Jamiyat | 18:56 / 12.08.2019
51613
4 daqiqa o‘qiladi

Navoiy viloyati hokimi prezident topshirig‘iga befarq(mi?)

Bugungi kunda «snos» masalasi respublikamizdagi eng dolzarb mavzulardan biri bo‘lib turibdi. Buzilgan turar joylar va tadbirkorlik obektlari uchun mahalliy hokimliklar tomonidan kompensatsiya puli to‘lanmayotganligi va belgilangan tegishli tartiblarga amal qilinmayotganligi fuqarolar, tadbirkorlarda norozilik kayfiyatini uyg‘otmoqda.

Bunday noroziliklar Xorazm, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlarida ayniqsa keskin norozilik keltirib chiqardi. Hattoki masalaga prezident Sh.Mirziyoyev aralashib, viloyat hokimlariga qattiq tanbeh ham berdi.

Biroq prezident tilga olmagan boshqa hududlarda ham «snos» mojarosi avvalgidek davom etmoqda va masalaga huquqiy yechim topilmayapti.

Xususan, Konimex tumanida tadbirkorlarning do‘konlari va fuqarolarning uylari «Obod markaz» dasturi amalga oshirilishi tufayli buzilmoqda. Tadbirkorlar viloyat va tuman hokimliklaridan kompensatsiya puli talab qilmoqda.

Bu haqida tadbirkorlarning murojaati asosida Kun.uz saytida joriy yilning 17 iyul kuni «Konimex markazida obektlar buzilmoqda. Viloyat hokimi tadbirkorlarga zararni to‘lashdan bosh tortmoqda» sarlavhasi bilan maqola e'lon qilingan edi.

Biz bilan suhbatda tadbirkorlar tuman markazidagi bozor, uning atrofidagi do‘konlari Navoiy viloyati va Konimex tumani hokimlari buyruqlari bilan buzilayotgani, tadbirkorlarning huquqlari ochiqchasiga poymol qilinayotgani, buzilayotgan do‘konlar evaziga kompensatsiya puli berilmayotganidan shikoyat qilishgan edi.

Ammo Navoiy viloyati va Konimex tumani hokimliklari bu borada jiddiy choralarni ko‘rmayapti. Mulklari buzilayotgan tadbirkorlar nima qilishni bilmay boshi qotgan. Ular har kuni yordam so‘rab tahririyatimizga murojaat qilishmoqda.

Tadbirkorlar tuman markazi obod bo‘lishiga umuman qarshi emas, faqat o‘zlariga yetkazilgan zarar qoplanishini istashmoqda.

Biroq, haqiqat shuki, Navoiy viloyati va Konimex tuman hokimligi fuqarolarning konstitutsiya bilan qo‘riqlanadigan huquqlarini ochiqchasiga poymol qilishda davom etmoqda. Go‘yoki amaldagi qonunlari prezidentimizning joriy yil 2 avgust kuni bo‘lib o‘tgan videoselektorda aytgan gaplari Navoiy viloyatiga taalluqli emasdek...

Ta'kidlash joizki, ayni vaqtda mulk egalarining noroziligi kuchayib bormoqda. Tahririyatga yo‘llanayotgan murojaatlardan bu yaqqol ko‘rinib turibdi. Shu bois ham bu mavzuga yana qaytdik.

Navoiy viloyati hokimligi esa bu masalada sukut saqlayotganligi esa boshqa viloyatlardagi «snos» mojarolari oqibatidan, prezident tanqididan yetarlicha xulosa qilmaganligini ko‘rsatib turibdi. 

Umid qilamizki, Konimexdagi ushbu vaziyatga viloyat rahbarlari jiddiy e'tibor qaratib, mulkdorlar bilan uchrashib, ularning huquqlarini ta'minlash choralarini ko‘rishadi.

Holbuki, bosh qomusimizda belgilab qo‘yilganidek, xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir. Mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina mulkidan mahrum etilishi mumkin.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid