O‘zbekiston | 11:24 / 14.08.2019
2640
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik minomyotchilar xalqaro tanlovni bronza medali bilan yakunladi

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Kecha, 13 avgust kuni Qozog‘istonning “Otar” bazasi poligonida minomyotchilar hisobi o‘rtasida o‘tkazilgan “Artilleriya olovi ustalari” xalqaro tanlovining yakuniy natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston faxrli uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabariga ko‘ra, eng yaxshi natijani mezbon — Qozog‘iston jamoasi ko‘rsatgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rin Rossiyaga nasib etdi.

Tanlov bosqichlari: “Individual poyga”, “Tungi sprint” va “Estafeta”. Texnikalar: 120 millimetrli 2B11 minomyot, ko‘p maqsadli yengil tyagach va zirhlangan MT-LB mashinasi.

Tanlovda Armaniston, Belarus, Venesuela, Ozarboyjon, Zimbabve, Eron, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya, Suriya, Tojikiston va O‘zbekiston jamoalari birinchilik uchun o‘zaro kurashdi.

O‘zbekistonlik minomyotchilar 1- va 2-bosqichlardagi natijalariga ko‘ra, Ozarboyjon va Belarus jamoalari bilan bir qatorda umumjamoa hisobida 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan edi.

So‘nggi “Estafeta” bosqichida esa Qozog‘iston va Rossiya jamoalari birinchi va ikkinchi o‘rinda bo‘lib oldi. O‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar esa kuchli uchlikka kirishga muvaffaq bo‘ldi.

Shuningdek, kecha, 13 avgust kuni Moskva viloyatidagi “Alabino” poligonida O‘zbekiston jamoasi “Tank biatloni” musobaqasining ikkinchi divizionidagi yarim final bahslarida ajoyib natija ko‘rsatib, finalga yo‘l oldi. O‘zbekistonlik tankchilar 24 ta imkoniyatdan 10 ta nishonni yakson qildi.

Joriy yilda ilk bor ishtirok etgan o‘zbekistonlik tankchilar ikkinchi divizionning 15 avgust kuni bo‘lib o‘tadigan final bahslarida birinchilik uchun kurashadi. Birinchi divizion g‘oliblari esa 17 avgust “ArMI—2019” xalqaro armiya o‘yinlarining yopilish kunida aniqlanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid