Jahon | 08:56 / 15.08.2019
19833
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Xitoyga Hongkongdagi vaziyat sababli jiddiy oqibatlar bilan tahdid qildi

Foto: EPA-EFE/VERNON YUEN

AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jon Bolton Xitoyni Hongkongdagi vaziyat yomonlashsa, “jiddiy iqtisodiy oqibatlar” kutishi mumkinligini aytdi.

Bolton “qit'adagi Xitoyga 60 foizga yaqin investitsiya Hongkong orqali kelishini” ta'kidlab o‘tgan. 

“U yerda ingliz tizimiga asoslangan ishonchga loyiq sud tizimi mavjud, sudlari xolis hisoblanadi. Agar Hongkong Xitoy hukumatining yomon qarori sababli bu nufuzini yo‘qotsa, Xitoy uchun jiddiy iqtisodiy oqibatlar bo‘ladi”, deb aytgan Bolton. 

U, shuningdek, AQSh kongressida Hongkongdagi voqealar sababli “o‘zgaruvchan kayfiyatlar” kuzatilayotganini, Xitoy hukumatining u yerda xatoga yo‘l qo‘yishi “Kapitoliy tepalagida portlash keltirib chiqarishi mumkinligini” aytgan.

“Xitoy yetakchilari Hongkongda amalga oshirayotgan qadamlariga e'tiborli bo‘lishlari lozim. AQShdagi odamlar Tyananmen maydonidagi voqealarni unutishmagan. Ular tanklar oldida turgan erkak surati, ozodlik va demokratiyani so‘ragan xitoyliklar ovozlarini eslashadi. Hongkongda shunday xotiralarni vujudga keltirish katta xato bo‘ladi”, deb qo‘shimcha qilgan Bolton.

Bu orada AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoy raisi Si Tszinpin “Hongkong muammosini tez va insoniylik bilan hal qilishni istayotganiga” ishonch bildirgan.

“Men prezident Si Tszinpinni yaxshi bilaman. U o‘z xalqini qattiq hurmat qiladigan ajoyib yetakchi. U, shuningdek, “keskin ishlarda” ham yaxshi inson. Menda agar prezident Hongkong muammosini tez va insoniylik bilan hal qilishni istasa, buni qila olishiga hech qanday shubha yo‘q”, deb aytgan Tramp.

Hongkongda iyun oyidan beri norozilik namoyishlari davom etmoqda. Mutaxassislarning fikricha, namoyishlar to‘xtamasa, Pekin Hongkong ustidan nazoratni kuchaytirishi mumkin.

Mavzuga oid