O‘zbekiston | 17:10 / 16.08.2019
62769
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yana shifokorga sababsiz tahdid qilindi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, “Spark” avtomashinasi haydovchisi “Cobalt” avtomashinasini turgan joyida orqasidan kelib, zarb bilan qayta-qayta urib, so‘ngra haydovchi mashinadan tushib “Endi bularga ko‘rsataman” deya kimgadir tahdid qilayotgan holati aks etgan videolavha muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ma'lum bo‘lishicha, ushbu voqea Buxoro viloyati Jondor tuman tibbiyot birlashmasi hududida sodir bo‘lgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur holatni o‘rganib, quyidagilarni ma'lum qildi.

2019 yil 11 avgust kuni soat taxminan 18.00 atrofida V.Q. ismli fuqaro Jondor tuman tibbiyot birlashmasi tug‘ruq bo‘limiga mast holda kelib, “D.Q ismli ayol 3 kundan beri tug‘a olmayapti, senlar qaramayapsanlar”, deb janjal ko‘taradi va shifokorlarni haqorat qiladi. Ish vaqtini yakunlab, uyiga qaytayotgan akusher-ginekolog M.T. nima bo‘layotganini bilish uchun voqea joyiga boradi. V.Q.ning maqsadini tushungach, u aytgan ayoldan xabar olish maqsadida tug‘ruqxona qaytib kirib, bemorlar qayd etilgan daftardan D.Q.ning ismi-familiyasini izlaydi. Biroq ro‘yxatda bunday bemor qayd etilmagan edi. So‘ngra, ko‘chaga chiqib V.Q.ga qarindoshi shifoxonada emasligini aytadi. 

Shu paytda V.Q. shifokorni haqorat qilib, mushti bilan urib, jarohat yetkazadi. Tevarak-atrofdagi odamlar ularni ajratib qo‘ygach, shifokor ish vaqti tugagani uchun uyiga qaytish maqsadida ko‘chada turgan mashinasi tomon otlanadi. Bu paytda V.Q. ham “Spark” rusumli avtomashinasiga o‘tirib, tug‘ruq bo‘limi binosi yonida turgan shifokor M.T.ga tegishli “Cobalt” rusumli mashinasining orqasiga “Spark”i bilan borib, bir necha marotaba urgan.

Ushbu holat bo‘yicha o‘sha paytning o‘zida tuman ichki ishlar bo‘limiga xabar qilingan. Biroq eng achinarlisi shuki, o‘sha kuni fuqaro V.Q.ning qarindoshi shifoxonada emas, uyida bo‘lgan. U ayol oradan ikki kun o‘tib, 13 avgust kuni ertalab, soat 8.15.da tug‘ruq majmuasiga keltirilgan va shifokorlarning ko‘magida shu kuni ko‘zi yorigan. Hozir ona va bolaning salomatligi yaxshi. Yaqin kunlarda ularga uyga ruxsat beriladi.

“Keyingi paytlarda shifoxonalarda tibbiyot xodimlariga bemorlarning qarindoshlari va yaqinlari tomonidan nohaq tahdid qilinishi, hatto, tan jarohati yetkazilishi holatlari tez-tez kuzatilayotgani juda ayanchli holatdir. Bu galgisi yanada oshib tushdi: endi shifokorning mol-mulkiga ham ziyon yetkazildi. Achinarlisi, bu hodisani sodir etgan inson Jondor tuman FHDYo bo‘limi xodimi ekan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi yana bir karra xalqimizga, jamoatchilikka murojaat qilib shuni ma'lum qiladiki, tibbiyot xodimi uchun eng ezgu maqsad – dardiga malham istab kelgan har bir bemorga shifo baxsh etish. U bunday ezgu vazifani kimningdir tahdidi yoki do‘q-po‘pisasidan qo‘rqqani uchun emas, avvalo, o‘zining xizmat burchi, insoniy vazifasi bo‘lgani uchun vijdonan bajaradi.

Shu bois, Sog‘liqni saqlash vazirligi huquq-tartibot idoralaridan bunday holatlarga qarshi keskin kurashish, tibbiyot xodimlarining haq-huquqlari himoyasini kuchaytirishni takroran so‘rab qoladi”, - deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Mavzuga oid