Iqtisodiyot | 12:08 / 15.07.2019
17109
3 daqiqa o‘qiladi

Yirik soliq to‘lovchilar mezonlari o‘zgardi

Foto: Shutterstock

Adliya vazirligi Yuridik shaxslarni yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritishning mezonlarini belgilash to‘g‘risidagi nizom ro‘yxatdan o‘tkazilganligi haqida xabar berdi.
 
Norma’ning yozishicha, yirik soliq to‘lovchilar - O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan belgilangan mezonlardan kelib chiqqan holda, soliq ma'muriyatchiligiga mansub bo‘ladigan ayrim toifadagi yuridik shaxslardir, mezonlar ularga soliq solish tartibini tanlash yoki o‘zgartirish huquqini bermaydi (Soliq kodeksining  22-2-moddasi).  Ularning soliq ma'muriyatchiligi Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
 
O‘tgan yili iyun oyida DSQ soliq to‘lovchilarni yirik soliq to‘lovchilar jumlasiga kiritish uchun 3 ta mezonni belgiladi – o‘tgan yil uchun hisoblangan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar summasi, tovar aylanmasi hajmi va jami aktivlari qiymati.
 
Qabul qilingan hujjatdan kelib chiqib, quyidagilar yirik soliq to‘lovchilar hisoblanadi:

• aksiz solig‘iga tortiladigan tovarlarni ishlab chiqaruvchi korxonalar;
• banklar va ularning filiallari, tovar-xomashyo, fond va valuta birjalari;
• “Navoiy KMK” DK, “Olmaliq KMK” AJ va ularning tarkibiga kiruvchi tashkilotlar;
• mahsulot taqsimotiga oid bitim bo‘yicha ishlarni bajarishda ishtirok etayotgan tashkilotlar;
• yil yakuni bo‘yicha mahsulotlarni (tovarlar, ishlar va xizmatlar) sotishdan olingan sof tushumi 100 mlrd so‘mdan yuqori bo‘lgan yuridik shaxslar.
 
Soliq to‘lovchilarni mazkur mezon bo‘yicha yirik soliq to‘lovchilar jumlasiga kiritish soliq organlariga o‘tgan kalendar yili uchun taqdim etilgan soliq hamda moliyaviy hisobotlar asosida amalga oshiriladi.Ilgari yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritilgan soliq to‘lovchilar navbatdagi kalendar yili yakunlariga ko‘ra mazkur mezonga javob bermasa, bu maqomni keyingi 3 yil davomida saqlab qoladi.
 
Yirik soliq to‘lovchilar ro‘yxati DSQ tomonidan har yili keyingi soliq davri boshlanishidan 1 oy oldin tasdiqlanadi. Ro‘yxatga kiritilgan yoki undan chiqarilgan tashkilotlar bu haqda tegishli qaror qabul qilingan kundan e'tiboran 5 kun ichida yozma ravishda, shu jumladan soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali xabardor qilinadi.
 
Hujjat 12.07.2019 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid