Jahon | 23:12 / 08.06.2019
11820
3 daqiqa o‘qiladi

Eron TIV: AQSh sanksiyalari «iqtisodiy terrorizm namunasi»

Eronning neft-kimyo sanoatiga nisbatan joriy etilgan Amerika sanksiyalari xalqaro qonun-qoidalarga ziddir. Bu haqda Eron TIV matbuot kotibi Abbos Musoviy bayonot berdi, deb yozmoqda Anadolu.

Avvalroq AQSh Eronning eng yirik neft-kimyo holdingi Persian Gulf Petrochemical Industries (PGPIC) va uning 39 ta sho‘'ba korxonalari va filiallariga nisbatan sanksiya joriy etgan edi.

Eron TIV matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Trampning Eron bilan muzokaralar olib borishga tayyor ekanligi to‘g‘risidagi bayonoti bir hafta o‘tar-o‘tmas befoyda ekanligi bilinib qolgan.

Diplomat jahon hamjamiyatini AQSh tomonidan xalqaro huquq prinsiplarining oshkora poymol etilayotganiga munosabat bildirishga chaqirgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qadam iqtisodiy terrorizm namunasi hisoblanadi.

«AQShning maksimal bosim o‘tkazish siyosati muvaffaqiyatsizdir, bu chorani ilgari Amerikaning boshqa prezidentlari ham qo‘llashgan. AQSh hokimiyati bu yo‘l bilan biror maqsadiga erisha olmaydi», — degan Musoviy.

Avvalroq Eron prezidenti Hasan Ruhoniy yadro bitimi doirasida Eronning manfaatlari hisobga olinmasa Tehron keyingi 60 kun ichida uranni boyitishni qayta tiklashini ta'kidlab o‘tgan edi. 2015 yilda imzolangan yadroviy bitimga ko‘ra Tehron o‘zining yadroviy dasturiga cheklovlar joriy etishi evaziga Eronga nisbatan sanksiyalar bekor qilinishi nazarda tutilgan edi. 2016 yilning 16 yanvarida Erondan sanksiyalarning katta qismi olib tashlangan edi.

2018 yilning 8 mayida AQSh prezidenti Donald Tramp AQShning Eron bilan yadroviy bitimdan chiqishini va bu mamlakatga nisbatan yangi sanksiyalarning birinchi bosqichi joriy etilishini e'lon qildi. Shundan so‘ng Eron hokimiyati BMT xalqaro sudiga AQShning bir tomonlama sanksiyalari mamlakatlar o‘rtasida 1955 yilda imzolangan «Do‘stlik, iqtisodiy munosabatlar va konsullik huquqlari to‘g‘risida»gi bitimga zid ekanini asos qilib murojaat qilgan.

AQSh 2018 yilning 5 noyabrida Tehronga nisbatan sanksiyalarning ikkinchi paketini joriy etdi va u Eronning energetika, kemachilik hamda moliyaviy sektorini qamrab oladi. Sanksii, xususan, Eron milliy neft kompaniyasining xalqaro faoliyatini chegaralaydi, xalqaro moliya tashkilotlariga Eronning markaziy banki va boshqa banklari bilan operatsiyalar o‘tkazishni taqiqlaydi.

Sanksiyalar shuningdek, Eron bandargohlari, kemasozlik sanoati va dengiz tashuvchilarini qamrab oladi. AQSh g‘aznachiligi «qora ro‘yxati»ga Eronning kemachilik kompaniyalari ham kiritilgan.

Mavzuga oid