Kun.uz tahririyatiga Navoiy viloyati, Konimex tumanidan bir guruh tadbirkorlar murojaat yo‘lladi.

Tadbirkorlar tuman markazidagi bozor, uning atrofidagi do‘konlari Navoiy viloyati va Konimex tumani hokimlari buyruqlari bilan buzilayotgani, huquqlari ochiqchasiga paymol qilinayotgani, kompensatsiya puli berilmayotganidan shikoyat qilishgan.

Ushbu murojaatni o‘rganish maqsadida Konimex tumanida bo‘ldik va tadbikorlarning e'tirozlarini tingladik.

«Buzilish ishlari to‘satdan boshlandi. Hech kimni ogohlantirishmadi ham. Qayta qurish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilar ekan. Barchamizda mulk huquqini tasdiqlaydigan va kadastr hujjatlari bor. Biz tuman markazi yanada obod bo‘lishiga qarshi emasmiz. Ammo bizga yetkazilgan zarar-chi? Viloyat hokimi ham, tuman hokimi ham «bir tiyin ham to‘lanmaydi senlarga, yer beramiz, boshqatdan qurib olasizlar», deyishmoqda. Bizga yetkazilgan zarar qoplansa, qurib olish muammo emas. Lekin rahbarlar bizning huquqimizni ochiqchasiga poymol qilmoqda. «Xohlasang shu, xohlamasang katta ko‘cha», qabilida ish yuritishmoqda. Ogohlantirmay maxsus texnikalar bilan do‘konlarimizni, bizga tegishli bo‘lgan mulklarni buzib tashlashmoqda. Adolat bormi yoki hokimlarga hamma narsa mumkinmi?», – deydi tadbirkor.

Hududni ko‘zdan kechirdik. Haqiqatan ham tuman markazidagi bozor va uning atrofidagi do‘konlar buzilmoqda. Ayrim tadbirkorlarning ta'kidlashicha, tuman hokimiyati vakillari ko‘rsatmasi bilan bir yil avval tadbirkorlar millionlab pul sarflab, do‘konlarini zamonaviy ko‘rinishda ta'mirlagan. Ammo endi ularning do‘konlari ham buzilmoqda. Yetkazilgan zararni qoplash haqida rahbarlar tinglashni ham istashmayapti.

Tadbirkorlardan buzilish haqida ogohlantirish bo‘lgan-bo‘lmaganini so‘radik. Ularning ta'kidlashicha, hech kim buzilishlar haqida ogohlantirilmagan ekan. Tadbirkorlardan biri do‘konini buzishga kelishganida tegishli qarorni so‘raganini aytdi. Uning qo‘liga o‘sha kungi sana bilan to‘ldirilgan, muhrsiz ogohlantirish xatini tutqazishgan. Ammo boshqa tadbirkorlarga tegishli qaror ham, ogohlantirish xati ham berilmagan.