O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 4 iyun kungi 460-sonli qarori bilan Yo‘l harakati qoidalarining 138-bandi (Kunning yorug‘ vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shartligi)ga oid talabi 2021 yil 1 yanvardan boshlab kuchga kirishi belgilab qo‘yildi.
Shu o‘rinda haqli bir savol tug‘iladi. Kunduzi chiroq yoqib yurishga oid qoida rasman kuchga kirgan kundan to 4 iyun (ushbu talab bekor bo‘lgan kun)ga qadar kunduzi chiroq yoqib yurmagan haydovchilarga nisbatan rasmiylashtirilgan ma'muriy bayonnomalarning taqdiri nima bo‘ladi?
Ushbu savolga javob berishdan avval masalaning boshqa bir jihatiga e'tibor qaratamiz. Ya'ni, Vazirlar Mahkamasining joriy yil 9 apreldagi 292-sonli qarori bilan Yo‘l harakati qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, uning 138-bandi «Kunning yorug‘ vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shart» deya yangi tahrirda bayon etildi.
E'tibor berish kerak bo‘lgan jihati shundaki, Vazirlar Mahkamasining 4 iyun kuni qabul qilingan 460-sonli qarorida Yo‘l harakati qoidalarining ushbu bandi (138-band) o‘zgartirilmadi yoki bekor qilinmadi. Faqat Ichki ishlar vazirligiga 1 oy muddat ichida tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish kiritish vazifasi yuklandi. Ya'ni yo‘l harakati qoidalarining kunning yorug‘ vaqtida chiroqlarini yoqib harakatlanishi shartligi haqidagi qoida hozircha o‘z kuchida turmoqda, hali bekor bo‘lmadi.
Bunday vaziyatda huquqiy jihatdan qaysi biriga amal qilish kerak? 9 apreldagi qarorgami yoki 4 iyundagi? Birida yoqib yur deyilgan, ikkinchisida 2021 yilgacha yoqmasa ham bo‘ladi deyilgan.
Bunday holatda «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonunning 16-moddasi bizga yordamga keladi. Unda aytiladiki, teng yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar o‘rtasida tafovut bo‘lgan taqdirda keyinroq qabul qilingan hujjat qoidalari amal qiladi. Demak, garchi ikkita qaror bir-biriga zid bo‘lsada, 4 iyundagi qaror yuridik kuchga ega bo‘ladi hamda chiroqlarni bemalol yoqmay yurish mumkin (ayrim holatlardan tashqari).
Bevosita asosiy masalaga qaytadigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 9-moddasiga ko‘ra, ma'muriy huquqbuzarlik uchun javobgarlikni yengillashtiruvchi yoki bekor qiluvchi hujjatlar orqaga qaytish kuchiga egadir, ya'ni ushbu hujjatlar chiqqunga qadar sodir etilgan huquqbuzarlik hollariga ham taalluqlidir.















