O‘zbekiston | 08:34 / 19.09.2019
17157
5 daqiqa o‘qiladi

Qonunchilik palatasi mamlakatdagi ishsizlik darajasini ma'lum qildi

Foto: Taylor Weidman/Bloomberg

2019 yil 18 sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining joriy yil o‘tgan davrida amalga oshirgan ishlari haqidagi hisoboti hamda vazirlik huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining fuqarolarimizni xorijda uyushgan holda ishga joylashtirish tizimini yanada takomillashtirish borasida olib borayotgan ishlari holati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, joriy yilning 8 oyi davomida respublika bo‘yicha 173,6 ming ish o‘rni yaratilishi belgilangan bo‘lib, amalda 213 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilgan, bu prognozga nisbatan – 122,8 foizni tashkil etadi.

Ayni paytda mamlakatda ishsizlik darajasi 9,1 foizni tashkil etgan holda, bu ko‘rsatkich Qoraqalpog‘iston Respublikasi (9,3 foiz), Andijon (9,3 foiz), Qashqadaryo (9,4 foiz), Jizzax (9,3 foiz), Samarqand (9,3 foiz), Farg‘ona (9,4 foiz) viloyatlarida respublika ko‘rsatkichidan yuqori bo‘lib, ushbu hududlarda aholi bandligini ta'minlash, ish o‘rinlari yaratish borasidagi ishlar deputatlar tomonidan qizg‘in muhokama etildi.

Parlament a'zolari aholi bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha ko‘rsatilayotgan xizmatlarga ham e'tibor qaratdilar. Joriy yilda mehnat organlari tomonidan 526 mingdan ortiq shaxsga xizmat ko‘rsatilgan, bu 2018 yilning mos davriga nisbatan 1,4 barobarga ortgan, lekin deputatlar bandlik organlariga murojaat qiluvchilarning necha foizining xohish va istaklari qondirilgani, qancha aholi murojaatlari ijro etilmagani bilan qiziqdilar.

Shuningdek, joriy yilda ilk bor mehnat bozoriga ham subsidiya va grant berish tartibi joriy etilgan. Hozirgi kunda jami 6,3 mlrd. so‘m miqdorida ish beruvchilarga, ishsiz fuqarolarga, aholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlamiga va tomorqa yer egalariga subsidiyalar berilgan. Natijada 6 ming 346 nafar ishsiz aholi bandligi ta'minlangan hamda 250 mln. so‘m ajratilgan grant mablag‘lari evaziga 246 nafar ishsiz fuqaro kasbga o‘qitilgan.

Yig‘ilishda deputatlar vazirlik tomonidan o‘z-o‘zini band qilgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomasini berish va mehnat staji yuritilishini ta'minlash, Davlat soliq organlari bilan hamkorlikda yashirin ish o‘rinlarini legallashtirib, rasmiy sektorga o‘tkazish borasida olib borilayotgan ishlar hamda kelgusidagi vazifalarga alohida e'tibor qaratdilar.

Shuningdek, yig‘ilishda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi direktorining fuqarolarimizni xorijda uyushgan holda ishga joylashtirish tizimini yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqidagi axboroti ham eshitildi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, 2,6 mln. nafar kishi xorijiy mamlakatlarga ishlash uchun chiqib ketgan. Deputatlar tomonidan mazkur yo‘nalishda yuqori ko‘rsatkich qayd etilgan hududlarda, xususan, Andijon, Samarqand, Namangan kabi ayrim viloyatlarda olib borilayotgan ijobiy ishlar bilan birga, mavjud imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanilmayotganligi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Vazirlik tomonidan “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilinganidan so‘ng Yaponiya, Koreya va Birlashgan Arab Amirliklari bilan tashqi migratsiya sohasida bitimlar tuzilgan. 85 ta xususiy bandlik agentligi tomonidan 34,3 ming fuqaroga migratsiyasi sohasida xizmatlar ko‘rsatilgan, 2,8 ming fuqaro Rossiya, Koreya, Turkiya, Bolgariya, Polsha, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa davlatlarga ishga yuborilgan.

Shu bilan birga, o‘tgan vaqt davomida Mehnat vazirligi va agentlikka xususiy bandlik agentliklari faoliyati ustidan fuqarolarning salbiy murojaatlari ham kelib tushgan. Jumladan, xususiy bandlik agentliklari tomonidan fuqarolarga ishga joylashtirish xizmati ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, fuqaro tomonidan to‘langan mablag‘larni qaytarib bermasligi yoki ushbu mablag‘larni qaytarishda muayyan bir qismini ushlab qolish holatlari kuzatilgan. Natijada maxsus ruxsatnoma asosida 8 ta xususiy bandlik agentligida tekshirish o‘tkazilib, ular faoliyati atroflicha o‘rganilgan va murojaatlar qanoatlantirilgan.

Yig‘ilishda deputatlar sohada yuzaga kelayotgan tizimli muammo va kamchiliklarni tahlil qilib, ularni tezkorlik bilan bartaraf etish hamda belgilangan vazifalarning bajarilishini ta'minlash yuzasidan hukumat vakillariga takliflar kiritdilar. Yagona milliy mehnat tizimi axborot dasturini ishga tushirish, mehnat migrantlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, qaytgan mehnat migrantlarni ishga joylashtirish, bepul kasbga o‘qitish, oilalarni ijtimoiy muhofazalash masalalariga oid takliflar shular jumlasidan.

Deputatlar vazirlik, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan olib borilayotgan ishlarni tanqidiy ko‘rib chiqib, bu borada qamrov va samaradorlikni oshirish borasida tegishli tavsiyalar berdilar.

Mavzuga oid