Jahon | 01:11 / 05.08.2019
5276
2 daqiqa o‘qiladi

Iordaniyada harbiy texnika suv osti muzeyi tashkil etildi

Foto: AFP

Iordaniyada suv ostida suzish ixlosmandlari uchun maxsus yaratilgan muzey paydo bo‘ldi. Buning uchun Aqaba ko‘rfazida joylashgan, mamlakatdagi yagona port tubiga 19 turdagi harbiy texnika tushirilgan.

El Mundo nashrining xabar berishicha, gap Iordaniya armiyasida xizmat o‘tab bo‘lgan eskirib qolgan vertolyotlar, tanklar, zirhli mashinalar, zenit batareyalari haqida bormoqda. Ular marjonqoyalarga shikast yetkazmaslik va ko‘rfazning bioturfaligiga ta'sir qilmaslik uchun maxsus tanlangan joylarga joylashtirilgan. Eksponatlardan atrof-muhitga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan barcha zararli materiallar va moddalar olib tashlangan.

8 ta eksponat 15 metrdan 20 metrgacha chuqurlikda joylashtirilgan. Qolgan eksponatlarni ko‘rish uchun esa 28 metrga sho‘ng‘ishga to‘g‘ri keladi. Ta'kidlanishicha, muzeyga nafaqat akvalangdan foydalanishni biladiganlar, balki maxsus kapsulalarda dengiz tubiga tushishni afzal ko‘ruvchilar ham tashrif buyurishlari mumkin. Muzey vakillaridan birining umid qilishicha, yarim yil ichida bu muzeyga butun dunyodan sayyohlar kelishga ulguradi. So‘ngra harbiy texnika suv osti dunyosining ajralmas qismiga aylanadi: marjon koloniyalari ularni qamrab olib, ichini esa dengiz jonzotlari egallaydi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid