O‘zbekiston | 10:58 / 22.06.2019
54861
30 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis Senatining 20-yalpi majlisidagi nutqi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisidagi nutqi O‘zA saytida to‘liq taqdim etildi.

Assalomu alaykum, muhtaram Senat a'zolari!

Hurmatli yalpi majlis qatnashchilari!

Avvalambor, bugun siz, azizlar bilan uchrashib, barchangizni sog‘-salomat, yaxshi kayfiyatda ko‘rib turganimdan mamnunman.

Shu imkoniyatdan foydalanib, sizlarga o‘zimning yuksak hurmatim va samimiy tilaklarimni bildiraman.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining bugungi yalpi majlisi barqaror milliy taraqqiyotimizning yangi bosqichida, jamiyatimiz hayotining barcha soha va tarmoqlarida keng ko‘lamli va shiddatli demokratik islohotlar jadal olib borilayotgan mas'uliyatli bir davrda bo‘lib o‘tmoqda.

Hozirgi kunda ko‘pmillatli xalqimiz mamlakatimizda qabul qilingan Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan ustuvor maqsad va vazifalarni amalga oshirish yo‘lida bahamjihat bo‘lib, qat'iyat va fidoyilik bilan mehnat qilmoqda.

Oldimizga qo‘ygan ulkan marralarga erishish uchun davlatimiz va jamiyatimizning barcha kuch va imkoniyatlari safarbar etilmoqda. Ayniqsa, davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, milliy iqtisodiyotimizni rivojlantirish va liberallashtirish, ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash, samarali tashqi siyosat olib borishdek ustuvor yo‘nalishlarga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Xalq bilan doimiy va tizimli muloqot asosida umumiy soni 33 milliondan ortib borayotgan aholimizning huquqlarierkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash borasida yangi qadamlar qo‘yilmoqda. Jumladan, iqtisodiyot sohasida ijtimoiy yo‘naltirilgan haqiqiy bozor munosabatlarini joriy etish, tadbirkorlik, xususiy mulk rivojiga keng yo‘l ochib berish, zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari va infratuzilmalarini tashkil etish masalalariga birinchi darajali ahamiyat berilmoqda. Yangi ish o‘rinlari yaratish, zamonaviy uy-joylar, yo‘l va ko‘priklar, bolalar bog‘chalari, maktablar va oliy o‘quv yurtlari, shifoxonalar, madaniyat va san'at, sport maskanlarini barpo etish, bir so‘z bilan aytganda, xalqimizning hayoti obod va farovon bo‘lishiga erishish, uni rozi qilish – barcha bo‘g‘indagi rahbar va mutasaddilarning faoliyat mezoniga aylanmoqda.

Albatta, hayotimizdagi bunday ulkan miqyosdagi iqtisodiy-ijtimoiy va siyosiy-huquqiy islohotlarni amalga oshirishda milliy parlamentimiz – Oliy Majlis va uning yuqori palatasi bo‘lmish Senatning, siz, hurmatli senatorlarimizning faoliyati g‘oyat muhim ahamiyatga ega ekanini hammamiz yaxshi bilamiz.

Biz Senat deganda, birinchi navbatda, milliy parlamentimizning siyosiy, huquqiy va madaniy salohiyatini amalda namoyon etadigan, xalq manfaatlarining chinakam ifodachisi va haqiqiy himoyachisi bo‘lgan katta bir kuchni tasavvur qilamiz.

Yodingizda bo‘lsa, bundan ikki yil oldin, ya'ni, 2017 yil 12 iyul kuni siz, muhtaram xalq noiblari bilan uchrashib, parlamentimiz faoliyatini bugungi shiddatli davrning o‘tkir talablari asosida yanada takomillashtirish bo‘yicha eng muhim vazifalarni belgilab olgan edik.

Men yaxshi eslayman, o‘sha uchrashuvda “Parlamentimiz haqiqiy demokratiya maktabiga aylanishi, islohotlarning tashabbuskori va asosiy ijrochisi bo‘lishi kerak”, degan fikr o‘rtaga qo‘yilgan edi.

Ana shu dasturiy g‘oyani amalga oshirish uchun Oliy Majlisga Murojaatnomalarimizda ham O‘zbekistonning bugungi ijtimoiy-siyosiy hayotida milliy parlamentarizmni rivojlantirish bilan bog‘liq masalalarga alohida e'tibor qaratilgani sizlarga yaxshi ma'lum. Bu borada, jumladan, Oliy Majlis palatalarining jamiyatimiz va davlatimiz hayotidagi o‘rni va nufuzini oshirish, ularning ishini samarali tashkil etish uchun zarur sharoit yaratish, deputatlar va senatorlar faoliyatining moddiy-tashkiliy ta'minotini yaxshilashga qaratilgan muhim chora-tadbirlar ko‘rildi.

O‘tgan davr mobaynida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tizimli demokratik jarayonlarda Senat tomonidan qonun ijodkorligi bilan birga ta'sirchan parlament nazoratini olib borish, joylarga chiqib, aholimizni qiynayotgan, bezovta qilayotgan muammolarni o‘rganish, ularni ham qonuniy, ham amaliy nuqtai nazardan hal qilish yuzasidan bir qator e'tiborga loyiq ishlar amalga oshirilayotganini albatta e'tirof etish lozim.

Biz o‘z faoliyatimizni boshlagan dastlabki kunlardan e'tiboran siz, hurmatli xalq vakillari bilan barcha muhim vazifalarimiz qatorida ikkita eng asosiy masalaga alohida ahamiyat qaratish haqida kelishib olgan edik. Bularning birinchisi – jamiyatimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlash bo‘lsa, ikkinchisi – aholimizning sog‘lig‘ini muhofaza qilishdir.

Hammamiz tushunamiz, tinchlik va sog‘liq – bu har bir inson, butun xalqimiz uchun hech narsa bilan o‘lchab, baholab bo‘lmaydigan buyuk ne'matdir. Shuning uchun ham mana shu ikki sohada biz ahvolni tubdan o‘zgartirib, ijobiy natijalarga erisha olsak, butun jamiyatimizdagi vaziyat va ijtimoiy muhit keskin o‘zgaradi, men bunga aminman.

Shu maqsadda biz parlament a'zolariga katta ishonch bildirib, Qonunchilik palatasiga – sog‘liqni saqlash sohasida, Senatga esa ichki ishlar organlari tizimida islohotlarni amalga oshirishda bosh-qosh bo‘lishni taklif etgan edik.

Bugungi kunda ichki ishlar organlari faoliyatini samarali tashkil etish, jinoyatchilikning oldini olish, huquqbuzarliklar profilaktikasini yo‘lga qo‘yish, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, fuqarolar ongida “Qonun – ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar”, degan yuridik tamoyilni qaror toptirish borasida erishilayotgan yutuqlarda Senat a'zolarining ham munosib hissasi bor.

Ayni vaqtda mamlakatimizni yangilash va modernizatsiya qilish, jamiyatimizning barcha jabhalarini erkinlashtirish, xalqimizning hayot darajasi va turmush sifatini yanada yaxshilash, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e'tiborini yuksaltirish bilan bog‘liq g‘oyat dolzarb, kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalarni bajarishda Senatning roli va ta'sirini oshirishni hayotning o‘zi talab etmoqda.

Bu haqda gapirganda, men Senat faoliyatida o‘z yechimini kutib turgan bir qator muhim masalalarga e'tiboringizni qaratmoqchiman.

Birinchidan, Senatning qonunchilik faoliyatida, ishni to‘g‘ri tashkil qilishda talabchanlik va jonkuyarlik, tashabbuskorlik va izchillik yetishmayotganini qayd etish lozim.

Misol uchun, 2015-2018 yillar davomida yuqori palata tomonidan 140 ta qonun ma'qullangan bo‘lsa-da, aksariyat qonunlarning ma'no-mazmuni Senatda ko‘rib chiqilganidan so‘ng sezilarli darajada o‘zgarmagan.

Ma'lumki, qonunlar muhokamasining boshlang‘ich bosqichlarida milliy va hududiy manfaatlar nuqtai nazaridan Senat a'zolarining mazkur muhokamada faol qatnashishlari talab etiladi. Afsuski, shu maqsadda tuzilgan ishchi guruhlar faoliyatiga ayrim Senat a'zolarining yuzaki yondashish holatlari uchrab turadi.

Garchi Senat qonunchilik tashabbusi huquqiga ega bo‘lmasa-da, bu hol uning qonunlarni takomillashtirish bo‘yicha taklif ko‘rsatishiga monelik qilmaydi. Tan olish kerakki, bu borada yuqori palata vakillari tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va madaniy sohalardagi muammolarni chuqur tahlil qilib, qonunchilikni rivojlantirishga oid asoslangan takliflarni kiritish masalasi, afsuski,talab darajasida emas.

