O‘zbekiston | 18:23 / 30.08.2019
96127
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi ilk osmono‘par bino nomi e'lon qilindi

29 avgust kuni, Hyatt Regency mehmonxonasida Murad Buildings va Turkiyaning Özgüven kompaniyalari vakillari va jurnalistlar ishtirokida anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda Tashkent Sity loyihasi doirasida qurilayotgan qo‘p qavatli turar joy nomi e'lon qilindi. Balandligi 266,5 metr bo‘ladigan ushbu bino nafaqat O‘zbekistondagi, balki Markaziy Osiyodagi ilk osmono‘par bino bo‘lishi kutilmoqda. Uning nomi “NEST ONE” ekanligi ma'lum qilindi.

Murad Buildings qurilish kompaniyasi rahbari Murod Nazarov loyiha haqida batafsil axborot berdi.

– “NEST ONE” osmono‘par binosi 51 qavatli bo‘lib, qo‘shimcha 33 xil qulayliklarga ega bo‘ladi. 746 ta “lyuks” klassidagi xonadondan iborat ushbu turar joyda ko‘chmas mulkni sotish shu yilning 14 sentyabrida boshlanadi. O‘z navbatida, xaridorlar o‘sha kuni narx-navo haqida ma'lumot olishlari mumkin bo‘ladi. Ushbu loyihani turkiyalik hamkorlarimiz bilan amalga oshiryapmiz. Dastlab “NEST ONE” inshootini 215 metr bo‘lishi aytilgandi, lekin grunt tahliliga ko‘ra hamda Germaniya va Turkiyada o‘tkazilgan simulyatsiyalardan so‘ng binoni yanayam balandroq qurishimiz mumkinligi haqida ijobiy xulosa berildi. Shundan kelib chiqib, bino balandligi 51,5 metrga oshirildi”.

Nazarovning qo‘shimcha qilishicha, qurilish ishlarini 2021 yilning dekabr oyiga tugatish rejalashtirilgan. Loyihaning umumiy qiymati 150 mln AQSh dollarini tashkil etadi.

Bino qurilishida ishtirok etayotgan Turkiyaning Özgüven direktorlar kengashi raisi O‘zgur O‘nur O‘zguven osmono‘par binoning xavfsizligi haqida ma'lumot berdi.

– “Binoning barcha konstruksiyaviy hisob-kitoblari, jumladan, yer silkinishiga chidamliligi sinovlari tugallangan. Bu tajriba Istanbul universitetida o‘tkazildi va 9 balli zilzilaga bardosh bera olishi ma'lum bo‘ldi. Shuningdek, shamol yo‘nalishi ham alohida hisobga olingan. Bu bo‘yicha sinovlar Germaniyada o‘tkazildi. Yong‘in xavfsizligi talablari ham puxta o‘ylangan. Tizim shunday ishlab chiqilganki, bunda odamlarni evakuatsiya qilish va yong‘inni o‘chirish harakati bir paytda amalga oshiriladi. Evakuatsiya tutun bosishdan himoya qilingan, ventilyatsiya tizimi ham nazoratga olingan”. 

O‘zguvenning so‘zlariga ko‘ra, inshootni alohida markadagi beton bilan ta'minlash uchun maxsus zavod qurilmoqda. Binoning poydevori mustahkamligi uchun Barret tizimi qo‘llanilgan.

 

Mavzuga oid