Jamiyat | 11:35 / 08.08.2019
9175
2 daqiqa o‘qiladi

Saxiylar ko‘magidan bahramand bo‘lgan oila. Damir Rossiyaga jo‘nab ketdi

Inson boshiga tushgan tashvishlarga yurtning boshqa bir chetidagi vatandoshi madad qo‘lini cho‘zishi xayoliydek tuyulishi mumkin. Biroq ko‘rdikki, shu kungacha o‘tkazilgan xayriya aksiyalarida vatandoshlarimiz doimo faol ishtirok etishdi, muhtoj oilalarni tashlab qo‘yishmadi. Yodingizda bo‘lsa, bir necha kun muqaddam Damirning xastaligi, ota-onasi esa azobda ekanligi haqida aytib o‘tgan edik. Bolakayning onasi mablag‘ juda zarur ekanligi, tez orada operatsiya qilinishi kerakligi haqida aytib o‘tgan edi. Vatandoshlarimizning sa'y-harakatlari bilan oilaga yetarli mablag‘ yig‘ildi. Oilaga katta sinov oldidan dalda bo‘lish maqsadida aeroportda ular bilan suhbatlashdik.

«O‘sha kuni xayriya maqolasi qo‘yilganidan so‘ng, katta miqdorda mablag‘ tushishi boshlandi. Na xursand bo‘lishni bilaman, na yig‘lashni bilaman. Nahotki, odamlar shunchalik yordam berishadi?! Men odamlar bunchalik tez yordam berishiga ishonmagandim, ochig‘i. Judayam xursand bo‘ldim. Odamlar tomonidan bunday yordamlardan keyin ishonchim yana ham ortdi. Umidimiz hozir juda katta.  

Borgan vaqtimizda avval bizdan tahlillarni olishadi. Takroriy tashxislar o‘tkaziladi. Natijasiga qarab konsilium qaror qiladi. Laparoskopiya yoki operatsiya qilinar ekan.

Hamma-hammaga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Sizlarga chin dildan bildiradigan tilagim – bu sog‘liq. Hech qachon o‘zingiz va yaqin insonlaringiz xastalanmasin. Biz uzoq yo‘lga chiqyapmiz. Farzandim va bizning oldimizda sinov turibdi. Sizlardan duo qilishingizni so‘rab qolamiz», deydi bemorning onasi Mavjuda Muhitdinova.

Ushbu oila hozirda Rossiya davlatiga yetib bordi va muolajalarni boshladi. Qilgan ehsonlaringiz o‘z joyiga yetib kelib, bir jajji bolakayning sog‘lom hayotga qaytishiga xizmat qilsin. Solih amallaringiz bardavom bo‘lsin.

Mavzuga oid