O‘zbekiston | 14:35 / 18.07.2019
15719
3 daqiqa o‘qiladi

Senat: Chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan 2019 yilning birinchi yarmida bajarilishi lozim bo‘lgan topshiriqlarning ikkitadan bittasi bajarilmagan

Foto: senat.uz

2019 yil 18 iyul kuni Oliy Majlis Senati Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan joriy yilning birinchi yarmida hamda yil davomida amalga oshirilishi belgilangan vazifalarning ijro etilishi masalasi eshitildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabariga ko‘ra, davlat qo‘mitasi tomonidan 2019 yilning birinchi yarmida bajarilishi lozim bo‘lgan topshiriqlarning ikkitadan bittasi bajarilmagan.

Davlat qo‘mitasiga amaldagi qonunchilikni xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda xatlovdan o‘tkazish hamda me'yoriy-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqish yuklangan. Sohaga oid me'yoriy-huquqiy hujjatlarni Hayvonlar sog‘lig‘ini himoya qilish butunjahon tashkilotining standartlariga to‘liq moslashtirish maqsadida Biologik xavfsizlik bo‘yicha hamkorlik dasturi doirasida Xalqaro epizootik byuro (XEB) ekspertlarini jalb qilish yuzasidan kelishuvga erishilgan. Biroq xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda xatlovdan o‘tkazish hamda me'yoriy-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqish ishlari yakuniga yetkazilmaganligi sababli topshiriq ijrosi belgilangan muddatida bajarilmagan.

Bundan tashqari, yil davomida bajarilishi belgilangan vazifalar ijro etilmoqda. Xususan, chorvachilikda ozuqa bazasini yanada mustahkamlash maqsadida g‘alladan bo‘shagan maydonlarga joriy yilning iyun-iyul oylarida takroriy ekin sifatida 230,9 ming gektar makkajo‘xori ekilishi rejalashtirilgan bo‘lsa-da, 5 iyul holatiga 96 ming 448 gektar maydonga ekilgan.

Shuningdek, parrandachilik, baliqchilik, chorvachilik sohalarida belgilangan vazifalar ham qisman bajarilgani qayd etildi. Xususan, hududlarda chorvachilik fermer xo‘jaliklari va aholi uylaridagi hayvonlarga ko‘rsatiladigan veterinariya xizmatlarini yaxshilash maqsadida 20 ta veterinariya uchastkasini konteyner shaklida qurish ishlari davom ettirilmoqda.

Bundan tashqari, veterinariya uchastkalarida faoliyat yuritayotgan xodimlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash, ularni moddiy qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish uchun mototransport vositalari va velosipedlar xarid qilish uchun tegishli mablag‘lar joriy yilning ikkinchi yarim yilligiga rejalashtirilgan.

Majlisda aniqlangan kamchiliklar va muammolarni bartaraf etish yuzasidan aniq takliflar bildirildi. Jumladan, parrandachilik sohasida belgilangan loyihalarni amalga oshirishda hamda baliqchilik sohasini intensiv rivojlantirishda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish choralarini ko‘rish lozimligi ta'kidlandi.
 

Mavzuga oid