O‘zbekiston | 08:18 / 31.08.2019
6564
9 daqiqa o‘qiladi

Xorijiy davlatlar rahbarlari Shavkat Mirziyoyevga qutlov yo‘lladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari va jamoat arboblaridan mamlakat mustaqilligining yigirma sakkiz yilligi munosabati bilan qutlovlar kelmoqda. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Hindiston Respublikasi bosh vaziri Narendra Modi shunday yozadi:

“O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan Siz Janobi Oliylariga va butun O‘zbekiston xalqiga qizg‘in tabriklarim va salomlarimni yo‘llashdan bag‘oyat mamnunman.

Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari yil sayin mustahkamlanib bormoqda. Siz Janobi Oliylarining joriy yil yanvar oyida Gujarat shtatiga va undan avval Hindistonga amalga oshirgan tashriflaringiz ikki tomonlama munosabatlar rivojini yangi bosqichga ko‘tardi. Ishonchim komilki, strategik munosabatlarimiz yaqin yillarda yanada rivojlanadi va bundanda keng qamrovga ega bo‘ladi.

Fursatdan foydalanib, Siz Janobi Oliylariga mustahkam sog‘lik, farovonlik, do‘st O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik va bardavom taraqqiyot tilayman.”.

Pokiston Islom Respublikasi prezidenti Orif Alviy:

“O‘zbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni munosabati bilan Sizga qizg‘in tabriklarimni yo‘llash menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Pokiston va O‘zbekistonni umumiy din, mustahkam tarixiy va madaniy mushtaraklikka asoslangan samimiy va ishonchli munosabatlar bog‘lab turadi. Pokiston o‘zaro manfaatli sohalarda aloqalarimizni bundan buyon ham kengaytirishdan manfaatdor. Aminmanki, hamkorligimiz kelgusida ham xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida mustahkamlanib boraveradi.

Fursatdan foydalanib, Siz Janobi Oliylariga sihat- salomatlik va baxt-saodat, birodar O‘zbekiston xalqiga esa bardavom ravnaq va farovonlik tilayman.”.

Pokiston Islom Respublikasi bosh vaziri Imron Xon:

“O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan Pokiston Hukumati, xalqi va shaxsan o‘z nomimdan Sizga, Janobi Oliylari, O‘zbekiston Hukumati va xalqini chin yurakdan muborakbod etish menga katta mamnuniyat baxsh etadi.

Mushtarak madaniy va tarixiy ildizga ega ikki tomonlama munosabatlarimiz o‘tgan yillar davomida mustahkam birodarlik aloqalariga aylandi. Pokiston ushbu do‘stona hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirishdan manfaatdor. Biz, shuningdek, ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamfikrlikni yuqori qadrlaymiz.

Hamkorligimizni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Siz Janobi Oliylarini o‘zingiz uchun qulay vaqtda Pokistonda qutlashdan umidvorman.

Fursatdan foydalanib, Siz Janobi Oliylariga mustahkam sog‘lik va omonlik, do‘st O‘zbekiston xalqiga esa bardavom ravnaq va farovonlik tilayman.”.

Eron Islom Respublikasi prezidenti Hasan Ruhoniy:

“Siz Janobi Oliylarini, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va xalqini mamlakatingiz Mustaqilligi kuni munosabati bilan samimiy muborakbod etaman.

Ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona aloqalar kun sayin rivojlanib, chuqurlashib bormoqda. Ishonchim komilki, bu jarayon har ikki tomon manfaatlarini ta'minlash xamda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash yo‘lida davom ettiriladi.

Fursatdan foydalanib, Xudovandi karimdan Siz Janobi Oliylariga osuda hayot, do‘st va birodar O‘zbekiston Respublikasi xalqi va Hukumatiga esa baxt-saodat xamda yuksalish tilab qolaman.”.

Ozarbayjon Respublikasi prezidenti Ilhom Aliyev:

“Sizni va timsolingizda butun O‘zbekiston xalqini o‘z nomimdan va Ozarbayjon xalqi nomidan milliy bayram – Mustaqillik kuni bilan chin yurakdan muborakbod etaman.

Birodar O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy hayotida ro‘y berayotgan muhim o‘zgarishlar, mamlakatning xalqaro nufuzi kun sayin ortib borayotgani bizni xursand qiladi.

Ozarbayjon-O‘zbekiston davlatlararo munosabatlari va strategik sherikligi yanada mustahkamlanib, o‘zaro ishonch va qo‘llab-quvvatlashga asoslangan hamkorligimiz ikki va ko‘p tomonlama tarzda rivojlanishi xalqlarimiz farovonligiga bundan buyon ham xizmat qiladi.

