Jamiyat | 08:50 / 03.06.2019
9649
3 daqiqa o‘qiladi

Mudofaa vazirligi bolalar uchun bayram o‘tkazdi

1 iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida Mudofaa vazirligi tashabbusi bilan Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan «Avayxon» mahallasida bayram tantanalari bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston mudofaa vazirining o‘rinbosari general-mayor Azizbek Ikramov, Ichki ishlar vazirligi Mirzo Ulug‘bek tuman boshqarmasi vakillari hamda tuman hokimligi rahbariyati so‘zga chiqib, barcha bolajonlarni muborakbod etishdi.

 

Tadbir avvalida Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti kursantlari tomonidan Ichki ishlar vazirligi bo‘linmalari uchun yaratilgan mobil ilovaning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur mobil ilova ichki ishlar organ xodimlari bilan favqulodda muloqot qilish uchun qulay vosita hisoblanib, jinoyatchilikka qarshi kurashishda keng samara berishi kutilmoqda.

Shundan so‘ng, bolajonlar uchun orziqib kutilgan bayram tantanalari ochiq deb e'lon qilindi. Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli hamda Harbiy orkestr tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

Qurolli Kuchlari akademiyasi kursantlar tomonidan ijro etilgan sahna ko‘rinishlari hamda qo‘l jangi elementlari esa bayramni haqiqiy shouga aylantirib yubordi.

Tadbir davomida tashkil etilgan turli bellashuv va sport o‘yinlarida faol ishtirok etgan bolajonlarga kitob va esdalik sovg‘alari hadya etildi.

 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti 2018 yil 24 dekabrdagi «Jamoat xavfsizligini ta'minlash samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzolagan edi. Unda jamoat xavfsizligini ta'minlash tizimida o‘zaro maqsadli hamkorlikni tashkil etish, joylardagi davlat hokimiyati va boshqaruv organlari hamda jamoatchilik tuzilmalari hamkorligini yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilab berilgan.

Ushbu qaror ijrosi yo‘lida, Mudofaa vazirligi poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumaniga mas'ul etib belgilangan. Mudofaa vazirining tegishli buyrug‘i bilan tumanda jamoat xavfsizligini ta'minlashga sezilarda darajada hissa qo‘shgan Ichki ishlar vazirligi xodimlari qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Ta'kidlash kerakki, Mudofaa vazirligi tashabbusi bilan bu kabi bayram tadbirlari Toshkentdagi eng yirik istirohat bog‘larida ham o‘tkazildi.

Xususan, Toifalangan obektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi harbiy xizmatchilari «Anhor-Lokomotiv» bog‘ida kichkintoylarga bayram tantanasini taqdim etdi.

Badiiy havaskorlik guruhi hamda harbiy orkestr jamoasining kuy-qo‘shiqlari, faxriy qorovulning ko‘rgazmali chiqishlari yig‘ilganlarning olqishiga sazovor bo‘ldi.

Harbiy xizmatchilarning farzandlari orasidagi rassomchilik ko‘rgazmasi, shaxmat, shashka va stol tennisi musobaqasi, g‘oliblarga qo‘mondonlik tomonidan berilgan Faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari unutilmas xotiraga aylandi.

Mavzuga oid