«Qonunchiligimiz «bardak» ahvolga kelib qolgan» ─ Tanzila Norboyeva
18 sentabr kuni xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining 58-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent shahrida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish masalasi ko‘rildi. Sessiyada Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva ham ishtirok etdi.
Sessiyada nutq so‘zlagan Senat Raisi deputatlar oldiga ikki vazifani qat'iy belgilab qo‘ydi.
“Bizning qonunchiligimiz “bardak” ahvolga kelib qolgan. Jamiyat uchun kerakli qonunlar qabul qilinadi. Lekin keyin biron-bir vazirlik yoki idora qonunosti hujjatini shunaqa “chiroyli” ishlab chiqadiki, natijada o‘sha qonun ishlamaydi. Ijro masalasida o‘zlarining ichki qaror va buyruqlarini ro‘kach qilib olishadi. Bir-birini inkor qiladigan qonunlar ham juda ko‘p. Kerak bo‘lsa, bunday qonunlarning hammasini bekor qilib, bitta yaxlit kodeks holiga keltirish kerak. Qonunlarni ishlab chiqishda havolaki normalarga mutlaqo o‘rin qoldirmasligimiz lozim. Bular oldimizda turgan birlamchi vazifa. Ikkinchi vazifa, qonunlar qabul qilinaveradi, lekin ular ishlamasa, oddiy qog‘ozdan zarracha farqi yo‘q.
Mahalliy kengashlar qonunlarning joylardagi ijrosini nazorat qilishi lozim. Qonunlarning hududlardagi tatbig‘i bo‘yicha mahalliy kengashlar o‘z dasturini ishlab chiqishi kerak. Masalan, yaqinda gender tengligi to‘g‘risida juda yaxshi bir qonunni qabul qildik. Shu bo‘yicha qanday ishlar qildingizlar? Ishonchim komil, haligacha bu qonun bo‘yicha bironta dastur ishlab chiqqaningiz yo‘q”, ─ deya deputatlarga murojaat qildi Tanzila Norboyeva.
Shuningdek, Senat Raisi mahalliy kengash deputatlarini ijro idoralari faoliyati ustidan nazoratga chaqirdi.
“Davlat rahbari kelsa, vazirlar planshetlarni qatorlatib qo‘yib, zo‘r va'dalar beradi, zo‘r intervyular beradi. Lekin davlat rahbari ketgach, ulardan darak ham yo‘q. Aytilgan va'dalar va'daligicha qolib ketadi, esdan chiqadi. Yoki yana Prezident keladigan bo‘lib qolsa, yugurib kelib, sizlarning o‘zlaringizga hamma ishni qildiradi. Vazirlarni olib keltirib, hisobot so‘ranglar, ijroni talab qilingalar. Aytilgan ishni qilsin, uddasidan chiqa olmasa, nega qilolmasligini tushuntirib, yozib bersin. Talab etilsa, ularga ishonchsizlik votumini bildirishimiz ham mumkin. Votum bildirish vakolatini balki mahalliy kengashlarga ham berarmiz, shunda ularning kuchi bilinadi”, ─ deya ta'kidladi Norboyeva.
Shuningdek, Tanzila Norboyeva xalq deputatlari mahalliy kengashlarining vakolatlarini kengaytirish, deputat so‘rovi bilan birga kengash so‘rovi amaliyotini joriy qilish masalasi ko‘rib chiqilayotganini ma'lum qildi.
Mavzuga oid
17:03 / 25.11.2024
O‘zbekistonda «Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun faollik» tadbirlariga start berildi
16:12 / 22.11.2024
Tanzila Norboyeva Rossiyada MDH davlatlari Parlamentlararo Assambleyasida ishtirok etdi
13:56 / 19.11.2024
Tanzila Norboyeva Senat raisi lavozimiga qayta saylandi
13:10 / 17.11.2024