Muhtaram Shavkat Miromonovich, ushbu tarixiy kunda Sizga mustahkam sog‘lik, ishlaringizga muvaffaqiyat, birodar O‘zbekiston xalqiga esa bardavom tinchlik va farovonlik tilayman.”.

Belarus Respublikasi prezidenti Aleksandr Lukashenko:

“Belarus xalqi va shaxsan o‘z nomimdan Sizni milliy bayram – Mustaqillik kuni bilan muborakbod etaman.

Do‘st O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotdagi salmoqli muvaffaqiyatlari, mamlakatning jahondagi o‘rni muttasil yuksalib borayotganidan Belarus xalqi nihoyatda mamnun.

Belarus va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va qo‘llab-quvvatlash an'analariga asoslangan munosabatlarining bugungi darajasini yuksak baholab, davlatlarimizning strategik sherikligi yanada mustahkamlanishiga ishonch bildiraman.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 31 iyul – 1 avgust kunlari Belarus Respublikasiga amalga oshirgan tarixiy tashrifi mamlakatlarimiz hududlari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, turli sohalarda qo‘shma loyihalarni samarali ado etish uchun kuchli turtki bo‘lganiga ishonchim komil.

Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, chin yurakdan sihat-salomatlik, tuganmas g‘ayrat-shijoat, o‘z oldingizga qo‘ygan barcha maqsadlar ro‘yobini, birodar o‘zbek xalqiga esa farovonlik va ravnaq tilayman.”.

Germaniya Federativ Respublikasi prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer:

“O‘zbekiston Respublikasi Mustaqillik bayrami munosabati bilan samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz.

O‘zbekistonga menda chuqur taassurot qoldirgan tashrifimni, Siz bilan ishonch ruhida batafsil fikr almashganimizni katta mamnuniyat bilan eslayman.

Ushbu tashrif, Sizning shu yil boshida Germaniyaga amalga oshirgan tashrifingiz kabi, o‘zaro munosabatlarimizni muvaffaqiyatli rivojlantirish uchun yaxshi zamin yaratishga hissa qo‘shdi.

Germaniya Sizni qat'iy islohotlar siyosatingizni davom ettirishingizda bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlaydi.

Sizga baxt-saodat, O‘zbekiston xalqiga esa erkinlik, xavfsizlik va bardavom farovonlik sharoitida tinch-osoyishta kelajak tilayman.”.

Fransiya Respublikasi prezidenti Emmanuel Makron:

“O‘zbekiston Respublikasining milliy bayrami munosabati bilan o‘z nomimdan va Fransiya xalqi nomidan Sizni samimiy muborakbod etishdan hamda O‘zbekiston xalqiga baxt-saodat va ravnaq tilashdan baxtiyorman.

Mamlakatlarimiz bir-biriga yaqinlashib borayotganini olqishlayman. Bu Sizning 2018 yil oktabr oyida diyorimizga rasmiy tashrifingiz hamda joriy yil aprel oyida Fransiyaning Yevropa va tashqi ishlar vaziri huzuridagi Davlat kotibi Jan-Batist Lemuanning Toshkent va Samarqandga tashrifida o‘z aksini topdi.

Ushbu tashriflar ikki davlat siyosiy sohadagi muloqotni jadallashtirishdan manfaatdor ekanini tasdiqlamoqda. Joriy yil Parij shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan ikki tomonlama siyosiy maslahatlashuvlar bu borada navbatdagi qadam bo‘ladi.

Iqtisodiyot, turizm infratuzilmasi, aviatsiya va barqaror taraqqiyot hamkorligimizning ustuvor yo‘nalishlaridir. Umid qilamanki, Fransiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo aloqalari Sizning mamlakatimizga rasmiy tashrifingiz davomida erishilgan kelishuvlarga muvofiq yanada mustahkamlanadi.

Sizning mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash va Afg‘onistondagi vaziyatni hal etish borasidagi sa'y-harakatlaringizni olqishlayman. Fransiya Sizning mazkur yo‘nalishdagi intilishingizni qo‘llab-quvvatlaydi.”.

Italiya Respublikasi prezidenti Serjo Mattarella:

“O‘zbekiston davlat mustaqilligi e'lon qilingani bayrami munosabati bilan Sizga eng iliq tabriklar, do‘st O‘zbekiston xalqiga samimiy tilaklar bildirishga ijozat bergaysiz.

Italiyaga bo‘lajak tashrifingiz xalqlarimiz do‘stligini mustahkamlash hamda Toshkent va Rim o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish uchun yangi sharoitlar yaratadi.

Shunday umidlar va Kvirinal saroyida Siz bilan uchrashish niyati ila Sizga mustahkam sog‘lik va baxt-saodat, mamlakatingizga esa ravnaq tilayman.”.

Qayd etilishicha, qutlovlar kelishi davom etmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid