Jamiyat | 21:52 / 30.08.2019
5733
2 daqiqa o‘qiladi

7 oyda O‘zbekiston o‘simlik dunyosiga 3 milliard so‘mlik ziyon yetkazildi

O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasida o‘tkazilgan davlat ekologik nazorati natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘yicha jami 2 ming 778ta huquqbuzarlik holatlari aniqlangan va 699,6 million so‘m jarima belgilangan. 2 ming 299ta holat bo‘yicha 521,6 million so‘m jarima undirilgan. Bu haqda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan brifingda ma'lum qilindi.

Kun.uz muxbiri xabar qilishicha, joriy yilning o‘tgan 7 oyi mobaynida Respublika o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar 1 ming 576ta da'vo bo‘yicha 3 milliard so‘mni tashkil etib, shundan 1 ming 236ta ma'muriy ish yuzasidan 1 milliard 396 million so‘m undirib olingan. O‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlarni kesish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan 3 mingdan ziyod ariza kelib tushgan. Bu ko‘rsatkich Toshkent shahri bo‘yicha 1 ming 139tani tashkil etadi.

Anjumanda qayd etilishicha, Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi tomonidan 1 ming 648ta murojaat bo‘yicha 25 ming 603ta daraxtni kesish masalasi ko‘rib chiqilgan. 212ta holatda 192ta daraxt noqonuniy kesilgan va 152ta daraxt shikastlantirilgan. Tumanlar kesimida Mirzo Ulug‘bek tumanida eng ko‘p, ya'ni 23ta holatda daraxtlar noqonuniy kesilgani aniqlangan.

Mavzuga oid