yo‘llar Yevropa standartlariga javob bermaydi. Ulardan qonunlarnigina ko‘chirish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.

Zafarbek Solijonov, jurnalist

Mavzuga oid