Jamiyat | 21:03 / 05.08.2019
31898
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda YTH oqibatida uch nafar o‘zbekistonlik halok bo‘ldi

2 avgust kuni Qozog‘istonning Turkiston viloyatida Olmaota-Toshkent-Termiz avtotrassasida yo‘l-transport hodisasi ro‘y berishi oqibatida 4 kishi halok bo‘ldi.

O‘zbekistonning Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasi bergan ma'lumotga ko‘ra, qurbonlarning 3 nafari O‘zbekiston fuqarolari, F. T.  va D. A.  voqea joyida halok bo‘lgan, uchinchi o‘zbekistonlik R. J. olingan jarohatlardan Chimkent shahar shifoxonasida vafot etgan. 

Tengrinews.kz xabariga ko‘ra, YTH Chimkent tomon ketayotgan yuk mashinasining qarama-qarshi qatnov qismiga chiqishi oqibatida yuz bergan. Mashina Audi va «Kamaz» bilan to‘qnashib, so‘ng ag‘darilgan va yonib ketgan.

YTH bo‘yicha jinoiy ish ochilib,  tergov olib borilmoqda. 

«Bosh konsulxona vaziyatni nazoratga oldi va marhumlarning jasadlarini vatanga yuborish bo‘yicha ularning oila a'zolariga konsullik-huquqiy va tashkiliy masalalarni hal qilishda yordam ko‘rsatmoqda. 

Konsullik-huquqiy departamenti fojiali yakun topgan YTH munosabati bilan hamdardlik bildiradi hamda Qozog‘istonning Olmaota va Chimkent shaharlari,  Olmaota,  Sharqiy Qozog‘iston,  Turkiston,  Jambil va Qizilo‘rda viloyatlari hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari zarur hollarda mamlakatimizning Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatadi:  +7-727-291-11-78», deyiladi TIV matbuot xizmati xabarida. 

Mavzuga oid