Jahon | 20:25 / 19.09.2019
14386
2 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko hokimiyatni o‘g‘illariga topshirmasligini aytdi 

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning o‘g‘illari uning o‘rnini egallashga tayyorlanmayaptilar. Bu haqda jurnalistlarga 2020 yilga belgilangan prezident saylovlariga izoh berish vaqtida Lukashenkoning o‘zi ma'lum qildi.  

“Mening birorta farzandim hokimiyatning topshirilishiga tayyorlanmayapti”, deb aytgan Belarus yetakchisi.  

Mamlakatni 25 yildan beri boshqarib kelayotgan Lukashenko go‘yoki hokimiyatni topshirishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida internetda tarqalgan gaplarga ishonmaslikka va bunga farzandlarini “aralashtirmaslikka” chaqirgan.

Lukashenkoning ta'kidlashicha, u “uning buyruqlarini bajaradigan, ishlashni xohlaydigan va uni eshitadigan” amaldorlarga katta umid bog‘laydi. Belarus yetakchisi bosh vazir, bosh vazir o‘rinbosarlari va vazirlarga “agar uni eshitishmasa, yaxshisi papkalarini yig‘ishtirib, saylovlar o‘tadigan yilni kutib o‘tirmay darhol ketishlari ma'qulroq bo‘lishini” aytgan.  

Lukashenkoning 3 nafar o‘g‘il farzandi bor: Viktor (1975 yilda tug‘ilgan), Dmitriy (1980 y.) va Nikolay (2004 y.). Ayni vaqtda Lukashenkoning to‘ng‘ich o‘g‘li Viktor Belarus prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi, xavfsizlik kengashi a'zosi hisoblanadi. Belarus yetakchisining o‘rtancha o‘g‘li Dmitriy esa “Prezident sport klubi” jamoat birlashmasi markaziy kengashi rahbari lavozimini egallaydi. Lukashenkoning “kenjatoyi”, unga muntazam hamrohlik qiluvchi 15 yoshli Nikolay hali maktabda o‘qiydi. 

Mavzuga oid