Sport | 08:27 / 13.07.2019
13904
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Universiada o‘yinlari tarixida tennis bo‘yicha ilk medalni qo‘lga kiritdi

Italiyaning Neapol shahrida Butunjahon talabalari o‘rtasida o‘tkazilayotgan Universiada-2019 o‘yinlari davom etmoqda. Universiadaning to‘qqizinchi kunida sportchilarimiz ketma-ket g‘alabalarni qo‘lga kiritishdi. Taekvondochilarimiz ham universiadaning navbatdagi kunini g‘alaba bilan yakunlashdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, taekvondo bo‘yicha bahslarda -63 kg vazn toifasida ishtirok etgan yurtdoshimiz Niyoz Po‘latov universiadaning kumush medalini qo‘lga kiritdi.

Dastlabki janglarda Xorvatiya, Italiya va Turkiya vakillarini mag‘lubiyatga uchrata olgan sportchimiz yarim finalda xitoylik Vu Yichaodan ustun keldi.

Hal qiluvchi bahsda eronlik Soroush Ahmedga qarshi dayanga chiqqan yurtdoshimizga biroz omad yetishmadi. Final jangining asosiy vaqtida 10:10 hisobi qayd etilgan bo‘lsa, qo‘shib berilgan vaqtda 2:0 hisobida eronlik taekvondochi ustunlik qildi.

O‘zbekiston delegatsiyasiga yozgi Universiadagi beshinchi medalni taekvondochi Niyoz Po‘latov taqdim etdi. Bundan avvalgi to‘rtta bronza medalini dzyudochilarimiz qo‘lga kiritishgan edi.

Shuningdek, delegatsiyaga navbatdagi sovrinni tennischi yigitlar taqdim etishdi. Erkaklar o‘rtasida juftlik bahslarining final o‘yinida koreyalik Seochan Hong va Sanhui Shinga qarshi bahs olib borgan yurtdoshlarimiz Humoyun Sultonov va Sanjar Fayziyev Universiadaning oltin medalini qo‘lga kiritishdi.

Keskin va murosasiz bahslarga boy o‘tgan final o‘yinining birinchi setida 7/6 hisobida vakillarimiz g‘alaba qozongan bo‘lsa, ikkinchi setda 6/4 hisobida koreyaliklar ustunlik qilishdi. Tay-breyk (qo‘shimcha geym)da 10/5 hisobida zafar quchgan Shuhrat Qayumov shogirdlari O‘zbekistonning Universiada o‘yinlari tarixidagi tennis bo‘yicha ilk medalini qo‘lga kiritishdi.

Tennis bo‘yicha milliy terma jamoamiz a'zolari bo‘lgan Sanjar Fayziyev O‘zbekistonning uchinchi, Humoyun Sultonov beshinchi raketkachisi hisoblandi. Jahon reytingida ular mos ravishda 310- va 380-o‘rinni egallab turishibdi.

Eslatib o‘tamiz, 12 iyul kuni erkaklar o‘rtasida o‘tkazilgan yakkalik bahslarini yarim final o‘yinida ham g‘alaba qozongan Humoyun Sultonov 13 iyul kun finalda Xitoy Taypeyi vakili Tseng Chun-Tsinga qarshi kortga tushadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid