Jamiyat | 12:55 / 27.08.2019
10523
2 daqiqa o‘qiladi

Piyoda umriga zomin bo‘lgan haydovchi qo‘lga olindi

2019 yil 18 avgust kuni soat 15:05larda noma'lum haydovchi aniqlanmagan avtomashinani Qashqadaryo viloyatining Kitob tumani hududidan o‘tuvchi “Toshkent-Termiz” yo‘lida haydab ketayotib, piyoda, Kitob tumanida yashovchi 34 yoshli U.M. ismli ayolni urib yuborib, voqea joyidan qochib ketgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabariga ko‘ra, ayol jarohat olib kasalxonaga yotqizilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay piyoda ayol 20 avgust kuni vafot etgan.

Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ko‘rilgan choralar va fuqarolar bergan ma'lumotlar natijasida, ushbu yo‘l-transport hodisasini Kitob tumani Sohil ko‘chasida yashovchi 33 yoshli R.T. o‘zining “Damas” rusumli avtomashinasida sodir etganligi aniqlanib, ushlangan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda.

“O‘z o‘rnida, ushbu holatga aniqlik kiritish va noma'lum haydovchini topishda kerakli ma'lumotlarni taqdim etgan fuqarolarimizga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz”, - deyiladi IIV ma'lumotida.

Mavzuga oid