Ikkinchidan, Senatning parlament nazoratiga oid amaldagi vakolatlaridan to‘liq foydalanilmayapti. O‘tgan 4 yil davomida Senat tomonidan atigi 10 ta parlament so‘rovi yuborilgani ham buning tasdig‘idir.

Ijro hokimiyati organlari faoliyati ustidan samarali parlament nazoratini amalga oshirish talab etilayotgan hozirgi sharoitda bunday holat bizni albatta qoniqtirmaydi.

To‘g‘ri, keyingi vaqtda Senat tomonidan markaziy va mahalliy davlat organlari rahbarlarining axborotini eshitish, huquqni qo‘llash amaliyotini joylarga chiqib o‘rganish yuzasidan 131 ta nazorat-tahlil tadbirlari o‘tkazilgan. Ammo mazkur tadbirlarning natijadorligi past bo‘lib, ularning aksariyati faqat tadbir o‘tkazish uchun nomiga tashkil etilmoqda.

Parlament nazorati doirasida aniqlangan tizimli muammolarni umumlashtirib, ijtimoiy-iqtisodiy, sud-huquq va boshqa sohalarga oid qonunchilikni va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha aniq, asoslangan takliflarni ishlab chiqish va amalga oshirish ishlari qoniqarli emas. Ayniqsa, bu borada xalqaro huquq talablarini hamda rivojlangan xorijiy davlatlarning qonunchiligini o‘rganish, ularning ilg‘or yuridik tajribasini qo‘llash bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surish borasida Senat faoliyatida o‘zgarish sezilmayapti.

Uchinchidan, hammamiz bilamizki, Senat – bu Oliy Majlisning hududiy vakillik palatasidir. Biroq Senat faoliyatida hududlarning manfaatlarini inobatga olish, umuman, hududlarga oid masalalarni ko‘rib chiqish yaqin-yaqingacha e'tibordan chetda qolib kelgani hech kimga sir emas.

Yuqori palata tomonidan muayyan hududni subvensiya (dotatsiya) dan chiqarish bo‘yicha hokimning axboroti biror marta ham tinglanmagan. Faqatgina 2018 yilda Senat tarixida ilk marotaba tegishli viloyat hokimining hududlarni rivojlantirish yuzasidan hisobotini eshitish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, Andijon, Buxoro, Farg‘ona viloyatlari hokimlarining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisobotlari eshitildi. Lekin bular hali yetarli emas.

Ayni vaqtda yuqorida zikr etilgan parlament eshituvlari bo‘yicha qabul qilingan qarorlarning mazmuni asosan hokimlik va mahalliy davlat idoralariga umumiy ruhdagi topshiriqlar berish bilan cheklanib qolmoqda.

Bu hujjatlarda har tomonlama chuqur tayyorlangan, har bir hududdagi ijtimoiy muammolarni yechishga, aholining og‘irini yengil qilishga qaratilgan aniq vazifalar o‘z ifodasini topmayapti. Shu bilan birga, ushbu qarorlar ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish ishlari ham sust olib borilmoqda.

To‘rtinchidan, ma'lumki, Senat zimmasiga xalq deputatlari mahalliy Kengashlari bilan amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ularning ish samaradorligini oshirish vazifasi ham yuklangan. Ushbu masala bo‘yicha yuqori palatamizda maxsus komissiya ham tuzilgan.

Mazkur yo‘nalishda dastlab muayyan tadbirlar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, oxirgi yillarda Senat tomonidan xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining faoliyatini kuchaytirish bo‘yicha ishlar tizimli asosda olib borilmayapti. Vaholanki, joylardagi mahalliy Kengashlar deputatlarining professional saviyasi va huquqiy savodxonligi, ularning deputatlik faoliyatini to‘g‘ri va samarali tashkil etish ko‘nikmalari bugungi kun talablari darajasida emas, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Xususan, biz kelgusida hokimlarning ijro va vakillik hokimiyati rahbari sifatidagi vakolatlarini alohida-alohida ajratib qo‘yishni o‘z oldimizga vazifa qilib qo‘ygan ekanmiz, Senatning xalq deputatlari mahalliy Kengashlari bilan samarali hamkorlikni tashkil etishdagi roli va mas'uliyati yanada ortishi tabiiy.

Beshinchidan, yana bir muhim masala – bu Senatning xalqaro yo‘nalishdagi faoliyatini kuchaytirish bilan bog‘liq.

Barchamizga ayonki, davlatimizning xalqaro maydondagi obro‘-e'tiborini ko‘tarish, faol tashqi siyosat olib borish sohasida ham Senatning muhim vazifalari bor.

Bu sohada Senat, xususan, Raisning birinchi o‘rinbosari Sodiq Solihovich Safoyev tomonidan ko‘pgina ishlar amalga oshirilayotganini albatta e'tirof etishimiz kerak.

Katta hayotiy va senatorlik tajribasiga ega S.Safoyev xorijiy davlatlar parlamentlari va xalqaro tashkilotlar bilan ko‘pqirrali va samarali hamkorlik aloqalarini kuchaytirish, mamlakatimizda olib borilayotgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi tub islohotlarning ma'no-mazmunini jahon jamoatchiligiga yetkazishda jonbozlik bilan faoliyat ko‘rsatmoqda.

Birgina shu yilning o‘zida Senat ishtiroki va shafeligida 50 dan ziyod xalqaro anjumanlar, seminarlar va davra suhbatlari o‘tkazildi.

Lekin yuqori palatamizning xalqaro yo‘nalishdagi ishining natijadorligiga yaxlit baho beradigan bo‘lsak, hali to‘la ishga solinmagan imkoniyatlar mavjud. Jumladan, Parlamentlararo Ittifoq, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Parlament assambleyasi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi parlamentlararo assambleyasi va O‘zbekiston nomidan Oliy Majlis a'zo bo‘lgan boshqa xalqaro parlament tashkilotlari bilan ishlash strategiyasini belgilaydigan, aniq va uzoq muddatni ko‘zlaydigan ish rejalarini Senat belgilab olishi lozim.

Umuman, parlamentlararo hamkorlik doirasida senatorlarning chet ellarga rasmiy tashriflari oldindan puxta rejalashtirilishi kerak, muzokaralar doirasida xorijiy sheriklar bilan muhokamaga qo‘yiladigan masalalarni pishiq-puxta belgilab olish shart.

Oddiy qilib aytganda, parlamentlararo hamkorlikka oid tashriflarga yuqori natijadorlik nuqtai nazaridan yondashishning vaqti-soati keldi.

Bundan tashqari, xorijiy investitsiyalar va tashqi savdo masalalariga oid tasdiqlangan ko‘plab “yo‘l xaritalari" ustidan parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha ham Senat faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadga muvofiq.

O‘zbekiston Respublikasi tomonidan imzolangan xalqaro shartnomalarning ijrosini parlament nazorati tartibida muntazam o‘rganishni yo‘lga qo‘yish lozim.

Aziz do‘stlar!

Ma'lumki, har qaysi mamlakat, har qaysi xalq hayotidaShaxs – Oila – Jamiyat – Davlat degan tushuncha va qadriyatlar hal qiluvchi o‘rin tutadi. Jamiyatning birlamchi va asosiy bo‘g‘ini bo‘lgan oilani esa muhtaram ayol siymosisiz aslo tasavvur etib bo‘lmaydi.

Xalqimiz azaldan muqaddas Ona zotiga, xotin-qizlarga doimo yuksak ehtirom ko‘rsatib keladi. Ayolga bo‘lgan hurmat-e'tibor – bu avvalo oilaga, jamiyat kelajagiga bo‘lgan hurmat-e'tibor ifodasidir.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, “Yer yuzidagi har qaysi jamiyatning madaniy darajasi uning ayollarga nisbatan munosabati bilan belgilanadi”, degan hikmatli so‘zlarda albatta chuqur ma'no bor.

Hozirgi globallashuv davrida xotin-qizlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy faolligini oshirish davr talabiga aylanmoqda.

Bugungi kunda yurtimizdagi davlat va jamoat tashkilotlari tizimida 1 ming 400 ga yaqin ayollar rahbarlik lavozimlarida ishlamoqda. Xotin-qizlarimiz orasidan Oliy Majlis Senatida – 17 nafar senator, Qonunchilik palatasida – 21 nafar deputat faoliyat olib bormoqda. Mahalliy kengashlarda esa xalq vakillarining 23 foizdan ziyodini xotin-qizlar tashkil etadi.

