O‘zbekiston | 07:47 / 03.08.2019
29124
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yangi agentlik tashkil etildi

Illyustrativ foto

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan Moliya vazirligining O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta nazorati davlat inspeksiyasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari etib belgilandi:

sug‘urta bozorining ishlashi va uning professional ishtirokchilari faoliyati ochiqligi va shaffofligini, shu jumladan, sug‘urta faoliyati sohasidagi statistik va moliyaviy ko‘rsatkichlarni muntazam e'lon qilish yo‘li bilan ta'minlash;

sug‘urta xizmatlari iste'molchilari va sug‘urta munosabatlarining boshqa ishtirokchilari huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta'minlash, aholining sug‘urta bozoriga ishonchini oshirishga va jamiyatda sug‘urta madaniyatini rivojlantirishga ko‘maklashish;

sug‘urta bozori mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni, shu jumladan, chet elda, shuningdek, xalqaro darajadagi ekspertlar va mutaxassislarni jalb qilgan holda tashkil etishga ko‘maklashish;

sug‘urtalovchilarning to‘lov qobiliyati, sug‘urta zaxiralarini shakllantirish va ulardan foydalanish bo‘yicha majburiy normativ va talablarni belgilash, shuningdek, samarali sug‘urta faoliyatini tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;

sug‘urta bozorining professional ishtirokchilari tomonidan sug‘urta faoliyati sohasidagi qonun hujjatlariga, shuningdek, ularning moliyaviy barqarorligini ta'minlash bo‘yicha belgilangan normativ va talablarga rioya etilishini nazorat qilish;

sug‘urtalovchilar (qayta sug‘urtalovchilar) va sug‘urta brokerlarining sug‘urta faoliyatini litsenziyalash, aktuariylar faoliyatini sertifikatlash;

sug‘urta bozorining holati va uning professional ishtirokchilari faoliyatining hisobi va hisobotini yuritish, masofaviy nazorat qilish va tezkor onlayn-monitoringini olib borish bo‘yicha integratsiyalashtirilgan axborot tizimini shakllantirish va yuritish;

aholi va tadbirkorlik sub'yektlarining o‘sib borayotgan ehtiyojlarini ta'minlashga qaratilgan sug‘urta xizmatlarining talab yuqori bo‘lgan an'anaviy turlarini rivojlantirishga va yangi turlarini joriy qilishga ko‘maklashish, qishloq xo‘jaligi faoliyati sohasida sug‘urta himoyasini kuchaytirish;

xorijiy davlatlarning o‘xshash tuzilmalari, xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy tashkilotlar bilan sug‘urta faoliyati sohasida hamkorlikni tashkil etish.

Belgilanishicha:

Agentlik sug‘urta bozorini tartibga solish va rivojlantirish bo‘yicha vakolatli davlat organi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining sug‘urta faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish qismidagi barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha uning huquqiy vorisi hisoblanadi;

Agentlikni saqlash O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi;

Agentlikka O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining taqdimnomasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan direktor boshchilik qiladi;

Agentlik direktori maqomi, mehnatga haq to‘lash, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shartlari bo‘yicha vazirning o‘rinbosariga tenglashtiriladi;

Agentlik xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash shartlari tatbiq etiladi.

Agentlik boshqaruv xodimlarining cheklangan soni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tizimi boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni doirasida 28 birlik etib belgilandi.

Mavzuga oid