Jahon | 15:05 / 15.08.2019
62580
9 daqiqa o‘qiladi

Napoleon chindan pakana bo‘lganmi? U haqidagi 7 afsona

Foto: GETTY IMAGES

Roppa-rosa 250 yil avval, 1769 yilning 15 avgustida Napoleon Bonapart tavallud topgandi.

U nafaqat harbiy daho, balki buyuk ijtimoiy islohotchi ham bo‘lgan. Yangi davr boshlanishiga turtki bo‘lgan Napoleon shaxsiy namunasi orqali yangi g‘oyani ilgari surdi: agar buni uddalay olsa, har kim o‘zi istagan shaxsga aylanish huquqiga ega. 

Shu kabi shaxslar doimo afsonalar bilan yo‘g‘riladi.

1. Napoleon pakana bo‘lgan

Stereotip shunchalar ildiz otganki, hattoki «Napoleon kompleksi» iborasi paydo bo‘ldi - go‘yo o‘z shaxsiyatini namoyon qilishga o‘chlikning kuchayishi past bo‘yli yigitlarga xos emish.

Umuman olganda, Napoleonning bo‘yi 169 santimetrga teng edi. O‘sha davrdagi fransuz erkaklarining o‘rtacha bo‘y ko‘rsatkichi 165 santimetrni tashkil etgan.

Napoleon o‘sha davrlarda baland bo‘yli deb hisoblangan Vellington gersogidan 6 santimetrga past, admiral Nelsondan esa 7 santimetrga baland bo‘lgan.

Cherchill va Pushkin Napoleonga nisbatan uch santimetrga, Stalin 4 santimetrga past bo‘yli bo‘lishgan, ammo ular tarixda pakana sifatida qolmagan.

Uni bir umr ta'qib qilgan «mitti kapral» laqabi Italiyaga yurish vaqtida paydo bo‘lgan. O‘shanda Napoleon 26 yoshda edi. Askarlar uning yoshini nazarda tutishgan.

Napoleonning past bo‘yli bo‘lgani haqidagi yana bir mish-mishli holat - marshal Per Ojyero bilan bo‘lgan mashhur suhbatda Italiya armiyasining yangi qo‘mondoni shunday deydi: «Siz mendan baland bo‘yli ekansiz, ammo jasoratingizni menga ko‘rsatmasangiz, ushbu farqni yo‘qqa chiqaraman». Biroq, Ojyero chindan ham, hamma tasdiqlaganidek, gigant bo‘lgan.

Afsonaning kelib chiqishi sababi nima?

Napoleon va Britaniya vaziri kichik Uilyam Pitt dunyoni bo‘lib olmoqda va unda fransuz imperatorining tasavvurdagi bo‘yi aks ettirilgan

Birinchidan, o‘rta asrlardagi uzunlik o‘lchov birliklaridagi tafovutlar. Fransuzlardagi fut va dyum inglizlarnikidan birmuncha katta bo‘lgan. Napoleonning omma ichida mashhur bo‘lgan bo‘y ko‘rsatkichi - 5 fut 2 dyum - britaniyaliklar uchun 169 ni emas, 157 santimetrni tashkil etadi. Qolganini karikaturachilar o‘zlaridan «qo‘shishgan».

Ikkinchidan, uning shaxsiy qo‘riqchilarini tashkil etuvchi gvardiya grenaderi askari bo‘yi kamida 5 fut 10 dyum (178 santimetr) bo‘lishi haqida buyruq berib Napoleonning o‘zi afsonaga sabab bo‘lgan.

Nima uchun? U marshal va ad'yutantlarni oltin kashta va patlar bilan bezangan holda kiyinishga undab, o‘zi oddiygina kulrang tusli kiyim va uch qirrali shlyapa kiyib olgani ham bunga sabab bo‘lgani ehtimolga yaqin. Kontrast fonda uning qomati diqqatni yaqqol jalb qilgan va ajralib turgan.

2. Napoleon o‘z familiyasidan «u» harfini olib tashlab, uni fransuz tiliga moslashtirgan

Napoleon hech qachon «Buonapart» bo‘lmagan, xuddi Gitler - «Shiklgruber» bo‘lmagani kabi.

Uning korsikalik ajdodlari familiyasi  Bonaparte bo‘lgan. Familiya bo‘lajak imperatorning tug‘ilganlik guvohnomasida va u o‘qigan Briyenn harbiy maktabi kadetlari ro‘yxatida o‘zgarishlarsiz qayd etilgan. 

Napoleonning ota-onasi hujjatlarda Buonaparte holida uchrab turadi.

Ammo familiyaga «u» harfini o‘g‘il emas, mashhur Toskani graflik oilasi familiyasiga aloqador bo‘lish uchun uning otasi qo‘shgan.

3. Napoleon bug‘doyrang edi 

Uning hayoti davrida fotografiyalar mavjud emasdi, aksariyat suratlar va kitoblardagi illyustratsiyalarda esa u qora sochli va qora ko‘zli qilib tasvirlangan. Korsika, O‘rta Yer dengizi, janubga xos tashqi qiyofa.

Aslida esa, Napoleon sochlari to‘q malla tusda, ko‘zlari moviy rangda bo‘lgan. Bu haqda marshal Jyunoning rafiqasi gersoginya d'Abrantes va fransuzlar imperatorini Tilzitda Aleksandr I bilan muzokaralari vaqtida ko‘rgan Denis Davidov o‘z memuarlarida yozib qoldirishgan.

Davidov Napoleonning burni katta ko‘rinmagani, to‘g‘ri va kichik bo‘lganini tasdiqlagan.

Korsikada qo‘ng‘ir va malla sochlilar kam emas. Olimlar bunga orolni izolyatsiya qilish natijasida qadimgi genlar saqlanib qolishini sabab qilib ko‘rsatishadi. 

4. Napoleon Gizadagi katta sfinksning burnini unga zambarakdan o‘q otishga buyruq berib sindirgan

Bu haqida Misr gidlari sayohatchilarga hikoya qilishadi. Ammo ko‘plab suratlar va yozma manbalar shuni isbotlaydiki, sfinks o‘z burnidan ancha avvalroq mahrum bo‘lgan. Uning sababi, katta ehtimol bilan, shamol va havo haroratining keskin o‘zgarishlaridir.

Napoleon bunday buyruq berishi mumkin emasdi, chunki u Qadimiy Misr merosini qadrlagan va uni o‘rganishga zamin yaratgan. Yurishi davomida Fransiya akademiyasi tomonidan tanlab olingan turli mutaxassislikdagi izlanuvchilar guruhini o‘zi bilan olib ketgan.

Yurish vaqtida to‘satdan kolonnaga turk kavaler-mamluklari hujumi boshlanganda Napoleon bor ovozi bilan o‘zining afsonaviy buyrug‘ini bergan: «Eshaklar va olimlar o‘rtaga».

5. Fransuz imperatori fransuz talaffuzida ravon so‘zlamagan

Bu esa haqiqat. Oilada uning ota-onasi italyancha gaplashgan.

Napoleon  ko‘plab sohalarda juda ko‘p bilimlarga ega bo‘lib, hamma narsada qobiliyatli va iqtidorli hisoblangan. Mohir deb ham atash mumkin, biroq til o‘rganishda emas - maktabda lotin tiliga toqat qila olmagan bo‘lsa, yoshlik yillarida nemis tilini o‘rganishga harakat qilgan. Muqaddas Yelena orolida ingliz tilini egallashga kirishgan, ammo ulgurmagan.

U albatta, fransuz tilini yaxshi o‘rgangan, lekin talaffuzdagi muammolardan umrining oxirigacha qutula olmagan - xuddi Yekaterina II va Stalin kabi.

6. Napoleonning  «oltin karvoni»

Afsonaga ko‘ra, Napoleon Rossiyadan chekinish vaqtida Vyazma yaqinidagi Syomlevskiy ko‘liga Moskvada to‘plagan xazinasini cho‘ktirib yuborgan: oltin tangalar va yombilar, cherkov anjomlari, zargarlik buyumlari va hattoki Buyuk Ivanning qo‘ng‘iroq minorasidagi xoch.

Napoleon Bonapart Arkol ko‘prigida, surat muallifi Antuan-Jana Gro

Ko‘l bir necha bor o‘rganilgan bo‘lib, so‘nggi marta 1979 yilda g‘avvoslar yordamida ham hech narsa topilmagan.

Xazina haqidagi ma'lumotning yagona manbasi general Filipp de Segyuraning 1824 yilda e'lon qilingan memuari bo‘lib, undan Valter Skott mualliflik qilgan Napoleonning biografiyasiga ko‘chirib yozilgan.

Shunga qaramay, ishqibozlar xazina borligiga ishonishda davom etmoqdalar: Syomlevskiy ko‘li tubidagi loy qatlami 16 metrga yetgan va suvda kumush ionlari ko‘payishi qayd etilgan.

7. Napoleonni inglizlar zaharlashgan

Napoleon 51 yoshda vafot etgan. Uning sochlarida va Muqaddas Yelena orolidagi xonasi devorlaridagi gul qog‘ozlarda margimush izlari topilgani makkorona qotillik yuz bergani haqidagi fikrlarga sabab bo‘lgan.

Ammo Napoleon davrida margimush tibbiyot va sanoat sohasida hozirgidan ko‘ra ancha keng qo‘llangan. Napoleon va o‘sha davrdagi boshqa odamlarning sochlarini taqqoslaganda ulardagi margimush miqdori deyarli bir xilni tashkil etgan - hozirgi odamniki bilan solishtirganda taxminan yuz barobar yuqori.

Alomatlarni o‘rganib chiqqan tibbiyot xodimlarining fikriga ko‘ra, Napoleon jigar raki sababli o‘lim topgan.

Mavzuga oid