Respublika bo‘yicha joriy yilning may oyida fuqarolar yig‘inlari raisligi uchun o‘tkazilgan saylovlarda 1 ming 25 nafar ayol o‘zini o‘zi boshqarish idoralari raisi lavozimiga saylandi.

Yurtimizdagi turli korxonalarda ishlayotgan rahbar ayollar soni ham o‘sib bormoqda. Bu ko‘rsatkich 2017 yili 44,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilda 45,3 foizga yetgan.

Xotin-qizlarning ulushi sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida 82 foizdan ziyodni, ilm-fan, ta'lim-tarbiya, madaniyat va san'at sohalarida 72 foizni, qishloq xo‘jaligida 45 foizdan ortiqni, sanoatda 38 foizni tashkil etmoqda. Yurtimizdagi jami tadbirkorlik sub'yektlari tarkibida tadbirkor ayollarning ulushi 29 foizdan iboratdir.

Shu o‘rinda BMT Bosh kotibi Antonio Guterrishning joriy yil 11-17 mart kunlari bo‘lib o‘tgan, mamlakatimiz delegatsiyasi ham qatnashgan BMT Xotin-qizlar ahvoli bo‘yicha komissiyasining 63-sessiyasida aytgan bir fikrini keltirmoqchiman. “Qayerdaki siyosiy va ijtimoiy hayotda xotin-qizlar faol ishtirok etayotgan bo‘lsa, o‘sha joyda iqtisodiyot o‘smoqda, barqarorlik mustahkamlanmoqda va fuqarolarning farovonligi yuksalmoqda”, deb ta'kidladi A.Guterrish.

Bugungi kunda O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ayollarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida to‘laqonli ishtirok etishiga erishish, gender tenglik va reproduktiv salomatlikni ta'minlash bo‘yicha olib borilayotgan davlat siyosatiga jahon hamjamiyati, jumladan, BMT, Xalqaro mehnat tashkiloti, YUNISEF, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kabi nufuzli xalqaro ixtisoslashgan muassasalar tomonidan yuqori baho berilmoqda.

Barchamizni ruhlantirib, yangi kuch-quvvat bag‘ishlaydigan bunday ijobiy o‘zgarishlarga, avvalambor, yurtimizda xotin-qizlarning jamiyat hayotida munosib o‘rin egallashi, ularning ijtimoiy nufuzini yanada yuksaltirishga qaratilgan salmoqli ishlarimiz mustahkam poydevor bo‘layotganini ta'kidlash lozim.

O‘tgan qisqa davrda bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2 ta farmoni, 2 ta qarori, Hukumatning 6 ta qarori va 4 ta farmoyishi qabul qilindi va ular izchil amalga oshirilmoqda. Albatta, sizlar bularning barchasidan yaxshi xabardorsiz. Shuning uchun men bu masalaga batafsil to‘xtalib o‘tirmoqchi emasman.

Eng muhimi, bu ustuvor yo‘nalish bizning doimiy e'tibor markazimizda bo‘lib kelmoqda. Jumladan, xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish, ishga joylashtirish, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun zarur sharoit yaratish, ularni uy-joy bilan ta'minlash bo‘yicha katta ishlar olib borilmoqda.

Misol uchun, “Har bir oila – tadbirkor” dasturini amalga oshirish doirasida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun tijorat banklari tomonidan o‘z biznesini tashkil etmoqchi bo‘lgan 12 ming 651 nafar ayolga 1 trillion 235 milliard so‘mdan ortiq kreditlar berildi. Shu bilan birga, Xotin-qizlar va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hisobidan kam ta'minlangan oilalarga mansub 1 ming 949 nafar opa-singillarimizga 42 milliard so‘m miqdorida kreditlar ajratildi.

Keyingi paytda yurtimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarni zamonaviy uy-joylar bilan ta'minlash bo‘yicha yangi tizim yaratildi. Ana shu tizim asosida 1 ming 564 nafar xotin-qizlar nafaqat uy-joyga, balki ish o‘rinlariga ham ega bo‘lib, ularning ertangi kunga ishonchi mustahkamlanib borayotgani g‘oyat muhimdir.

Xabaringiz bor, bugungi kunda “Besh ijobiy tashabbus”doirasida boshlangan ishlarimiz tobora keng tarqalmoqda, xalqimiz bu harakatni har tomonlama qo‘llab-quvvatlamoqda. Xususan, xotin-qizlar bandligini oshirishga doir beshinchi tashabbus bo‘yicha 2019-2020yillarda har bir tumanda tikuv-trikotaj korxonalarini qurish va ayollar uchun qariyb 57 mingta yangi ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilmoqda. Bu loyihalar o‘zining dastlabki natijalarini bermoqda. Lekin ularning samarasini oshirish uchun hali ko‘p ish qilishimiz kerak.

Hurmatli majlis qatnashchilari!

E'tiboringizni yana bir muhim masalaga qaratmoqchiman. Ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligi bo‘yicha o‘tkazilgan oxirgi ijtimoiy so‘rovlar ishtirokchilarining 70,2 foizi mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy faolligini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilganini qayd etgan. Ushbu so‘rovda qatnashgan 81,5 foiz respondentlarning fikricha, ayollarning jamoat yoki siyosiy tashkilotlarda o‘z faoliyatini amalga oshirishda hech bir shaxs va biror-bir holat ularga xalaqit bermaydi.

Shu o‘rinda meni ongimizda chuqur ildiz otgan bir aqida ko‘p o‘ylantiradi. Biz doimo ayol – bu ona, oilamiz bekasi, deb ularni ulug‘laymiz. Bu to‘g‘ri, albatta. Ammo hozirgi kunda har bir xotin-qiz demokratik jarayonlarning kuzatuvchisi emas, balki faol va tashabbuskor ishtirokchisi bo‘lmog‘i shart.

Afsuski, biz uzoq vaqt bu masalaga yetarlicha e'tibor bermasdan, hurmatli opa-singillarimizning dardu tashvishlariga beparvo qarab kelganimiz tufayli yillar davomida to‘planib qolgan ijtimoiy muammolarni hal qilish bugun, ochig‘ini aytish kerak, oson bo‘lmayapti. Lekin qanchalik qiyin va murakkab bo‘lmasin, muhtaram opa-singillarimiz uchun munosib ish va turmush sharoitlarini yaratib berish bo‘yicha biz bor kuch va imkoniyatlarimizni to‘la safarbar etamiz. Chunki, takror aytaman, agar ayol, ona baxtli bo‘lsa, oila baxtli bo‘ladi, oila baxtli bo‘lsa, butun jamiyat, davlat mustahkam va barqaror bo‘ladi.

Siyosiy-ijtimoiy hayotimizda hurmatli ayollarimizning o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlash maqsadida quyidagi muhim vazifalarni amalga oshirishimiz zarur.

Birinchidan, bundan o‘n yil oldin Senat a'zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari tarkibida xotin-qizlar miqdori 20 foizdan ortiq edi. Endilikda bu ko‘rsatkich yuqori palatada – 17 foizga, quyi palatada esa – 16 foizga tushib qoldi. Bu nimadan dalolat beradi?

Javob aniq: siyosiy partiyalarimiz o‘z saflariga bilimli, tashabbuskor va tashkilotchi ayollarni jalb etish, ularning siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirishga yetarlicha e'tibor bermayapti. Vaholanki, BMT ma'lumotlariga ko‘ra, parlamentlarda ayollarning vakilligi butun dunyoda o‘sib bormoqda va 2018 yilda bu ko‘rsatkich 24,3 foizni tashkil etgan.

Sizlarga yaxshi ma'lumki, jahondagi demokratik tajribadan kelib chiqqan holda, mamlakatimiz saylov qonunchiligida parlament va mahalliy kengashlarga bo‘ladigan saylovlarda xotin-qizlar orasidan ko‘rsatiladigan nomzodlar bo‘yicha 30 foizlik kvota belgilangan.

Yurtimizda o‘zining aql-zakovati, chuqur bilimi, katta hayotiy tajribasi, fidokorona mehnati, insoniy fazilatlari bilan hammaga o‘rnak va namuna bo‘lib kelayotgan opa-singillarimiz ko‘plab topiladi. Bu yil Oliy Majlis va mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlarda ana shunday siyosiy saviyasi yetuk, mehnatkash va oqila ayollarimiz o‘z salohiyatini namoyon etib, deputat va senator bo‘lib saylansalar, men ishonaman, bundan davlatimiz ham, jamiyatimiz ham faqat katta naf ko‘radi.

Parlamentga va mahalliy Kengashlarga saylanadigan ayollar sonining o‘sishi qonun ijodkorligi jarayonida xotin-qizlarning manfaatlari va fikrlarini hisobga olish imkoniyatini beradi. Shuningdek, davlat budjeti shakllanishida gender tengligi masalalarini inobatga olish mumkin bo‘ladi.

Ikkinchidan, Oliy Majlis tizimida xotin-qizlar masalalari bilan bevosita shug‘ullanadigan biron-bir qo‘mita mavjud emas.

To‘g‘ri, 2017 yili Qonunchilik palatasining Oila va ayollar masalalari bo‘yicha komissiyasi tuzilgan edi. Bu tuzilma negadir ishlamadi, uning Nizomida belgilangan vazifalar qog‘ozda qolib ketdi. Oqibatda bugungi kunda oilani mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, ayollarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlashga, ularning jamiyatdagi mavqeini oshirishga qaratilgan muayyan bir tuzilma Qonunchilik palatasida ham, Senatda ham yo‘q.

Uchinchidan, o‘tgan ikki yilda xalqaro andozalar talablari doirasida ayollar ahvolini tubdan yaxshilashga doir 15 ta normativ-huquqiy hujjat imzolangan va ijroga qaratilgan. Ammo qonun ijodkorlari o‘zlarining bu boradagi asosiy vazifasi bilan shug‘ullanish o‘rniga, hali ham “uxlab” o‘tiribdi.

Faollik va tashabbuskorlikni oshirish zarur. Yaqin vaqt ichida ikkita yangi qonun, ya'ni “Erkaklar va ayollarning teng huquqlari va imkoniyatlari kafolatlari to‘g‘risida” hamda “Ayollarni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilish to‘g‘risida”giqonunlarni qabul qilishimiz kerak.

To‘rtinchidan, mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlari jadal rivojlanmoqda. Lekin 9 mingdan ziyod nodavlat notijorat tashkilotdan faqatgina 376 tasi ayollar muammolari bilan shug‘ullanadi. Bu yetarli emas, albatta.

Ijtimoiy sharoiti og‘ir ayollarni qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni ish bilan ta'minlash masalalarida bu tashkilotlarning ishtiroki yetarli darajada sezilmayapti. Ular faqat nomiga yig‘ilish va tadbirlar o‘tkazish bilan mashg‘ul bo‘lib qolmoqda.

Bu boradagi ahvolni tubdan yaxshilash uchun Senat faoliyatining asosiy yo‘nalishlari quyidagi masalalarga qaratilishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Avvalo, oilani mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, ayollarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta'minlash, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, huquqiy va madaniy hayotda ayollarning ishtirokini kengaytirish bo‘yicha qonun ijodkorligi va parlament nazoratini kuchaytirish lozim. Buning uchun qanday yangi qonunlar qabul qilish, qaysi qonunlarni o‘zgartirish kerakligi haqida fuqarolarimiz, saylovchilar siz, hurmatli senatorlarimizdan aniq taklif va tavsiya kutmoqdalar.

Yana bir muhim masala – ayollarni ish bilan ta'minlash, xotin-kizlarning zamonaviy kasb-hunarlarni puxta egallashi uchun sharoit yaratish, ularning ishbilarmonlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb etishdan iborat.

Navbatdagi dolzarb vazifa – ayollar sog‘lig‘ini mustahkamlash, oilalarning tibbiy madaniyatini oshirishda ko‘maklashish, joylarda, xususan, mahallalarda, xotin-qizlar o‘rtasida olib borilayotgan ma'rifiy-tarbiyaviy ishlar samaradorligini kuchaytirish bilan bog‘liq. Bu borada, ayniqsa, qiz bolalarni hayotga tayyorlash, ularni zamonaviy bilim va kasb-hunarlarga o‘rgatish, ilm-fan, madaniyat va san'at, sport sohalariga keng jalb etish orqali ularning qobiliyati va salohiyatini ro‘yobga chiqarish muhim ahamiyatga ega ekanini, o‘ylaymanki, barchamiz yaxshi tushunamiz.

Shular qatorida bizning mehr-oqibatli, oqko‘ngil ayollarimizga mutlaqo yarashmaydigan salbiy illatlar, ya'ni, xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklar, jumladan, jinoyatchilik, odam savdosi, oilaviy ajrimlar, erta nikohlarning, o‘z joniga qasd qilish holatlarining oldini olish doimiy e'tiborimiz markazida bo‘lishi zarur. Bu borada xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta'minlash bo‘yicha mamlakatimiz o‘z zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarni bajarish ham ustuvor vazifa hisoblanadi.

Keyingi paytda to‘g‘ri yo‘ldan adashganlarni kechirish va sog‘lom hayotga qaytarish, oila, mahalla va jamiyatda tinchlik va totuvlik muhitini mustahkamlash borasida boshlagan ishlarimizni izchil davom ettirishimiz lozim.

Mana shunday o‘ta muhim va dolzarb vazifalarni amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida yangi tuzilma – Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari bo‘yicha qo‘mita tuzishni taklif etaman.

Muhtaram Senat a'zolari!

Hammangizga ma'lumki, Nig‘matilla To‘lqinovich Yo‘ldoshev 2015 yildan buyon Senat Raisi lavozimida ishlab keldi. Shu o‘tgan davr mobaynida Senat tomonidan erishilgan barcha yutuq va natijalarda uning ham munosib hissasi bor, albatta.

Men kecha N.Yo‘ldoshevni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori etib tayinlash haqidagi farmonga imzo chekdim. Shu munosabat bilan u Senat Raisi lavozimidan muddatidan oldin ozod etildi.

Hurmatli Nig‘matilla To‘lqinovich, sizga ushbu mas'uliyatli vazifada muvaffaqiyat tilaymiz.

Hurmatli senatorlar!

Endi Senatning yangi Raisini saylab olishimiz kerak. Bu lavozim egasiga qanday yuksak talablar qo‘yilishini barchamiz albatta yaxshi tushunamiz.

Senat Raisi, avvalo, mamlakatimizda olib borilayotgan demokratik islohotlarning mazmun-mohiyatini chuqur tushunadigan, ijtimoiy hayotimizda qonun va adolat ustuvorligini ta'minlash, oila, jamiyat va davlat institutlarini o‘zaro uyg‘un rivojlantirishga bilim va salohiyati, huquqiy tafakkuri yetadigan, katta tashkilotchilik qobiliyatiga ega, Senat faoliyatini bugungi yangi talablar darajasida tashkil etishga qodir shaxs bo‘lishi kerak.

Biz bu borada ko‘p fikrlashdik, jahon parlamentarizmi amaliyoti va rivojlangan demokratik davlatlar tajribasini ham o‘rgandik.

Bildirilgan barcha fikr va takliflardan kelib chiqib hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 86-moddasiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi lavozimiga Tanzila Kamalovna Norboyeva nomzodini taklif etaman.

U 1956 yili Andijon viloyatida tug‘ilgan, ma'lumoti oliy, Toshkent davlat universitetini tugatgan. O‘z mehnat faoliyatini maktab o‘qituvchiligidan boshlagan, Xalq demokratik partiyasida tuman kengashi kotibi, ushbu partiyaning Markaziy kengashi sho‘'ba mudiri, 1995 yildan 2010 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasi Hukumatida mas'ul lavozimlarda ishlagan.

2010-2016 yillarda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi vazifasida faoliyat yuritgan. 2016 yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimida ishlab kelmoqda.

T.Norboyeva qayerda ishlamasin, o‘zining mehnatsevarligi, bilim va tajribasi, talabchanlik va tashkilotchilik fazilatlari, o‘ziga ishonib topshirilgan vazifani mas'uliyat bilan ado etishi, kamtarligi bilan mamlakatimiz jamoatchiligi o‘rtasida munosib obro‘-e'tibor qozongan.

Tanzila Kamalovna Norboyeva nomzodini Senat Raisi lavozimiga tasdiqlash uchun ovozga qo‘yishni iltimos qilaman.

Hurmatli senatorlar!

Ishonchim komil, barchangiz Senatimizning yangi Raisi rahbarligida Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi, jonajon O‘zbekistonimizning yorug‘ kelajagini ta'minlash uchun o‘zingizni ayamasdan, katta kuch-g‘ayrat bilan mehnat qilasizlar.

Shu ezgu maqsad yo‘lida barchangizga sihat-salomatlik, mas'uliyatli faoliyatingizda yutuq va omadlar tilayman.

E'tiboringiz uchun rahmat.

Mavzuga oid