Jahon | 20:04 / 11.09.2019
4818
2 daqiqa o‘qiladi

Filippin BMTning inson huquqlari ekspertlarini mamlakatga kiritmoqchi emas

Filippin tashqi ishlar vaziri Teodoro Loksin hukumat BMTning Filippinda inson huquqlariga amal qilinishi bo‘yicha doklad tayyorlash ustida ishlayotgan ekspertlarini mamlakatga kiritmoqchi emasligini ma'lum qildi. Bu haqda ABS-CBN telekanali ma'lum qildi.

Iyulda BMTning inson huquqlari bo‘yicha kengashi Filippinda inson huquqlarining himoyalanishi bilan bog‘liq vaziyat, jumladan giyohvanfurushlikka qarshi kurash doirasida sudlamasdan qatl etishlar haqida doklad tuzilishini ko‘zda tutuvchi rezolyutsiyani qabul qilgandi. Manila bu rezolyutsiyani rad etgan. 

“Men ular bu yerga kelib, chinligini tasdiqlay olmaydigan barcha narsa haqida gapirishlarini istamayman. Men ularga bunday imkoniyatni bermayman”, deb aytgan Loksin.

Rappler portalining ta'kidlashicha, vazir BMT ekspertlarini “noxolislikda” ayblagan va ularni “razillar” deb atagan. Shu bilan birga Loksin Filippin BMTning inson huquqlari bo‘yicha kengashi bilan aloqalarni uzish niyatidamasligini ta'kidlab o‘tgan. 

2016 yil mayida saylangan Filippin prezidenti Rodrigo Duterte giyohvandlar va giyohvandfurushlarga qarshi katta ko‘lamli kurash olib bormoqda. Jahon hamjamiyati mamlakatda giyohvandfurushlikka qarshi kurashishning keskin usullarini qoralab keladi. BMT ekspertlari mamlakat rahbariyatini tartibsiz qotilliklarga qarshi turishga va to‘laqonli sud taftishi o‘tkazilmagan gumonlanuvchilarni qatl etishdan voz kechishga chaqirib kelishadi.

Mavzuga oid