O‘zbekiston | 17:44
558
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Iordaniya parlamentlari yuqori palatalari o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama etildi

4 fevral kuni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Iordaniya parlamenti Majlis al-A’yan (Senati) raisi Faysal Akif al-Fayyez boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Foto: Oliy Majlis Senati

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasida o‘zaro o‘zaro manfaatli munosabatlarni, xususan, parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, ikki mamlakat xalqlarini mushtarak tarix, madaniy aloqalar va umumiy qadriyatlar bog‘lab turadi. Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik tobora kengayib bormoqda.

2025 yilda Iordaniya podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning O‘zbekistonga ilk davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi bosqichni boshlab bergani alohida ta’kidlandi. Ushbu tashrif doirasida imzolangan hujjatlar va qabul qilingan “yo‘l xaritasi” izchil tadbiq etilayotgani qayd etildi.

Shu bilan birga, Faysal Akif al-Fayyez O‘zbekiston yuzlab falastinliklarga boshpana bergani, ularga ko‘rsatayotgan ijtimoiy himoya va insonparvarlik yordamini yuksak baholab, Yaqin Sharq mamlakatlari nomidan samimiy tashakkur bildirdi.

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni jadallashtirish, hukumatlararo qo‘shma komissiya faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ishbilarmonlar kengashini tashkil etish yuzasidan fikr almashildi. Ikki davlatning mavjud imkoniyatlaridan foydalangan holda iqtisodiy loyihalarni kengaytirish hamda qulay investitsiya muhitini yaratish muhimligi alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, madaniy-gumanitar, ta’lim, turizm va diniy-ma’rifiy yo‘nalishlarda, shuningdek farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi hamda konchilik sohalarida hamkorlikni yanada faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, qonun ijodkorligi faoliyati va parlament nazorati yuzasidan o‘zaro tajriba almashish masalalariga urg‘u berildi.

Yanvar oyida Oliy Majlis Senatida Iordaniya parlamenti yuqori palatasi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruh tashkil etilgani qayd etilib, uning faoliyati doirasida parlament qo‘mitlari o‘rtasida ham muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.

Muzokaralar yakuni bo‘yicha Oliy Majlis Senati va Majlis al-A’yan o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat ikki mamlakat parlamentlari yuqori palatalari o‘rtasida tizimli hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida Faysal Akif al-Fayyez Oliy Majlis Senatining Faxriy mehmonlar kitobida dastxat yozib qoldirdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid