Jamiyat | 13:15 / 03.06.2019
83561
10 daqiqa o‘qiladi

«Faralar mojarosi». Yana qancha avtomobil yonib ketishi kerak?

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 apreldagi №292-sonli qarori bilan yo‘l harakati qoidalariga o‘zgartirish kiritilib, unga ko‘ra kunning yorug‘ vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shartligi belgilandi. Aynan ushbu kiritilgan o‘zgartirish ko‘pchilik fuqarolar tomonidan norozilik bilan qarshi olinib, bunday o‘zgartish kiritishga asoslar yetarli emasligi, transport vositalarining bugungi kundagi texnik holati mos kelmayotgani kabi e'tirozli fikrlar bildirilmoqda.

Yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abdurashid Abduqodirov «Munosabat» ko‘rsatuvida kunduzgi vaqtda avtomobillarning yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoqib yurishi bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirgandi.

Unda Vazirlar Mahkamasi qarori tegishli talablarga javob bermasligi, qarorda aniq sana ko‘rsatilmagani, «kunning yorug‘ vaqtida» degan jumla huquqiy hujjatlarda uchramasligi, hujjat tadbirkorlarga qo‘shimcha majburiyat yoki talablar yuklagani tufayli uning uch oydan keyin kuchga kirishi lozimligi va jarima miqdori qonunchilikka muvofiqlashtirilmaganini iddao qilgandi. Shuningdek, IIV jarimani 2016 yilda joriy qilgan, qoidalar esa 2019 yilda keskin o‘zgartirilganini aytgandi.

Deputat Adliya vazirligini ham hujjatning huquqiy ekspertizasidagi passiv roli uchun koyigandi. Jarimani kiritayotgan payt deputatlarning roziligini olish uchun boshqa sabab ko‘rsatilib, deputatlarning ko‘pchilik ovozi olinganini tushuntirgandi.

Buni ko‘rsatuvda ishtirok etgan boshqa deputatlar ham tasdiqlagandi.

Ko‘p o‘tmay Adliya vazirligi o‘z munosabatini bildirdi. Deputatlar tomonidan 2016 yilda hukumat kiritgan, deb tilga olinayotgan qonun loyihasi aslida Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan tashabbus sifatida parlamentga kiritilgani, hujjatda muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, e'lon qilingan kundan kuchga kirishi ma'lum qilindi.

Tadbirkorlarga qo‘shimcha majburiyat yoki talablar yuklagani tufayli uning uch oydan keyin kuchga kirishi lozimligi bo‘yicha transport vositalarining chirog‘ini yoqib yurishi haqidagi talab bilan tadbirkorlik faoliyatini yuritish qiyinlashib yoki osonlashib qolmasligi, qonun bo‘yicha ham buning aynan tadbirkorlik faoliyatiga aloqasi yo‘qligi va yo‘l harakati qoidalari universal, hammaga bir xil tatbiq etiladigan huquqiy normalar yig‘indisiligi tushuntirildi.

Yana qaror loyihasi boshqa turdagi ekspertizalar o‘tkazilganidan so‘ng, Adliya vazirligi tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan va tegishli taklif-mulohazalar berilgani ta'kidlandi. Boshqa turdagi ekspertizalar deganda nima nazarda tutilganiga esa Adliya vazirligi izoh bermadi.

Shu o‘rinda, Adliya vazirligi hozirda ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeks loyihasi ustida ishlanayotgani va unda ma'muriy jazo choralari tizimini liberallashtirishga alohida e'tibor qaratilishini ma'lum qildi.

Bu voqeadan so‘ng, deputat Rasul Kusherbayev O‘zA muxbiri bilan bo‘lgan suhbatda mazkur masalaga ochiqchasiga oydinlik kiritishga tayyorligini bildirib, Adliya vaziri yoki o‘rinbosarini ochiq debatga chorladi.

Uning aytishicha, o‘sha vaqtdagi qonunda faqatgina yuk va yo‘lovchi tashuvchi avtomobil vositalariga nisbatan chiroqlarni yoqib yurish keltirilgan. Lekin amalda bu tajriba barcha haydovchilar uchun qo‘llanmoqda.

Rasul Kusherbayev Adliya vazirligini odamlarni chalg‘itib, deputatlarning obro‘sini to‘kishga urinishda ayblagan.

«Nima uchun Adliya vazirligi minglab odamlarni qiynayotgan muammoni hal etish o‘rniga bizdan ayb izlamoqda. Ayb qidirish bo‘lsa, biz ham vazirlikning kamchiliklarini ochiq ayta olamiz. Barcha qonun hujjatlari bo‘yicha ekspertizalar a'lo darajada o‘tkazilib, hech bir hujjatda ma'lum guruh va shaxslarning monopoliyasiga yo‘l qo‘yish, nodavlat tashkilotlarga tadbirkor va fermerlarni majburiy a'zolikka kiritish, davlat tilidan boshqa tilda hujjatlar qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaganmi? 

Aholini arzon uy-joy olishi uchun hukumat belgilangan tartiblarni qo‘llashda qonunbuzilishini ko‘rib turib ko‘z yumish holatlari ham bo‘lmagan shekilli? Bu bizga ma'lum natijalar xolos», - degan deputat.

Rasul Kusherbayev Adliya vazirligi haqiqatan odamlarga yordam qilishni istasa, deputatlarning aybini izlamasdan vaqt va bilimni boshqa narsaga sarflashini so‘radi.

«Barcha mas'ullar, shu jumladan deputatlar va vazirliklar ham avvalo xalq oldida mas'ul va hisobdordir. Xalqning xohish-irodasi faoliyatimizning asosiy mezoni. Deputat sifatida biz shunday hisoblaymiz. Xalq e'tiroziga sabab bo‘layotgan muammolarni barchamiz bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab hal etishimiz kerak. Afsuski, bugun biz va biz orqali yuz minglab yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlashiga umid qilganlar qatorida bir jamoaning yo‘qligiga ishonch hosil qildik. Noiloj, bu yo‘lda ularsiz bo‘lsa ham oxirigacha davom etamiz», - deb yozdi deputat.

30 may kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida IIV rahbariyati va mas'ul mutasaddilari ishtirokida OAV xodimlari bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Jurnalist sifatida ochiq aytishim kerak, mazkur brifingda barchasiga oydinlik kiritilib, xalq fikri inobatga olinishini kutgandim. Brifingda qatnashgan mas'ullar o‘z pozitsiyasini saqlagan holda ba'zi faktlarni keltirishdi.

Yig‘ilish avvalida vazir o‘rinbosari Akramxon Boboxonov o‘z ma'lumotlarini bayon qildi.

«Havo harorati 35-50 darajaga yetadigan BAA va Malayziyada ham transport vositalari uchun yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoqib harakatlanish tartibi mavjud. Iqlim sharoiti bizniki bilan deyarli bir xil bo‘lgan qo‘shni Qirg‘iziston va Qozog‘iston davlatlarida ham xuddi shunday tartib amalda. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bu tartib kiritilgach YTH ko‘rsatkichi Qirg‘izistonda 21 foizga, Qozog‘istonda 11,12 foizga kamaygan.

Mazkur tartibga rioya qilmaganlik uchun Shvetsiyada 1 mln 51 ming 836 so‘m (milliy valutada hisoblaganda), Chexiyada 732 ming 220 so‘m, Estoniyada 1 mln 887 ming 510 so‘m, Ruminiyada 574 ming 829 so‘m jarima solinadi», dedi u.

Uning jarima summalari haqidagi faktlariga o‘sha yerdagi hamma jurnalistlarda savollar bor edi. Lekin vazir o‘rinbosari muhim tadbirga tayyorgarlik ko‘rishi kerakligini aytib uzr so‘ragan holda brifingni tark etdi.

Hurmatli Akramxon Boboxonov jarimalarni so‘mdagi nisbatda aytdi-yu, ammo Yevropa davlatlaridagi o‘rtacha oylik ish haqini so‘mga aylantirib aytmadi. Buni biz davom ettiramiz.

Birgina misol, Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi 2 049 700 so‘m. Shaxsiy fikrim, bu statistika ma'lumotlariga ishonmayman. Nega deysizmi? Yillar davomida iqtisodiyotimiz 8 foizdan o‘sib borganini aytgan tashkilot hali ham islohotlarga muhtojligi kundek ravshan. Istasangiz, bu haqda so‘rovnoma ham o‘tkazishimiz mumkin. Mayli, bu boshqa mavzu, bunga alohida qaytamiz. Bu summani dollarga aylantirsangiz taxminan 240 AQSh dollariga teng bo‘ladi.

Shvetsiyada esa eng kam ish haqi miqdori kamida 2500 AQSh dollarini tashkil qiladi. So‘mdagi ekvivalenti 21 million so‘mdan ortiq. Ijtimoiy ta'minot va mehnat huquqlari (ayniqsa 8 soatlik ish vaqti masalasi) ta'minlangani ham alohida mavzu.

Ikkinchi e'tiroz mutasaddilar chiroqlarni yoqib harakatlanish Yevropa standarti ekani va piyodalar xavfsizligi ko‘zlanayotganini ro‘kach qilgani bo‘yicha. Bizdagi yo‘llar Yevropa standartiga javob beradimi? Ritorik savol. Avtomobil yo‘llari, piyodalar o‘tish yo‘li va yer osti yo‘llari yetishmasligidan odamlar shoshilinch trassalarni kesib o‘tishadi-ku?

Undan ko‘ra, yo‘l qurilishiga mas'ul shaxslarga taklif kiritish kerak emasmi? Ular avval yo‘llarimizni Yevropa standartiga moslab qo‘ysin, keyin ulardagidek jarimalar qo‘llasak yarashadi. Nega bizda Yevropa standartlarining o‘zimizga kerakli qismi olinadi?

Ichki ishlar vazirligi rahbariyati bu masala yana o‘rganilayotganini aytmoqda. Qiziq, hali yengil mashinalarda sinov tariqasida o‘tkazilmagan bu amaliyot natijasida yana qancha mashina yonib ketarkin? Yana qancha xonadon ro‘zg‘ori jabr ko‘rarkin? Yaxshiki, hozircha avtomobillar yong‘ini fojialarga olib kelmadi.

Bundan tashqari, muammoni hal etish o‘rniga vazirliklar aybni deputatlarga, ular esa mutasaddilarga ag‘darishi qachongacha davom etadi? Bu masalada millionlab fuqarolar fikri inobatga olinadimi? Bu o‘rganish qachongacha davom etadi? Bunday tortishuv va barchasi hisobga olinmagan qarordan faqatgina oddiy odamlar jabr ko‘rmoqda. Davlatning vazifasi xalq fikri bilan qiziqib, uning manfaatlarini himoya qilish emasmi?...

Zafarbek Solijonov, jurnalist

Mavzuga oid